Toshkent viloyati bojxona boshqarmasi “G`ishtko`prik” chegara-bojxona kompleksi xodimlari qorako`l terilarini noqonuniy ravishda olib chiqishga uringan shaxslar faoliyatiga chek qo`yishdi.

Qo`shni davlatga yo`l olgan poytaxtlik A.Ziyamuxammedov bojxona nazoratidan o`tish davomida yonida ortiqcha buyumlar yo`qligini ma`lum qiladi. Ammo, unga tegishli yuklar nazorat-rentgen apparatidan o`tkazilganda, ushbu shaxs yo`lovchi bojxona deklarasiyasida ham, bojxona xodimlarining og`zaki so`rovi paytida ham ma`lum qilmasdan turib 20 dona qorako`l terilarini yashirin ravishda olib chiqishga uringani aniqlandi.

Shuningdek, ayni shu kuni poytaxtlik yana bir shaxs – T.Madjidov ham 25 dona qorako`l terilarini olib chiqib ketmokchi bo`lgan paytda to`xtatib qolindi.
Oliy navli ushbu qorako`l terilarining umumiy bahosi dastlabki hisob-kitoblarga ko`ra 13,5 mln, so`mni tashkil qilar ekan.
Hozirda mazkur holatlar yuzasidan bojxona tekshiruvlari va surishtiruv jarayonlari davom ettirilmoqda.

Eslatib o`tamiz, O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 25 maydagi “Tashqi bozorlarda mahalliy mahsulotlarning eksport qilinishi va raqobatdoshligini ta`minlashni yanada rag`batlantirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi Farmoniga muvofiq 2017 yilning 1 iyunidan boshlab qorako`l terisining eksportiga qo`yilgan ta`qiq olib tashlandi.
Xo`jalik sub`ektlariga O`zbekiston Respublikasi Prezidentining yoki O`zbekiston Respublikasi Hukumatining qarori asosida qorako`l terilarining eksportini amalga oshirish huquqi berildi.
Ta`kidlash joizki, 2017 yilning o`tgan 9 oyi davomida Toshkent viloyati bojxona boshqarmasi hodimlari tomonidan huquqni muhofaza qiluvchi boshqa idoralar vakillari bilan hamkorlikdan aniqlangan 3,1 mingga bojxona qoidabuzarliklari natijasida qiymati 16.7 mlrd. so`mdan ortiq bo`lgan tovar-moddiy boyliklarning noqonuniy olib o`tilishiga chek qo`yilgan.






