04.02.2014 12:48
Ulug`bek Rahmatullaevning “Meni kechiri” ham o`g`irlanganmi?
Musiqa, yo`nalish xuddi Rahmatullaevning “Meni kechir”ini takrorlasa-da, butkul boshqa nomdagi, ya`ni, xonanda Yoqubbek Qudratovning “Sensiz” nomli qo`shig`i ekani ma`lum bo`ldi. Tinglovchilarda esa “Rahmatullaevning qo`shig`i yana bir boshqa xonanda tomonidan kuylandimi?” “Bu qo`shiq ham o`g`irlanganmidi?” degan savollarning tug`ilishiga sabab bo`ldi. Ushbu masala yuzasidan "Darakchi" gazetasi muxbiri qo`shiqning g`oya muallifi Ahmad Xojimatovga murojaat qildi.
Ahmad Xojimatov, bastakor: — Qo`shiq o`g`irlanmagan! Qo`shiqni xonanda Yoqubbek Qudratovga berganimda yoqtirmadi. Oradan biroz vaqt o`tib, Ulug`bek Rahmatullaev shu qo`shiqni kuylab chiqdi. Yoqubbekka qo`shiq yoqmagani uchun uni ommaga e`lon qilmaydi, deb o`ylagandim. Qo`shiqlar bir biriga ikki tomchi suvdek o`xshasa-da “Meni kechir”ning so`zlari shoir Ahad Qayumga, Yoqubbek Qudratovning “Sensiz” qo`shig`i she`ri esa Tohir Muhammad qalamiga mansub.
Masalaga xonanda Yoqubbek Qudratov aniqlik kiritadi.
Yoqubbek Qudratov, xonanda: — Bu qo`shiqni Ulug`bek Rahmatullaev kuylaganini qo`shiq tinglovchilarga taqdim etilmaguncha bilmagandim. Ustiga-ustak bu qo`shiqni undan avval yozganman. Shunchaki o`zimga biroz yoqmagani uchun muxlislarga taqdim etmagandim.
Lekin qo`l telefonlar orqali tarqab ketdi. Ko`pgina radioto`lqinlarda mazkur qo`shiqlar ketma-ket efirga uzatilyapti. Tinglovchilar esa hayratda. Ochig`i, bu holatga qanday baho berishni ham bilmaysan kishi. Avvalari xonandalarning xorijdan o`g`irlab kuylashlarini qoralar edik. Endi navbat o`zimizdan o`g`irlashga keldi, shekilli.





