O`zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev raisligida 13 oktyabr kuni sanoat va ijtimoiy soha ob`ektlari, aholini tabiiy gaz, elektr energiyasi bilan uzluksiz ta`minlash, bu boradagi qarzdorlikni bartaraf etish, ushbu yo`nalishdagi amaliy chora-tadbirlarga bag`ishlangan yig`ilish bo`lib o`tgani haqida xabar bergandik.
Ma`lumki, “O`zbekenergo” va “O`ztransgaz” kompaniyalari faoliyatidagi xato va kamchiliklar, to`lov intizomini mustahkamlash, energiya resurslaridan noqonuniy foydalanishning oldini olish, debitor qarzdorlikni kamaytirish bilan bog`liq muammolar tarmoq zimmasidagi vazifalarni izchil bajarish, qo`yilgan maqsadlarga erishishga to`sqinlik qilar edi.
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoevning 2017 yil 29 maydagi “Elektr energiyasi va tabiiy gaz etkazib berish hamda iste`mol qilish sohasida to`lov intizomini yanada mustahkamlash, shuningdek, ijro ishi yuritish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi farmoni bilan sohadagi ishlar tubdan takomillashtirilmoqda. O`zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzurida Majburiy ijro byurosi tashkil etildi.
Byuroning asosiy vazifalari foydalanilgan energiya resurslari uchun qarzdorlikni keskin kamaytirish, elektr energiyasi va tabiiy gaz tarmoqlariga noqonuniy ulanishlarning oldini olish, sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarining so`zsiz ijrosini ta`minlashdan iborat. Farmon asosida Adliya vazirligi huzurida faoliyat yuritgan Sud departamentining qonun hujjatlarida nazarda tutilgan vazifa va vakolatlari Byuroga o`tkazildi. Endilikda sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini majburiy ijro etish Byuroning davlat ijrochilari tomonidan amalga oshirilmoqda.
Prezidentimiz tashabbusi bilan olib borilayotgan izchil islohotlar, Majburiy ijro byurosining faoliyati natijasida joriy yilning iyun-sentyabr oylarida 5 trillion 400 milliard so`m qarzdorlik undirildi. Uning 3 trillion 400 milliard so`mi elektr energiyasi, 2 trillion so`mi tabiiy gaz hisobiga to`g`ri keladi.
Jismoniy va yuridik shaxslar bilan olib borilayotgan tushuntirish-targ`ibot ishlari bunday natijalarga erishish imkonini bermoqda. O`tgan davrda davlat byudjetiga 171 milliard so`m zarar etkazishi mumkin bo`lgan 182 jinoiy holat aniqlangan va ularga nisbatan tegishli choralar qo`llanilgan.
Ammo sohada o`z echimini kutayotgan muammolar hali ko`p. “O`zbekenergo” va “O`ztransgaz” tizimida yangilikka intilishning etishmasligi, o`zibo`larchilik va talon-tarojlik holatlari mavjudligi, afsuski, hamon bu sohada muammolar saqlanib qolishiga sabab bo`lmoqda.
Davlatimiz rahbari yig`ilishda Majburiy ijro byurosi faoliyatini yanada takomillashtirish, sohaga zamonaviy axborot-kommunikasiya texnologiyalarini keng jalb etish, sanoat tarmoqlari mutasaddilari, mahalla faollari bilan hamkorlikni kengaytirish kabi muhim vazifalar bo`yicha topshiriqlar berdi.






