Toshkent shahar bojxona boshqarmasining “Chuqursoy texnik idora” temir yo`l chegara bojxona postida Birlashgan Arab Amirliklaridan poytaxtimizda faoliyat yurituvchi tashkilotlaridan biri nomiga keltirilgan temir yo`l konteynerida yo`l-yuk kuzatuv hujjatlariga ko`ra qiymati 21 ming AQSh dollaridan ortiq bo`lgan, og`irligi salkam 7,6 tonnani tashkil qiluvchi bolalar tagliklari olib kelingani ma`lum qilingan.
Hujjatlarni sinchiklab ko`zdan kechirish davomida ularning ayrimlarida ushbu tovarlarning nomi aks ettirilmaganligi, tegishli sana va raqamlari ko`rsatilmaganligi aniqlandi. Boz ustiga hujjatlarga sinadigan tovarlarga nisbatan qo`llaniladigan muhrlar bosilgani bojxonachilarda shubha uyg`otdi. Nahotki, bolalar tagliklari sinadigan tovarlar turkumiga kirsa?
Shundan so`ng ushbu konteyner mazkur mas`uliyati cheklangan jamiyat vakillari, huquqni muhofaza qiluvchi boshqa idoralar xodimlari hamda xolislar ishtirokida bojxona ko`rigidan o`tkazildi.
Avvaliga yuklarni ko`zdan kechirish davomida mazkur korxona vakili G`ulom Turdiev (ism shariflar o`zgartirilgan) turli bahonalarni ro`kach qilgan holda, konteynerning ochilishiga to`sqinlik qilishga urindi. Ammo uning bu urinishlari zoe ketdi.
Ko`zdan kechirish davomida esa G`ulom Turdievning nima sababdan konteynerni ochishga qarshilik qilgani oydinlashdi. Qarang-ki, konteynerda bolalar tagliklari umuman yo`q ekan. Ularning o`rniga esa Janubiya Koreya va Misrda ishlab chiqarilgan 5 xil o`lchamdagi 661 dona zamonaviy televizorlar ortilganligi aniqlandi, deya xabar beradi Toshkent shahar bojxona boshqarmasi Axborot xizmati.
Baholash bo`yicha ekspertlarning tegishli xulosasiga ko`ra, mazkur televizorlarning umumiy bahosi salkam 2 mlrd. 600 mln. so`mni tashkil qilar ekan.
Agar konteynerdagi yuklar haqiqatdan ham bolalar tagliklari bo`lganida edi, u holda mazkur mahsulotlarga bojxona to`lovlari 100 mln. so`mni tashkil qilar edi. Soxta hujjatlar asosida olib kirishga urinilgan televizorlarga to`lanishi lozim bo`lgan bojxona to`lovlari esa 2,1 mlrd. so`mni tashkil etdi.
Bundan ko`rinib turibdiki, qonunbuzar televizor mahsulotlarini hujjatlarda bolalar tagliklari sifatida ko`rsatish yo`li bilan 2 mlrd. so`mga yaqin mablag`ni davlat byudjetiga to`lashdan qochishga uringanligi fosh bo`ldi.
Mazkur holat yuzasidan O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 182 moddasi 2 qismi “a” bandiga muvofiq jinoyat ishi qo`zg`atildi.
Unga ko`ra, juda ko`p miqdordagi tovarlarni boshqa nom bilan deklarasiyalab, O`zbekiston Respublikasining bojxona chegarasidan o`tkazish eng kam oylik ish haqining uch yuz baravaridan olti yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud besh yildan sakkiz yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.






