1

QON BOSIMINGIZ TUShIB KETSA...

Salomatlik 24.10.2017, 14:50
QON BOSIMINGIZ TUShIB KETSA...

— Boshim qattiq og`riydi, qon bosimim ko`tarilgan deb qilgan muolajalarimning ta`sirini sezmayapman. Lekin yaqinda bir tanishim “Balki qon bosiming pasaygandir”, deb qoldi. Iltimos, qon bosimining kamayishida bemorda qanday alomatlar kuzatilishi haqida to`liq ma`lumot bersangiz.

Zebo Tohirova, Termiz shahri

Savollarga oliy toifali shifokor-terapevt Nargiza NAJMITDINOVA javob beradi:

— Arterial gipotenziya nima?

— Arterial gipotenziya — yurak qon-tomirlari tizimining funksional kasalligi bo`lib, qon bosimining normadan pasayishi, yurak etishmovchiligi bilan belgilanadi.

Essensial arterial gipotenziya bolalikdan ham boshlanishi mumkin. Ammo ko`pincha 20-25 yoshlarda rivojlanadi.

— Bemor nimadan shikoyat qiladi?

— Bemorni umumiy holsizlik bezovta qiladi, jismoniy va aqliy qobiliyati pasayadi,e`tiborini jamlay olmaydi, eslab qolish qobiliyati susayadi, yangi ma`lumotini o`zlashtirishi qiyinlashadi. Birlamchi arterial gipotenziya toliqish, serjahllik, jizzakilik va ruhiy siqilish holati bilan kechadi.

Aksariyat bemorlar tunda uyquning yomonligi, ertalab uyg`onishning og`irligidan shikoyat qilishadi. Kunduzi esa o`zini dam olmagan his etib, tushda biroz faollashib, kechki to`rt-beshlarda yana chachash alomatlarini, holsizlik, jismoniy va aqliy faollikning susayishi kuzatilib, dam olish, uxlashga katta ehtiyoj sezishadi.

— Arterial bosimning ko`rsatkichlari qanday bo`lishi lozim?

— Arterial bosimning pastki chegara ko`rsatkichi kattalar uchun 25 yoshgacha — 100/60 mm. simob ustuni;

25-40 yoshgacha — 105/65 mm simobustuni;

ayollarda erkaklardan 5 mm. simobustuni past bo`ladi.

Arterial bosimning pastki chegarasi ko`rsatkichi yosh o`tishi bilan kam o`zgaradi va 65-70 mm. simob ustunini tashkil etadi.

— Alomatlari qanday?

— Arterial gipotenziyaning alomati bosh og`rig`i bo`lib, bu og`riq80-90 foiz kasallarda kuzatiladi. Ko`pincha og`riq davomli, urib turuvchi bo`lib boshning orqa tomonida, chakkalarda va peshonada kuzatiladi. Ko`pchilik “boshining og`irligi”dan shikoyat qilishadi.

Og`riq ertalab boshlanib kuchayib boradi va tush vaqtida sekinlashadi, kunning ikkinchi yarmida esa og`riq kuchayib kechqurun zo`riqadi.

— Sababi nimada?

— Arterial gipotenziyadagi bosh og`rig`i bosh miyadagi qon aylanishining yomonlashganligidan kelib chiqadi. Bemor choy yoki qahva ichganda, ochiq havoda sayr qilganda bosh og`rig`i biroz kamayadi.

Gipotonik bosh og`rig`i havo o`zgarishida, magnit to`lqinlari, momaqaldiroq guldiraganda namoyon bo`ladi.

— Bosh aylanishi qachon kuzatiladi?

— Bu dardga chalingan bemorlarning 30-35 foizida bosh og`rig`i bosh aylanishi bilan kechadi. Boshning aylanishi odatda ertalab kuzatilib, shiddat bilan o`rindan turganda yoki boshni tez ko`targanda boshlanadi. Bundan tashqari, bosh aylanishi tik turganda, jismoniy mashqlar bajarganda, transportda yurganda, metro eskalatoridan tushayotganda, dim xonada o`tirganda, issiq hammomda, issiq vanna qabul qilganda va uzoq vaqt ovqatlanmaganda paydo bo`ladi. Bosh aylanishi quloqlarda shang`illash, ko`zning qorong`ilashishi va ko`ngil aynashi, qusish bilan kechadi.

— Yurakka ham og`riq beradimi?

— Birlamchi arterial gipotenziyada bemor yurak og`rig`idan shikoyat qiladi. Og`riq yurakning tepa qismida kuzatilib, siquvchi, sanchiqli bo`lib, kun davomida davom etadi. Ayrim hollarda jismoniy ish qilganda yoki hayajonlanganda og`riq paydo bo`lib, chap qo`l va chap kurakda seziladi.

Bundan tashqari, ayrim bemorlarda dim xonada havo etishmasligi, sovqotish, qo`l va oyoqlarning uvishishi, mushaklarning og`rishi, qabziyatning buzilishi, erkaklarda urologik muammolarning paydo bo`lishi kuzatiladi.

Qon bosimi pasayishi kasalligini qon bosimi oshishidan farqlash uchun yuqorida tilga olingan alomatlarga diqqat qiling. Bu ikkala kasallikda ham uy sharoitida, o`zboshimchalik bilan davolanish mumkin emas. Alomatlarini sezishingiz bilan darhol shifokorga murojaat qiling.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1