2017 yil 18 oktyabr kuni Toshkent shahar Shayxontohur tumanidagi 324-sonli maktabda namunaviy yoshlar etakchisi xonasining taqdimot marosimi bo`lib o`tdi. Tadbirda maktab yoshlar etakchisi faoliyati qanday tashkil etilishi, etakchi xonasi qanday jihozlanishi zarurligi namunaviy tarzda ko`rsatib berildi.
Yangi loyihaga ko`ra Respublikaning barcha hududlaridan 1 tadan maktab tanlab olinib, bu erda yoshlar etakchisi faoliyati namunaviy tarzda yo`lga qo`yildi. Jumladan, maktab yoshlar etakchisiga barcha qulayliklarga ega shinam xona ajratilib, zarur jihozlar, axborot-kommunikasiya vositalari, o`quv adabiyotlari bilan ta`minlandi.
Maktab yoshlar etakchisining yillik ish rejasi ishlab chiqilib, etakchilar uchun yoshlar bilan muloqot o`rnatish, ularning muammolarini aniqlash va hal qilish, iqtidorli o`quvchilarni qo`llab-quvvatlash, ta`sirchan tadbirlar tashkil etish, maktab madaniy va ma`rifiy hayotida faol ishtirok etish bo`yicha tavsiyalar yaratildi.
Namunaviy maktablarda yoshlar bilan ishlash tizimi tubdan yangicha tashkil etilib, o`quvchilarning xohish va istagi hamda qiziqishi asosida etakchi faoliyatini tashkil etishga alohida e`tibor qaratildi.
Maktab yoshlar etakchisi tomonidan ta`lim muassasalarida “Zakovat” intellektual o`yini, “Muvaffaqiyat maktabi”, “Munozara”, “Barkamol qizlar klubi” kabi loyihalar amalga oshiriladi. Bu to`garaklarga 6-10 sinf o`quvchilari qamrab olinib, ularning bo`sh vaqti mazmunli tashkil etiladi, bu haqda Xalq ta`limi vazirligi Matbuot xizmati xabar beradi.






