“Lokomotiv”ning yarim himoyachisi Timur KAPADZE nafaqat futbol maydonchasi, balki oshxonada ham faol ekan. “Koreyada yashaganimda go`shtning turli qismi turlicha ta`mga egaligini bilganman. Arabistonda desert uchun beriladigan “Umm ali” nomli shirinligini ham xush ko`raman. Bugun aynan go`shtli taom tayyorlashni maqsad qildim”, deydi futbolchi. "Darakchi" gazetasining "O`zbekgim oshxonasiga" loyihasi uchun ajoyib taom resepti bilan bo`lishish maqsadida Timur “Palet” restorani oshpazi Dmitriy Vinogradovga murojaat qildi. Natija ko`ngildagidek...
Zarur masalliqlar:
● 400 gr. mol go`shtining bo`yin qismi,
● 1 dona sariq sabzi,
● 1 dona qizil sabzi,
● 1 ta kabachki,
● ta`bga ko`ra tuz, murch, lavr yaprog`i,
● kungaboqar yog`i.
Bezak uchun:
● 1 dona rediska,
● 1 ta piyoz,
● Ko`katlar.
Tayyorlanishi:
1-jarayon:
O`rtacha olovda o`simlik yog`ida qizartirilgan go`sht 1ta piyoz bilan yana biroz qovuriladi.

Ta`bga ko`ra tuz, murch solishni unutmang. Go`sht olovda ko`p ushlansa, suvi chiqib ketishi ham yodingizda tursin. So`ng go`shtni ko`madigan qilib suv, lavr yaprog`i solib, past olovda 2 soat qaynatiladi.
2-jarayon:
Sabzi, kabachkini to`rtburchak shaklda kesib, tuzli suvda 3 daqiqa qaynatib olinadi.

Sabzavotlar suvda ko`p qaynatilsa, ezilib ketadi.
3-jarayon:
Go`sht pishgach, likopchaga solamiz. hosil bo`lgan suvini alohida idishda sous tarzida tortiladi.

Ovqatning yoniga sabzavotlar did bilan terib chiqiladi.

Bezakning tayyorlanishi:
Piyoz va rediska xalqa shaklida kesib, ovqatga bezak sifatida ishlatiladi.

Turli ko`katlar ham taomning ko`rkiga ko`rk qo`shadi.
Sadoqat ALLABERGANOVA tayyorladi. Fotomuxbir: Islom RO`ZIEV






