Sirdaryo viloyatida bir guruh shaxslarga fuqarolik pasporti topshirildi, deya xabar berdi UzA.
Shu munosabat bilan o`tkazilgan tadbirda mamlakatimizda fuqarolar huquq va erkinliklari, shaxsiy manfaatlari qonun bilan kafolatlab qo`yilgani, har bir fuqaroga beriladigan pasport O`zbekiston Respublikasining mulki bo`lib, uning egasi davlat muhofazasida ekani alohida ta`kidlandi.
O`zbekiston Respublikasining fuqaroligiga kelib chiqishi, ijtimoiy va mulkiy holati, irqi, millati, jinsi, ma`lumoti, tili, dinga munosabati hamda siyosiy va boshqa e`tiqodidan qat`i nazar, “O`zbekiston Respublikasining fuqaroligi to`g`risida”gi qonun kuchga kirgan vaqtda turli ob`ektiv va boshqa hayotiy sharoitlarga ko`ra mamlakat tashqarisida bo`lgan mahalliy aholi, shuningdek, boshqa mamlakatlarda tug`ilib-o`sib, O`zbekistonni o`z Vatani sifatida chin dildan tan olgan, uning taraqqiyoti uchun munosib hissa qo`shgan shaxslar qabul qilinishi mumkin.
Davlatimiz rahbarining farmoni bilan Sirdaryo viloyatidan 22 nafar yurtdoshimiz O`zbekiston Respublikasi fuqaroligini olish baxtiga muyassar bo`ldi. Ular orasida Shahnur Yo`ldoshev ham bor.
– Men 1992 yili Qozog`iston Respublikasida tug`ilganman, millatim tojik, ayni paytda “Yoshlik” jismoniy tarbiya va sport jamiyati viloyat bo`limida inspektor bo`lib ishlayman, – deydi Sh.Yo`ldoshev. – Bugun O`zbekiston Respublikasining fuqarolik pasportini qo`lga olganimdan juda baxtiyorman.
– 1980 yili Qirg`iziston Respublikasining O`sh viloyatida tug`ilganman, – deydi Yangier shahrida istiqomat qiluvchi Sirojiddin Xalilov. – Xovos tumanidagi “Xovos oltin burgut” fermer xo`jaligida mehnat qilaman. Bugun eng katta orzuim ushaldi. Shunday baxtga etkazganiga shukr. Menga ham ishonch bildirib, mustaqil O`zbekiston davlatining fuqarosi bo`lish baxtiga muyassar etgan Prezidentimizdan minnatdorman.






