1

O`T PUFAGIDA POLIP BO`LSA...

Salomatlik 13.10.2017, 10:02
O`T PUFAGIDA POLIP BO`LSA...

Iste`mol qilayotganlarimiz nafaqat totli, balki har jihatdan sog`lom bo`lsa, kasalliklarga yo`liqmaymiz. Aks holda, oshqozondan tortib jigar, o`t pufagigacha og`rib, turli o`zgarishlar paydo bo`ladi. Misol uchun o`t pufagida safro oshqozonga o`tmay, yig`ilib qoladi. Natijada devorida har xil hosilalar, jumladan polip paydo bo`ladi. Kasallikni o`z vaqtida davolagan ma`qul. Bu haqda tibbiyot fanlari nomzodi, malakali shifokor-jarroh Hammadjon HODIEV ma`lumot beradi.

KO`PROQ AYoLLARDA UChRAYDI

O`t pufagidagi polip ko`proq o`ttizdan oshgan ayollarda uchraydi. Sababi irsiyatda — jigar, o`t pufagi kasalliklari bilan og`riganlar oilasida bunday holat kuzatiladi. Quyuq, xamirli, yog`li, qovurma taomlar va fast-fudni ko`p iste`mol qiladiganlar ham xavfli guruhga kiradi. Ish va uyda muammoli holat, stresslarga nisbatan asabiylashish, jizzakilik bilan javob beradiganlar xilidan bo`lsangiz, ehtiyot bo`ling, o`t pufagingiz allaqachon zo`riqib ishlashga odatlandi. Bu har xil o`simatalar hosil bo`lishi uchun qulay manba. Nonushta, tushlik vaqtini o`tkazib yuboradiganlar ham ushbu toifaga mansub.

QANDAY HOSIL BO`LADI?

Yuqoridagi omillar ta`sirida safro o`t qopida yig`ilib, quyuqlashib, devorida har xil o`simtalar paydo bo`ladi. Bu holat asosan 30 dan oshgan ayollarda ko`p uchraydi. Kasallik uzoq vaqt yashirin kechishi mumkin. Lekin hazmi og`ir, qovurma taom tanovul qilganidan keyin odam jigar sohasida og`riq sezadi, rangi sarg`ayadi, og`zida achchiqlik bilinadi, ko`ngli behuzur bo`ladi. Bu o`t yo`llari va o`t pufagi yallig`lanishi uchun xos belgilar bo`lgani uchun shifokor darrov UTT tekshiruvidan o`tishni buyuradi. Yana bir usul – endoskopik ultrasonografiya. Uning yordamida ham polipning joylashuvi, hajmi va turi haqida aniq ma`lumot olish mumkin.

OG`RIQ HURUJ QILSA...

Bunday paytda bemorni issiq o`rab, yarim o`tirgan holatda yotqizish kerak. Zudlik bilan shifokor chaqirish zarur. Tez yordam kelguniga qadar gazsiz mineral suvni isitib ichiriladi. Bezovtalik kuchli bo`lsa, og`riqsizlantiruvchi vosita berish mumkin. Lekin asosiy davoni shifokor belgilaydi. O`zboshimchalik bilan qo`llangan har qanday davo aks ta`sir ko`rsatishi mumkin.

KIM DAVOLAYDI?

Muammo bilan terapevt, gastroenterolog yoki jarrohga yuzlanasiz. Shifokor ko`rigidan so`ng, albatta, UTT va boshqa tekshiruvlardan o`tishingiz hamda qon, siydik tahlillarini topshirishingiz shart. Polip boshqa turdagi o`smaga aylanishi, o`t yo`llari va jigarni ancha zo`riqtirishi bilan xavfli. Davo choralari polipning shakli, o`sish hajmiga bog`liq. Agar u o`smasa, o`t yo`lini to`sib qo`ymasa, og`riq bezovta qilmasa, shifokor parhez va har ikki oyda bir martalik tibbiy ko`rik bilan chegaralanadi. Polip alohida nazoratni talab qiladi. Hajmi kattalashsa, operasiya qilish kerak. Afsuski, polip bilan birga o`t pufagi ham olib tashlanadi.

PARHEZ JUDA MUHIM

O`t pufagida polip aniqlansa, ovqatlanishda suyuq, bug`da pishgan, yaxshilab ezilgan taomlar tavsiya etiladi. Bemor kuniga 5-6 marta, oz-ozdan ovqatlanishi kerak. Kun davomida 2 litrgacha suv iching. Qora choy, achchiq qahva, gazli va spirtli ichimliklar mumkin emas. Taomga ziravorlar solishda ham me`yorga e`tibor bering. Qo`y go`shti, qo`ziqorin, shovul, ismaloq, rediska, turp, qaymoq, shirinlik va kremli pishiriqlar, dudlangan mahsulotlar ham ahvolingizni yomonlashtirishi mumkin.

PROFILAKTIKA BIRINChI O`RINDA!

Bu holatni davolash operasiya bilan bog`liqligi achinarli, albatta. Axir polip bilan birga o`t pufagi ham olib tashlanadi. Endilikda asosiy yuklama oshqozon osti bezi va jigarga tushadi. Bunday bo`lmasligi uchun yoshlikdan suyuq, hazmi engil taomlar eyishga odatlanish kerak. Nahorga aloe shirasi, ovqatdan oldin albatta, bir choy qoshiq zaytun moyi va 3-4 tomchi limon sharbati sepilgan sabzavotli salat eyish, yotishdan oldin qatiqqa to`g`ralgan selderey, petrushka, kashnich solib ichish o`t qopida safro yig`ilishidan asraydi.

Barno XOJIMIRZAEVA tayyorladi.

Manba: «Sug'diyona» gazetasi

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1