1

25 YoShDAN KEYIN BO`Y O`SADIMI?!

Salomatlik 09.10.2017, 15:16
25 YoShDAN KEYIN BO`Y O`SADIMI?!

Farzandingiz tengqurlariga qaraganda bo`y o`sishda ortda qolayotgani bezovta qilayotgan bo`lsa, muammo kichkintoy ulg`aygan muhitda bo`lishi mumkin. Bolaning bo`yiga onaning homiladorlik davridagi ovqatlanishi, boshdan kechirgan stress va kasalliklari ta`sir qiladi. Go`daklik yoshida yuqumli va allergik kasalliklardan asrasangiz, vaqtida uqalash muolajalarini bajarib, chiniqtirish ishlariga kirishgan bo`lsangiz, bu muammo sizda kuzatilmaydi. Albatta, ota-onaning bo`yi ham bolaning rivojlanishida muhim. Axir bo`y o`sishi xuddi boshqa omillar singari nasl tortadi-da. Bugungi sahifamiz orqali bo`y o`sishiga doir dolzarb savollarga oydinlik kiritamiz. Mutaxassis - shifokor-endokrinolog Shahnoza MUSAEVA.

«Shu holicha qolib ketadimi?»

Єizim 25 yoshda. 2-darajali buqog`i bor. Bo`yi past. Єanday muolajalar yordamida bo`yini o`stirish mumkin?

Nafisa, Toshkent shahri

Birinchi galda shifokor-endokrinologga uchrab, farzandingizni to`laqonli tekshiruvdan o`tkazing. Shifokor UTT hamda qonda gormonlar nisbatini aniqlovchi tekshiruvni buyuradi. Bo`y pastligi muammosiga keladigan bo`lsak, rentgenografiya usuli yordamida bilak suyaklari tekshiriladi. Bu usul yordamida qizingizning suyaklari o`sish hududida yoki yo`qligini bilish mumkin. Uy sharoitida ko`proq sut-qatiq mahsulotlarini iste`mol qilish, kechki soat 21:00 da uxlash tavsiya etiladi.

«Jismoniy mashqlardan naf bormi?»

Singlim 18 yoshda. Bo`yi past. Єaysi sport turi yordamida bo`yini o`stirish imkoni bor?

Aziza, Farg`ona viloyati

Bo`y o`sish gormoni qiz bolalarda birinchi hayz kelguniga qadar tezlik bilan rivojlanadi. Bundan keyin qizlarning o`sishi dargumon. Singlingizda hayz nisbatan kech, misol uchun 16 yoshda boshlangan bo`lsa, tekshiruvda suyaklarning o`sish hududi hali yopilmaganligi aniqlansa, davo muolajalari kor qilishi mumkin. Bo`yni o`stirishda suzishning «brass» turi yordam beradi. Suzish jarayonida odamning umurtqasi uzayib-rostlanishi hisobiga bo`yi cho`zilishi mumkin. Arg`imchoq sakrash mashqlari ham foydali.

«Er-xotin o`rta bo`ylimiz, o`g`lim ham shunday bo`ladimi?»

Turmush o`rtog`im ikkimizning bo`yimiz unchalik baland emas. O`g`lim 52 sm tug`ilgan, hozir 2 yoshda. Shifokor, bolaning o`sish sur`atlari me`yorda, ammo baribir o`rta bo`y bo`ladi, dedi. Bolamning bo`yi biznikidan balandroq bo`lishi uchun nimalarga ahamiyat berish kerak?

Dono, Toshkent shahri

– Bolaning bo`yiga, albatta, irsiyat ta`sir qiladi. Bu degani ota-onasi o`rta bo`y bo`lib, misol uchun, otasining bo`yi 168 sm, onasining bo`yi 160-162 sm. bo`lsa o`g`il bola 164-170 sm. gacha, qiz bolada esa 158-162 sm. bo`lishi mumkin. Ota-ona o`zining past bo`yligini hisobga olib, quyidagilarga ahamiyat berish kerak:

* Bola oqsil, kremniy, ruh hamda D va V vitaminiga boy mahsulotlarni iste`mol qilsin. Ushbu taomnoma: baliq, qo`y jigari, bedana tuxumi, selder ko`kati, dukkaklilar, oshqovoq urug`i, qora mayiz, kunjut, suli, olma, banan, sabzi va o`simlik moylaridan iboratdir.

* Vaqtida uxlashiga ham ahamiyat bering: o`sish gormoni kunduzgi uyqu hisobiga ko`payadi.

* Farzandingizning o`sishini kuzating. Tug`ilishidan 5 yoshgacha, maktab davrida esa 9–11 yoshgacha bola bo`yi jadallik bilan o`sadi. Ayniqsa, yoz ichida 7-9 yoshli bola o`tgan yilga nisbatan kamida 7-8 sm.ga o`sgan bo`lishi kerak. 5-6 sinflarda bo`y o`sishi yana sekinlashadi, balog`at davrida esa yana kuchayadi. Shu davrlar ichida bolaning ruhiy ahvoliga e`tiborli bo`lib, vaqtida dam olishi, sport bilan shgug`ullantirsangiz, sizning bo`yingizdan 8-10 sm.gacha balandroq o`sishiga imkon yaratasiz.

* Bola kuniga uch mahal, 5-10 daqiqagacha turnikda osilib, tizzalarni bukib-rostlashi, polga qorin bilan yotib, «kemacha» singari qo`l-oyoqlarni cho`zib, gavdani o`ng-chapga harakatlantirishi foydali. Balandlikka sakrash bilan bog`liq sport turlari – basketbol va voleybol bolaning bo`yini 7-10 sm.gacha uzayishiga xizmat qiladi. Faqat shug`ullanish haftasiga uch marta va 45 daqiqadan kam bo`lmasligi kerak.

* Bordi-yu, bola tengqurlaridan o`sishda ortda qolayotgani sezilsa va yuqoridagi tavsiyalar naf bermasa, shifokor-endokrinolog ko`rigidan o`tib, dori-darmonlar yordamida bo`yni o`stirishga kirishiladi. Lekin bu jarayonni ertaroq boshlagan ma`qul. Balog`at yoshidan keyin bo`y o`stirish muolajasi naf bermasligi mumkin.

Barno HOJIMIRZAEVA tayyorladi.

Manba: «Sug'diyona» gazetasi

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1