Jizzax shahrida o`zbek tili va adabiyotini chuqur o`qitishga ixtisoslashgan Hamid Olimjon va Zulfiya nomidagi maktab-internat ochildi.
O`tgan besh oy davomida o`zbek tili va adabiyotini chuqur o`qitishga ixtisoslashgan maktab-internat uchun 4 qavatli zamonaviy bino qurib bitkazildi. Binoda keng va yorug` sinfxonalardan tashqari 100 o`rinli yotoqxona va oshxona, faollar zali hamda boshqa xonalar bor. O`quvchilar jismoniy tarbiya bilan shug`ullanishi uchun sport maydonchalari barpo etilgan.
Joriy yil 1 oktyabrdan faoliyat boshlagan maktab-internatning 5, 6, 7, 8-sinflariga barcha tuman va shaharlardan sinov asosida 120 nafar iste`dodli o`g`il-qiz o`qishga qabul qilindi.
Jamoatchilik vakillari, yoshlar, ota-onalar ishtirokida o`tgan yangi maktabning ochilish marosimida ushbu muassasaning barpo etilishi viloyat madaniy hayotida katta voqea bo`lgani ta`kidlandi.






