Prezident “Respublikamizda asalarichiliktarmog`ini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to`g`risida” qaror imzoladi.
Qaror asalarichilik tarmog`idagi mavjud muammolarni hal qilish maqsadida qabul qilingan bo`lib, unga muvofiq “O`zbekiston asalarichilari” uyushmasi tashkil etilishi belgilandi.
“O`zbekiston asalarichilari” uyushmasining asosiy vazifalari etib asal mahsulotlari ishlab chiqarishning texnologik jarayonlarini tizimli tashkil etish, asalari paketlari etishtirish va ozuqa bazasini mustahkamlash, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, shuningdek, asal etishtirish jarayoniga ilmiy asoslangan usullar va zamonaviy texnologiyalarni joriy etish belgilab qo`yildi.
Ushbu qaror bilan “O`zbekiston asalarichilari” uyushmasining “Apimondiya” xalqaro asalarichilik uyushmalari federasiyasiga a`zo bo`lishi nazarda tutilgan.
Uyushmani tashkil etish va uning faoliyati bilan bog`liq barcha xarajatlar hamda Uyushmaning “Apimondiya” xalqaro asalarichilik uyushmalari federasiyasiga a`zo bo`lib kirish, a`zolik badali to`lovi dastlabki uch yil davomida AT “Aloqabank” mablag`lari hisobidan amalga oshiriladi.
Shuningdek, qaror bilan asalarichilik sohasida oliy ma`lumotli kadrlar tayyorlash maqsadida 2018/2019 o`quv yilidan boshlab Farg`ona davlat universitetida zootexnika fakultetini tashkil etish bo`yicha takliflar kiritish topshirilgan.
Asalarichilik xo`jaliklari tomonidan asal yig`ish mavsumi davomida o`rmon fondi erlaridan, muhofaza etiladigan tabiiy hududlardan (davlat qo`riqxonalari, biosfera rezervatining qo`riqlanadigan zonasidan tashqari), tog` va tog`oldi hududlaridan, tabiiy pichanzor va yaylovlardan hamda qishloq xo`jaligi erlaridan foydalanish bepul amalga oshiriladi.
Belgilangan tartibda tasdiqlangan ro`yxat bo`yicha “O`zbekiston asalarichilari” uyushmasiga a`zo tashkilotlar tomonidan olib kelinadigan naslli materiallar (mahsulot), asalarichilik sohasida qo`llaniladigan inventarlar va uskunalar, asalari uyalarini tashuvchi maxsus transport vositalari va tirkamalar, asalari kasalliklari va zararkunandalariga qarshi qo`llaniladigan veterinariya dori vositalari va preparatlar, asalari uyalari ishlab chiqarish uchun yog`och va zarur materiallar, penopoliuretan, ularga yordamchi uskunalar, butlovchi buyumlar va ehtiyot qismlar, mumparda va mum mahsulotlarini 2023 yilning 1 yanvarigacha bojxona to`lovlaridan (bojxona yig`imlaridan tashqari) ozod etish bo`yicha imtiyoz berildi.
Mazkur qaror bilan asal etishtirish va uni qayta ishlash hajmlarini ko`paytirishga, asalari paketlari bilan xo`jaliklarni ta`minlashga, asal etishtirishning zamonaviy usullarini joriy etishga yo`naltirilgan 2017-2021 yillarda asalarichilik tarmog`ini kompleks rivojlantirish bo`yicha chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi.
Ushbu qarorga muvofiq asal mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini 2017 yildagi 15,4 ming tonnadan 2021 yilga borib 23,7 ming tonnagacha etkazish nazarda tutilgan.
Qarorning to`liq matni O`zAda e`lon qilindi.






