Go`zallik qurbonlik talab qiladi deyishadi. E`tiroz yo`q, haq gap. Ammo go`zallik evaziga go`zallikni, undan ham qimmatrog`i, sog`likni boy berishga kim rozi? Hech kim rozi bo`lmasa kerak. Bugungi kunda kosmetologik muolajalar – piling, qarishga qarshi muolajalar (botoks ukollari) ko`p qo`llaniladigan bo`lib qoldi. Ammo ba`zida eng odatiy muolaja ham kutilmagan noxush natijaga olib kelishi mumkin. Zamonaviy kosmetologik muolajalarga murojaat etar ekansiz, avval etarlicha ma`lumot bilan qurollaning va ehtiyot choralarini ko`ring.
1. Piling
Piling terining eng ustki, ya`ni eskirgan qatlamini mexanik yoki kimyoviy usul bilan tushirishdir. Qattiqlashib qolgan teri qatlamini olib tashlash yuz terisi hujayralarining qayta yuzaga kelishi (regenerasiya)ni yaxshilaydi. Ammo bu o`rinda me`yorni unutmaslik lozim. Ko`p takrorlansa, piling eritema degan teri kasalligini chaqirishi mumkin. Bunda teri qizarib, yallag`lanib ketadi. Yana bir kamchiligi – terining nurga ta`sirchanligi oshadi. Shuning uchun, hatto, qish kunlari quyosh kam davrda qilinganda ham dog`lar paydo bo`lish xavfi mavjud.
Nima qilmaslik kerak: pilingni yilda bir-ikki martadan ko`p takrorlamaslik, muolajadan so`ng teriga quyosh nurlari tushirmaslik, oftobda yurmaslik.
Nima qilish kerak: Pilingdan keyingi engil qichishish va achishishni qizil loydan qilingan, tarkibida aloe, zaytun yog`i, moychechak bo`lgan niqob bartaraf etadi. Albatta, bu aralashmani kosmetologingizning o`zi tayyorlab bergani ma`qul, undan bu haqda so`rang. Shuningdek, havo bulut bo`lsa ham nurdan himoyalovchi kremlardan foydalaning.
2. Mezoterapiya
Mezoterapiya maxsus moddalardan qilingan aralashmani kichkina, ingika ignalar yordamida teri ostiga (
Nima qilmaslik kerak: duch kelgan salonda mezoterapiya qildirmaslik.
Nima qilish kerak: amaliyotdan so`ng antiseptika qoidalariga rioya qilish, ignalar kirgan joylarni mutaxassis tavsiyasiga ko`ra maxsus vositalar bilan mikroblarga va yallig`lanishga qarshi ishlov berish.
3. Epilyasiya
Ortiqcha tuklarni yo`qotishning samarali usullaridan biri bioepilyasiyadir. Bu ancha noxush va og`riqli muolaja bo`lsa ham, samarasi yaxshiligi uchun ko`pchilik murojaat qiladi: bioepilyasiyadan keyin uzoq vaqt (3–4 hafta) tuklar o`smaydi, takrorlab turilsa, bora-bora tuklar siyraklashib, ingichkalashadi. Lekin salbiy oqibatlari ham bor: issiq mum (vosk) ishlatilganda, tuklar ichga o`sishi yoki follikulalar yallig`lanishi mumkin. Agar bu e`tiborsiz qoldirilsa, yallig`langan follikula o`rnida pigment dog`lar paydo bo`la boshlaydi.
Nima qilmaslik kerak: epilyasiyadan so`ng 24 soatgacha o`sha joyga suv tekizmaslik, turli atir va dezodorantlardan foydalanmaslik lozim.
Nima qilish kerak: muolajadan so`ng iloji boricha kengroq kiyim kiyish, tuklar ichga o`smasligi uchun maxsus kremlardan foydalanish. Shuningdek, tuklar ichga o`sishiga qarshi skrablar ham yaxshi yordam beradi. O`lik teri qatlamini shilib tushirib, tolalarning teri ichiga qarab o`sishining oldini oladi. Qizarib, qichishib turgan terini tinchlantirish uchun zaytun moyidan foydalanish mumkin.
4. Yuz massaji
Bu muolaja yuzdagi ortiqcha yog`larni ketkizish, ajinlarni yozish va yuz konturini tekislash uchun qilinadi va asosan yosh kattalashganda, qarishga qarshi amalga oshiriladigan muolajalar turiga kiradi. Agar noto`g`ri amalga oshirilsa, kuperoz, ya`ni qon tomirlarida qon aylanishining buzilishi va yuzda qizil dog`lar paydo bo`lishi bilan kechadigan kasallikka olib kelishi mumkin. Shuningdek, yuz mexanik jarohatlanishi, ko`karib qolishi, gematomalar yuzaga kelish hollari ham kuzatiladi.
