"Darakchi" gazetasining "Xotira" loyihasi qahramoni haqida gap borganda faylasuf Lao Szning “Haqiqiy obro`-e`tibor hech qachon o`zi haqida “gapirmaydi”, u xususida atrofdagilar gapiradi”, degan fikri yodimga tushadi. Haqiqatda o`ta kamtarin bo`lgan O`zbekiston Qahramoni Zikir MUHAMMADJONOV sira o`zi haqida to`lib-toshib so`zlamagan. Ustoz san`atkorni atrofdagilar e`tirof etgan va hanuz o`lmas rollari orqali tomoshabinlar qalbida yashab kelmoqda. Aktyor hayot bo`lganida 14 avgustda 95 yoshga to`lgan bo`lardi...

Teatr va kino ustunlaridan biri bo`lgan aktyor Zikir Muhammadjonov 1921 yilning 14 avgustida Buxoroda tug`ilgan. Ajdodida huquqshunoslar bo`lgani boismi, 1938 yili hozirgi O`zbekiston Milliy universitetining huquqshunoslik fakultetida o`qiy boshlaydi. Shu kezlari rejissyor, dramaturg Mannon Uyg`ur Zikir Muhammadjonovni ko`chada ko`rib, hozirgi O`zbek Milliy akademik drama teatriga ishga taklif qilgan. Baxtli tasodif tufayli bo`lajak aktyor ommaviy sahnalarda ishtirok eta boshlaydi. Aktyor kunduzi o`qib, kechki payt teatrda ishlagan.
1941 yildan 1943 yilgacha esa harbiy aviasiya zavodida oddiy ishchi sifatida bir kecha-kunduzda 18 soatdan ishlab, frontga samolyotlar ishlab chiqarishda ko`mak bergan. Og`ir sharoit uni kuniga 250 gramm qora non bilan kifoyalanib, jon saqlashga majbur qilgan. San`at “ummon”ida suza boshlagan Zikir Muhammadjonovga ustozi Mannon Uyg`ur aktyorlik yo`nalishida tahsil olishi kerakligini maslahat beradi. Va 1945 yilda avvalgi A.N. Ostrovskiy nomidagi Toshkent teatr va rassomlik san`ati institutiga hujjat topshirib, o`qishga qabul qilinadi. Zikir Muhammadjonov 1949 yili institutning aktyorlik fakultetini imtiyozli tamomlagan.

Aktyorning teatr sahnasidagi ilk roli — Maqsud Shayxzodaning “Jaloliddin” spektaklidagi Temur Malik bo`lgan. Bu rol ijodkorga juda ko`p spektakllardagi bosh rollar uchun poydevor vazifasini o`tagan. Shillerning “Makr va muhabbat”idagi Ferdinand, Shekspirning “Romeo va Juletta”sidagi Benvolio, “Hamlet”dagi Gorasio hamda “Furqat”dagi Furqat, “Mirzo Ulug`bek”dagi Abdullatif, “Abu Rayhon Beruniy”dagi Beruniy — bu ro`yxatni juda uzoq davom ettirish mumkin. Tarixiy shaxslar siymolarini yaratish aktyor ijodida alohida o`rin tutgan.

O`z ijod yo`li, “dastxat”i, o`zbek san`atida o`z o`rniga ega bo`lgan aktyor kino san`atida ham o`zidan salmoqli rollar qoldirgan. Taniqli yozuvchilarning asarlari asosida suratga olingan o`nlab videofilmlarda ham bosh rollarni ijro etgan: “Navoiy”dagi Husayn Boyqaro, “Ulug`bek xazinasi”dagi Mirzo Ulug`bek, “Imon”dagi professor Komilov, “Bobur”dagi Xondamir kabi ko`plab rollari aktyorlik san`atining bebaho namunalari bo`lib qoldi.
Aktyor ijod “kitob”ini varaqlar ekan, “Teatr va kinoda Navoiy, Ulug`bek, Beruniy, Furqat kabi siymolar rolini ijro etish baxtiga muyassar bo`lganimdan faxrlanaman. Ayniqsa, Navoiy obrazi meni ko`proq maftun qilgan. Mazkur rol ustida qalb qo`rim, yurak taftimni berib ishlaganman”, degandi.

