Sochi shahrida o`tayotgan Mustaqil Davlatlar Hamdo`stligi sammiti doirasida O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev bilan Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenkoning uchrashuvi bo`lib o`tdi.
Shavkat Mirziyoev davlat rahbarlarining 2016 yil Samarqandda o`tgan uchrashuvidan keyin O`zbekiston va Belarus munosabatlari faollashgani, o`zaro savdo aylanmasi sezilarli oshganini ta`kidladi. Ikki mamlakat iqtisodiyoti bir-birini to`ldirishi, qishloq xo`jaligi, to`qimachilik, mashinasozlik, oziq-ovqat sanoati va boshqa sohalarda foydalanilmagan katta imkoniyatlar mavjudligi qayd etildi.
Aleksandr Lukashenko Belarus O`zbekiston bilan hamkorlikni har tomonlama rivojlantirishdan manfaatdor ekanini ta`kidladi.
Belarus O`zbekistonga Markaziy Osiyodagi muhim iqtisodiy sherik sifatida qaraydi. Mamlakatlarimiz o`rtasidagi munosabatlar do`stlik va o`zaro manfaatdorlik tamoyillari asosida rivojlanib bormoqda.
Qo`shma korxonalar tashkil etish, savdo uylarini kengaytirish, xomashyoni chuqur qayta ishlash bo`yicha hamkorlik qilish masalalari muhokama qilindi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev Belarus Prezidenti Aleksandr Lukashenkoni O`zbekistonga taklif etdi, deya xabar beradi O`zA.