Vazirlar Mahkamasining 6.10.2017 yildagi 801-son qarori bilan Liftlar xavfsizligi to`g`risidagi umumiy texnik reglament tasdiqlandi.
Uning talablari 40 kg va undan ortiq yuk ko`tarish qobiliyatiga ega elektr va gidravlik liftlarga tatbiq etiladi, biroq quyidagi liftlarga daxl qilmaydi:
- tishli-reykali yoki vintli ko`tarish mexanizmli liftlar,
- shaxtalarda foydali qazilmalarni qazib chiqarishda, suzuvchi vositalarda va uchish apparatlarida foydalanadigan liftlar,
- harbiy maqsadlar uchun maxsus belgilanishdagi liftlar.
Lift egasi uni montaj qilish, foydalanishga topshirish, davriy ko`rikdan o`tkazish va texnik xizmat ko`rsatish, shuningdek texnik ko`rikdan o`tkazish bo`yicha ishlarni tashkil etishi kerak. U shuningdek, liftdan maqsadli foydalanish ustidan nazoratni ta`minlaydi.
Liftlarni montaj qilish, ta`mirlash va foydalanish ixtisoslashtirilgan tashkilot tomonidan amalga oshiriladi. Texnik ko`rik ixtisoslashtirilgan tashkilot tomonidan lift pasportiga tegishli qaydlarni kiritgan holda 12 oyda kamida 1 marta o`tkaziladi.
Agar lift pasportida belgilangan xizmat muddati to`g`risida ma`lumotlar bo`lmasa, belgilangan xizmat muddati u foydalanishga topshirilgan kundan boshlab 25 yil hisoblanadi. Belgilangan xizmat muddati tugagandan keyin liftdan keyinchalik foydalanish faqat «Sanoatgeokontexnazorat» DI ruxsati bilan amalga oshiriladi.
Shuningdek, konstruksiya, elektr jihozlar, shaxtalar va lift jihozlarini joylashtirish uchun mo`ljallangan binolar xavfsizligiga talablar reglamentda aks etgan. Nogironlar va aholining imkoniyati cheklangan guruhlarini (vaqtincha sog`lig`ini yo`qotgan shaxslar, keksalar hamda bolalar aravachalariga hamrohlik qiluvchi shaxslar) tashish uchun mo`ljallangan liftlarga talablar alohida keltirilgan.
«Sanoatgeokontexnazorat» davlat inspeksiyasiga texnik reglament amalga kirishiga qadar liftlarning tuzilishi va ulardan xavfsiz foydalanish qoidalarini tasdiqlash va Adliya vazirligida ro`yxatdan o`tkazish topshirildi.
Hujjat Qonun hujjatlari ma`lumotlari milliy bazasida rasman e`lon qilindi. Liftlar xavfsizligi to`g`risidagi umumiy texnik reglament 7.04.2018 yildan amalga kiritiladi.