Zikir Muhammadjonov sahnada Shukur Burhonovdan keyin taniqli davlat arboblari obrazini gavdalantirishga kirishgan aktyorlardan biri. Shu o`rinda bir ma`lumotni eslamay iloj yo`q. Rossiya kinoijodkorlari Samarqand va Buxoroda “Amir Temur” filmini suratga olayotgan vaqtida aktyor sarkarda rolida edi. Kaskadyorsiz ot ustidagi murakkab sahnalarni bajarayotgan Zikir Muhammadjonov otning toyib yiqilishi natijasida boshidan lat eydi. Biroq kasbiga bo`lgan sadoqat, fidoiylik tasvirga olish ishlarini davom ettirishga undaydi, shunday bo`ladi ham. Aktyorning ushbu jasoratidan ta`sirlangan moskvalik kinorejissyor Ilya Mixalkov “Zikir Muhammadjonov jasoratli, intizomli, mehnatsevar aktyor. Har qanday qiyin vaziyatlarda ham roli ustida tinimsiz izlanadi, mehnatdan qochmaydi”, degandi.

Aktyor haqiqatda intizomli ijodkorlardan biri bo`lgan. Har kuni uyidan teatrgacha bo`lgan 10-12 kilometrlik yo`lni piyoda bosib kelishiga qaramay, spektakldan ikki soat avval grimxonasida roli ustida ishlayotgan bo`lardi.
“San`at qurbonlik talab qiladi”, deb bejiz aytishmaydi. Zikir Muhammadjonov ham san`atdagi fidoiyligi badalini to`lagan aktyorlardan biri. Furqat rolini ijro etishi kerak bo`lgan kuni besh o`g`ilning orasida o`sgan yagona qizi Feruza gaz portlashi sabab vafot etadi. Qanchalar og`ir bo`lmasin aktyor 800 ta tomoshabin hurmati, o`sha kuni sahnada rolini ijro etgan.
U afsonaviy aktyor Raj Kapur, rossiyalik kinorejissyor Nikita Mixalkov, yozuvchi Chingiz Aytmatov, ozarboyjonlik adib Mirza Ibrohimov, rus aktyori Mixail Ulyanov kabi o`z davrining etuk ijodkorlari bilan do`stlashgan edi. Zikir Muhammadjonovni kinoixlosmandlari rejissyorlar Latif Fayziev, Umesh Mexra hamkorligida 1979 yili suratga olingan “Ali bobo va 40 qaroqchi”dagi Ali Boboning otasi Yusuf, “Sevgi afsonasi”dagi Izzatning otasi Ismoilbek rollarini ham alohida e`zozlashadi.

Zikir Muhammadjonov radiospektakl va postanovkalarda ham asosiy rollarni ijro etgan. Aktyor dublyaj sohasida ham samarali mehnat qilib, “O`zbekfilm” kinostudiyasida dublyaj qilingan talaygina filmlardagi qahramonlarga ovoz bergan.
Zikir Muhammadjonov shuncha ishdan ortib, qalam ham tebratishga vaqt topgan. Teatr va kino san`atining muhim nazariy va amaliy muammolarini matbuotda dadil ko`tarib chiqa olgan. “Teatr va rejissyor”, “Teatr va aktyor”, “Teatr va zamonaviylik” mavzusida maqolalar, M.Uyg`ur, L.Carimsoqova, R.Hamroev, A.Hidoyatov, O.Jalilov, H.Latipov, G`.A`zamov, O.Xo`jaev, A.Bakirov, N.Rahimov, A.Ismatov, M.Qorieva va boshqa taniqli san`atkorlar haqida ijodiy portretlar yozgan. “Ta`zim”, “O`zim ko`rgan bilganlarim” kitoblari nashrdan chiqqan.