Nima qilmaslik kerak: massajni duch kelgan odamga ishonib topshirmaslik, uqalash payti yuzaga keladigan o`tkir og`riqlarga indamay chidab turmaslik, asosiysi, me`yorni unutmaslik, muolajaga yilda bir kurs (10 kunlik)dan ortiq murojaat qilmaslik.
Nima qilish kerak: mutaxassis tanlashga mas`uliyat bilan yondashish, muolaja payti yuzaga keladigan og`riq haqida gaplashish. Bordi-yu, massajdan kutilmagan noxush asoratlar yuzaga kelsa tarkibida R va S vitaminlari ko`p bo`lgan maxsus kremlar va boshqa vositalardan mutaxassislar bilan maslahatlashgan holda foydalanish.
5. Solyariy
Bizning hududda bu muolaja unchalik ommalashmagan, chunki serquyosh o`kamizda tabiiy quyosh narlari ko`p. Ammo bir tekis va o`zi istagan darajada toblanishni istagan ayrim ayollar so`nggi yillarda toblangan teri urfga kirgani uchunmi, yo shunchaki qiziqish ortidanmi solyariy (tuzxona)larga murojaat qilishadi. Lekin sun`iy toblanishga ruju qo`yish juda xavfli. Jahonning etakchi dermatologlari ogohlantirishadi: «Ultrabinafsha nurlari va elektromagnit to`lqinlari terining tez qarishiga olib keladi. Immunitetni tushirib, teri saratoni yuzaga kelish xavfini oshiradi».
Nima qilmaslik kerak: iloji boricha solyariyga bormaslik.
Nima qilish kerak: solyariyga borganda me`yorni unutmaslik, muolajadan so`ng teriga maxsus vositalar bilan ishlov berish.
6. Sochlarni kimyoviy jingalaklash va silliqlash
Sochi jingalaklar silliqlashni, silliqlar jingalaklashni yaxshi ko`rishadi. Bu haqiqatni istalgan ayollar sartaroshi tasdiqlashi mumkin. Aslida kimyoviy silliqlash ham, jingalaklash ham sochning tuzilishiga ta`sir o`tkazadi. Ularning eng ko`p uchraydigan noxush oqibati – allergik reaksiya. Undan so`ng soch zaiflashishi, sinishi va to`kilishi turadi. Bu muolaja jarayonida sochlarga nafaqat kimyoviy, balki termik, ya`ni yuqori harorat ostida ta`sir ko`rsatiladi. Natijada soch uchining «gullash»i kuzatiladi.
Nima qilmaslik kerak: iloji bo`lsa, kimyoviy usulga murojaat qilmaslik.
Nima qilish kerak: kimyoviy ishlovdan so`ng sochlarni alohida parvarishlash, maxsus vositalardan foydalanish lozim. Me`yorni bilib, yilda 1 marta qildirish mumkin.
7. Tatuaj
Bu muolaja orqali yuzdagi u yoki bu a`zoga (qosh, ko`z, lab) maxsus igna va bo`yoqlar yordamida bo`rttirilganlik, rang berish mumkin. Aslida, tatuaj infeksion kasalliklarni yuqtirishning eng engil yo`li. Bundan tashqari vaqt o`tishi bilan ilk kunlardagi samara xiralashadi. Muolajadan so`ng allergik reaksiya, qizarish va qichishish hollari yuzaga kelishi mumkin.
Nima qilmaslik kerak: imkon qadar bu muolajani amalga oshirmaslik, murojaat qilinsa, tatudan so`ng ortiqcha bo`yoqlarni sochiq bilan artmaslik, o`zi tabiiy yo`l bilan ketishini kutish, ustida va atrofida paydo bo`lgan yarachalarni qo`l bilan shilib olmaslik.
Nima qilish lozim: tatuajchi ishini tugatgach o`sha joyga qo`yilgan bog`lamni kamida 5 soatgacha echmaslik, tatu qilingan joyga qo`l tegizmaslik, yuzni yuvishda maxsus dezinfeksiyalovchi sovun bilan avval qo`llarga yaxshilab ishlov berish, so`ng yuzni yuvish, tatuaj ustiga vaqti-vaqti bilan bolalar kremini surtib turish.
ShAHINA tayyorladi.
Manba: «Sug'diyona» gazetasi






