05.12.2013 10:03
“Apple” texnikasi foydalanuvchilarning yuzini tanishni o`rganadi
Yuzlarni tanib olish uchun ko`plab ma`lumotlardan, shu jumladan, yuz chizgilari, teri toni va teksturasi, burunning og`izdan qanchalik uzoqda turgani va boshqa ma`lumotlardan foydalaniladi. Agar qurilma o`z sohibining qo`lida bo`lmasa, u kiruvchi elektron xatlar va SMS xabarlarni chiqarmaydi, saqlab qo`yilgan fotosuratlarni ko`rish
imkonini bermaydi, muayyan ilovalardan foydalanishni taqiqlaydi va h.k.
“Apple”da qayd etishlaricha, kirish qo`ng`irog`i paytida "iPhone” kimdir ekranga qarayotganini
“his qiladi”. Agar bu avtorlashmagan foydalanuvchi bo`lsa, displey yonmaydi. Shu tarzda begona odam kim qo`ng`iroq qilayotganini ko`ra olmaydi.
Bunday tizim desktoplarda ham qo`llanishi mumkin. Masalan, faqat tizim tomonidan avtorlashgan chehraga ega foydalanuvchilargina ekran zastavkasini, sozlanmalarni o`zgartirishi, muayyan ilovalarni ochishi mumkin.
Hozircha, “Apple” kompaniyasi yangi texnologiyani o`z qurilmalarida qo`llashni rejalashtirayotgani yoki uni “har ehtimolga qarshi” patentlab qo`ygani noma`lum. Shunga qaramasdan, ekspertlar ushbu patent kompaniya mahsulotlarini rivojlantirishning umumiy
konsepsiyasiga yaxshi qo`shilgan degan fikrda. Qayd etib o`tamiz, hozir bunday texnologiyalar IT industriyasida trend hisoblanadi, masalan, yuzlarni tanib olish funksiyasi “Xbox One” va “PlayStation 4” o`yin pristavkalarida qo`llaniladi, shuningdek, “Google” kompaniyasi ham uni o`zining “Nexus” smartfonlarida sinab ko`rmoqda.