Ustoz san`atkor Katta Farg`ona kanali, Farhod GESi qurilishlarida madaniy xizmat qilgan. Zikir Muhammadjonov dunyo ko`rgan aktyorlardan, AQSh, Ispaniya, Angliya, Turkiya, Kipr, Vengriya, Polsha, Chexiya, Hindiston, Saudiya Arabistoni, Malayziya, Boltiqbo`yi davlatlarida bo`lgan.
1967-82-yillar davomida O`zbekiston teatr ijodkorlari uyushmasini boshqargan. Teatr va kino aktyori Zikir Muhammadjonov O`zbekiston xalq artisti, O`zbekiston Qahramoni unvonlari, “Buyuk xizmatlari uchun” va “Do`stlik” ordenlari bilan mukofotlangan.
“YoShU QARI BILAN BIRDEK MUOMALADA BO`LARDI”
Tolib Karimov, O`zbekiston xalq artisti: — Zikir aka juda ajoyib, kamsuqum, yoshu qari bilan birdek muomalada bo`ladigan inson edi.

U kishining fazilatlari haqida qancha gapirsa shuncha oz. Ko`pgina spektakllarda birga ishlash nasib qilgan, dublyor ham bo`lganmiz. Zikir Muhammadjonov sira birorta aktyorni oldiga o`tkazib olib, tanbeh bergan emas. Chunki mehnatsevarligi, ishga bo`lgan munosabati, xulqi bilan barchaga namuna edi. Umrining oxirigacha sahnani tark etmadi, teatrga borini berib xizmat qildi. Ota sifatida ham Zikir akaga havas qilsa arziydi. Farzandlarining bari Vatanga nafi tegadigan komil inson bo`lib voyaga etishgan.
“ORAMIZDA YO`QLIGI TEATR UChUN KATTA YO`QOTISh”
Yayra Abdullaeva, O`zbekiston xalq artisti: — Zikir Muhammadjonovni talabalik yillarimdan buyon taniyman. Hozirgi O`zbekiston Davlat san`at va madaniyat institutining 3-bosqichida o`qib yurgan kezlarimiz Zikir aka kursimizga kelib, o`qiy boshlagan. Bunga qadar esa teatrda ish boshlagan edi. U kishi o`qishga mukkasidan ketgandi. Har bir fanni mukammal bilishga bo`lgan istagi u kishini so`nggi kunlarigacha tark etmagan. Zikir aka hamma rolini avval tarixi, biografiyasini o`rganar, ishiga yuzaki yondashmas edi. Juda o`qimishli, sabr-toqatli, roliga jiddiy yondashishi teatrdagi aktyorlarga katta “maktab” bo`lgan. Zikir aka bilan ilk partnyorlik ishim institutdagi diplom spektaklidan boshlangan va teatr sahnasida 60 yil birga ishlaganmiz. Zikir aka bilan partnyor bo`lish juda oson va maroqli edi. Bilmaganimizni o`rgatishdan erinmas va o`zi ham yoshlardan nimadir o`rganishdan uyalmasdi. Inson sifatida juda mo`min, sira ovozini ko`tarib gapirmas, tortishmas, kek saqlamasdi. Teatr bu — katta oila. Qancha aktyor bo`lsa, shuncha fe`l-atvor bor edi, shunga qaramay hammaning ko`nglini birdek topa olardi.

Oldiga maqsad qo`ydimi, marraga etmaguncha izlanishdan tinchimasdi. Zikir Muhammadjonovga bejiz O`zbekiston Qahramoni unvoni berilmagan. Bu kunga etish ortida qancha mehnat, zakovat bor. Zikir aka Shukur Burhonov, Olim Xo`jaev, Abror Hidoyatov kabi buyuk aktyorlar bilan bir qatorda turardi. U kishining oramizda yo`qligi teatr uchun katta yo`qotish. Oxirati obod bo`lsin!
“TEATRIMIZ RIVOJIGA SALMOQLI HISSA QO`ShGAN”

To`ti Yusupova, O`zbekiston xalq artisti: — Zikir Muhammadjonov ko`ngli pok inson edi, hech kimga yomonlikni ravo ko`rmasdi. Bir insonga kerakli barcha ezgu fazilatlar Zikir akada mujassam bo`lgan. U insonni baxtli aktyorlardan biri, deya olaman, boisi nafaqat yoshligi, balki keksaligida ham katta-katta rollarni ijro etish nasib qilgan. Teatrimiz rivoji uchun jon kuydirgan, unga salmoqli hissa qo`shgan, yaxshigina mehnati singgan serqirra aktyor edi.
Sadoqat ALLABERGANOVA tayyorladi






