AsosiySalomatlik

Shifo maslahat: “TISh OG`RIQ KEChASI BEZOVTA QILSA...”

'Shifo maslahat: “TISh OG`RIQ KEChASI BEZOVTA QILSA...”'ning rasmi

— Meni ko`pincha kechasi tishim bezovta qilib, xuddi og`riq yoyilib ketganday tuyuladi. Bunday paytda nima qilsam bo`ladi? Bunaqa og`riqning sababi nima bo`lishi mumkin?

Sobir Shokirov, Toshkent viloyati

Erkin RASULOV, stomatolog-shifokor:

Bunday holat tish pulpasi (har bir tish o`rtasidagi bo`shliqni to`ldirib turadigan va nerv uchlari tutashadigan yumshoq to`qima)ning o`tkir yallig`lanishi bilan bog`liq bo`lishi mumkin. Bunda og`riq davomli va azob beradigan xarakterga ega bo`ladi. Uni og`riq qoldiruvchi preparatlar yordamida qoldirishga urinish befoyda.

Og`iz bo`shlig`iga turli vositalar (spirt, analgin, aspirin va hokazo) orqali ta`sir etish ham samara bermaydi. Faqatgina bilinar-bilinmas darajada og`riqni pasaytirish mumkin, xolos.

Tish og`rig`i tish qattiq to`qimasining jarohatlanishi (karies va uning oqibatlari) ta`sirida bo`lishi ham mumkin. Bu o`rinda faqatgina shifokor yordam bera oladi. Shuni ham inobatga olish kerakki, jag` o`smasi, gaymor bo`shlig`i, asablarning yallig`lanishi, markaziy asab tizimi kasalliklari ham tishlarga og`riq berishi mumkin.

Agar tish og`rig`i boshlansa, avvalo ularni tozalang va hech nima emang (oziq qoldiqlari yangi og`riqqa turtki berishi mumkin). Og`zingizni iliq sodali suv bilan chayqang. Bu aralashmaga zararli mikroblardan tozalash uchun biroz yod tomizishingiz ham mumkin.

Agar sizda karies bo`lsa, kasallik darajasiga qarab og`riq vaqti-vaqti bilan qayta bosh ko`tarib turishi mumkin.

Pulpit esa o`z-o`zidan paydo bo`luvchi xurujlanuvchi, tarqaluvchi og`riqqa olib keladi. Bunday paytda shifokor qabuliga borguncha vaqtincha davo sifatida uy sharoitida ichimlik sodasi yoki moychechak, marmarak damlamalari bilan tishlarni chayish yordam berishi mumkin.

    Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

    Boshqa yangiliklar