Har birimiz farzandimizning ziyrak bo`lishini istaymiz. Kichkintoylarimizning sinchkovligini oshirish uchun kitoblar o`qiymiz, filmlar ko`rsatamiz, ibratli hikoyalarni aytib beramiz. Lekin hamma bolalar ham birdek hushyor bo`la olmaydi. Ba`zida hatto maktabdagi o`qituvchilardan ota-onalar «Farzandingizga biror nima bo`lgan? Hech ham fikrini jamlay olmaydi, doim hayoli tarqoq. Dars davomida derazaga termulib o`tiradi yoki rasm chizadi», degan gaplarni ham eshitishadi. Bu vaziyatni qanday qilib to`g`irlash mumkin?
Sinchkovlikni oshiruvchi omillar
Ziyraklik, bu narsalarga va voqea-hodisalarga diqqatni qaratishdir. Odatda qarindoshlarimizning yangi tug`ilgan chaqaloqni beshigi tepasida turib, «Ziyrakligini ko`r buni, diqqat bilan qarayapti» degan maqtovlarini ko`p bora eshitganmiz. Aslida esa chaqaloqning nigohini sinchkov deb bo`lmaydi, chunki u bir joyga uzoq qarab turolmaydi. Ziyraklikda diqqatni jamlab turish bilan birga qiziqishni so`ndirmasdan, yangi axborotni ko`p hajmda qabul qilish ham muhim sanaladi.
Kichik yoshdagi bolalarning diqqatini jamlay olishi uning sog`lig`i va hissiyotlariga ham bog`liq. Qorni og`rib turgan go`dak hech qachon ertakni oxirigacha eshitolmaydi. Yoki bola xarxasha qilayotganida qo`g`irchoq teatrida bir necha daqiqadan ortiq o`tirolmaydi. Agar farzandingiz siz istayotgandek ziyrak bo`lishini xohlasangiz, birinchi navbatda uning sog`ligini nazoratga oling. Keyin bolaning diqqatini oshirishda boshqa omillarni ishga solsangiz bo`ladi.
Yangilik. Sodir bo`layotgan hodisa yoki ma`lumotning yangiligi bolaning e`tiborini tezda jalb qiladi. Masalan, agar siz hayvonlar haqidagi yangi kitobni farzandingizga ko`rsatmokchi bo`lsangiz, unda bolaning diqqatini tortadigan yorqin rasmlar bo`lishi kerak.
Xabardorlik. Birinchi punktning aksi. Ilgarigi bilimlarini to`ldiruvchi, mustahkamlovchi ma`lumot. Farzandingizning bir ertakni qayta-qayta eshitgisi kelishi, bir multfilmni takror ko`rishi bunga misol bo`ladi.
Qiziqish. Har bir yangi ma`lumot bolaning qiziqishlariga mos bo`lgani ma`qul. Agar qizingiz spektaklni diqqat bilan ko`rishini istasangiz, unda malikalar, shahzodalar albatta ishtirok etishi kerak. O`g`lingizning e`tiborini tortish uchun esa mashinalar, kemalar, samolyotlar haqidagi narsalarni ko`rsating.
Xatar darajasi. Agar bolani do`konda qimmat kitobni qo`liga olgani uchun urishib berilsa, bu kitobga bo`lgan qiziqishni so`ndiradi. Ba`zida esa xavf-xatar aksincha ta`sir ko`rsatadi. Masalan, spektaklda bo`ri qo`zichoqga tashlanayotganini ko`rgan bola yirtqich hayvonni diqqat bilan kuzata boshlaydi.
Bolaning bilim darajasiga ma`lumotning to`g`ri kelishi. O`rganilayotgan ob`ekt bolaga tushunarli bo`lishi kerak. Uni o`rganishi uchun ko`p kuch sarflamasligi lozim. 3 yashar farzandingizga ingliz tilini o`rgatayotgan bo`lsangiz, yangi so`zlarning ko`pligi bolaning diqqatini so`ndiradi.
Bolaning o`ziga xos hususiyatlarini inobatga olish. Farzandingizning fe`l-atvorini, odatlarini, xohish-istaklarini nazardan qochirmang. Bola eshitish orqali ma`lumotni ko`p olsa, u ertakni jon deb eshitadi, lekin ekrandagi multfilm ikkinchi darajada qoladi.
Sabab. Sir emaski, sovg`alar va rag`batlantirish o`qishga yordam beradi. Bola biron nimani diqqat bilan kuzatgani uchun mukofot olishini bilsa, u yanada e`tiborini kuchaytiradi. Lekin ota-onalar bu borada me`yorni bilishlari zarur.
Hodisaning yorqinligi. Agar sirk arenasida fil baland ovoz chiqarayotgan bo`lsa, farzandingiz shubhasiz bunga e`tibor beradi. Lekin dekorasiyasi va kostyumlari ko`rimsiz spektakl bolaning chalg`ishiga sabab bo`lishi mumkin.
Manba: «SUG‘DIYONA» gazetasi.