Mato va kiyimlardagi dog`larni qanday ketkazish mumkin? Bu savol barcha uy bekalarini o`ylantirsa kerak. Agar sevimli libosingizdan voz kechishni istamasangiz, quyidagi tavsiyalarimizga e`tibor qarating.Shunda uy sharoitida ham ko`zlangan natijaga erishish mumkinligiga amin bo`lasiz.
* Agar oppoq dasturxonga qizil rangdagi sharbat to`kilgan bo`lsa, shu zahotiyoq dog` ustiga tuz sepib qo`ying. Bir necha daqiqadan so`ng ifloslangan tuzni olib, yangisini seping.Keyin dasturxonni issiq suvda yuvib tashlang.
* Lab bo`yog`idan qolgan dog`ni spirt bilan tozalang, lak dog`ini esa juda ehtiyotkorlik bilan aseton yordamida ketkazishingiz mumkin.
* Shokoladdan qolgan dog`ni ketkazish uchun kiyimni sho`r suvga solib qo`yishingizni tavsiya qilamiz.
* Kiyimga tekkan qizil yoki sariq dog`larni limon kislotasi bilan oson ketkazsa bo`ladi.
* Mabodo dazmol qilayotganda ipli gazmol ko`ylagingizni, dasturxon, sochiq kabi buyumlarni kuydirib qo`ygan bo`lsangiz, suv qo`shilgan qatiqqa (bir stakan suv miqdorida) o`sha erning o`zini ivitib qo`ying. Chayib tashlasangiz dog`dan asar ham qolmaydi.
* Dazmol bosishdan qolgan sariq dog`lar vodorod pereoksidi bilan (yarim stakan suvga bir choy qoshiq solinadi), rangdor ipak va jun gazlamalardagi dog`lar denaturant spirti (dorixonalardan topsa bo`ladi) bilan artiladi. Yoki piyozning o`rtasidan kesib, undan chiqqan suvni matoning sarg`aygan joyiga tomizing va sovuq suvda chayib tashlang.
Manba: “SUG‘DIYONA” gazetasi