07.02.2014 12:20
Sovchi niqobi ostidagi jinoyatchilar qilmishiga yarasha jazo oldi
Bizning qahramonlarimiz Zulfizar, Gulnora va Feruzalar (ism-familiyalar o`zgartirilgan) ana shu “kasb kor” ortidan harom pul orttirib kelishardi. Garchi bu kirdikorlari bir necha bor fosh etilgan bo`lsa— da, ular tegishli xulosa chiqarmasdan firibgarlikni davom ettirishdi.
Bu gal Zulfizar navbatdagi safar uchun o`gay xolasi Gulnorani hamroh qilib oldi. Xola-jiyan kula— kula jinoiy reja tuzib, Samarqand viloyati Bulung`ur tumanidagi Buyum bozoriga yo`l olishdi. Bozorga etib kelgach, chor tarafga razm tashlab, sodda bir ayolni so`roqqa tutishdi:
— Shu erda yashaysizmi, yaxshi ayolga o`xshaysiz, bir masalada yordamingiz kerak. Biz qo`shni tumandan kelin axtarib keldik, — dedi Zulfizar.
— Ha, shu erda turaman. Mahallamizda yaxshi qizlar ko`p, ayniqsa, Mahmudaxonning qizi juda tarbiyali. Shu yaqin atrofda turishadi. Xola-jiyanlarga bu aniq javob ma`qul keldi chog`i, suhbatdosh ayolga minnatdorchilik bildirib aytilgan uyni osongina topib borishdi. Uy egasini chaqirishdan avval yoshi picha kattaroq bo`lgani bois Gulnora “yigitning onasi” qiyofasiga kirdi. Allaqaerdan topib olingan harbiy libosdagi xushro`y yigitning surati juda asqotishini har ikki “sovchi” yaxshi bilardi.
— Esingizdan chiqmasin, xola, men sizning buxorolik dugonangiz Nigoraman, — ta`kidladi Zulfizar.
Ular ikki-uch bor chaqirishgach, ichkaridan uy bekasi chiqib keldi. Begona ayollarning “sovchi” ekanini bilgach, uy bekasi ularni mehmonxonaga boshladi. Hol-ahvol so`rashishgach, Gulnora maqsadga o`tdi:
— Men Jomboyda turaman, o`g`lim harbiy. O`zimizda biron-bir qizni ma`qul topmagach, shu ta`bi nozik o`g`limga yaxshi odamlar tavsiyasi bilan qizingizni loyiq ko`rib keldik. Bu dugonamning ismi Nigora. Qarindoshlarim bilan kelsam, bizni so`rab-surishtirishga iymanasiz, deb Nigorani hamroh qila qoldim. Istagan narsangizni sira tortinmay, undan so`rayvering.
Zulfizar xolasi Gulnoraning so`zamolligiga, o`z “rolini” qoyilmaqom ijro etayotganiga ich-ichidan tan berdi-yu, darhol suhbatga aralashdi:
— Bo`lg`usi kuyov bolaning ismi Ulug`bek. Mana, surati: endi qizingizni chaqiring, bir ko`raylik. Harqalay shunday tolei baland yigitga munosibmikan, bilaylik... Mahmudaxon bu aldovlarga astoydil ishongan, qiziga shunday ajoyib kuyov topilganidan o`zida yo`q xursand edi. U shosha-pisha qizini chaqirish uchun qo`shni xonaga yo`naldi. Tabiatan tortinchoq Matluba onasi nechog`lik qistamasin, “sovchilar”ga ko`rinishdan andisha qildi. Uning xijolat tortayotganini eshitgach, xola-jiyan zimdan bir-birlariga qarab olishdi-yu, “hech bo`lmasa Matlubaning rasmini” ko`rsatishni so`rashdi. Gulnora Matlubaning suratini qo`liga oldi-yu, maqtay ketdi:
— Voh, bu qiz o`g`limga juda mos ekan, ko`z tegmasin, shu qizni kelin qilganim bo`lsin...
“Nigora” suratni qo`liga oldi-yu, beo`xshov esnadi:
— Ey, dugonajon, buni Ulug`bekka ko`rsatishdan avval yo`lini ochib yuborish kerak. Chunki Matlubaning yo`llari yopiq, qaysidir badbaxt uning baxtini bog`lab tashlagan, — dedi. Mahmudaxon ilkis cho`chib tushdi. Haqiqatan ham qaynopasi Matlubani o`g`liga so`rattirgan, turmush o`rtog`i unga rad javobini bergandi. Shundan buyon aqlli va ko`hli bo`lishiga qaramay, Matlubaga durustroq joydan sovchi kelmagandi. Shularni ko`nglidan o`tkazgan uy bekasi Nigoraga iltijoli ko`zlarini javdiratib:
— Aylanay, Nigoraxon, men bunaqa issiq-sovuqlarga qiziqib ko`rmaganman, nima qilsam qizimning baxti ochiladi? — deya so`radi.
Zulfizar “bama`nilik” bilan so`z boshladi:
— Bemorning tuzalgisi kelsa, tabib o`z oyog`i bilan kelarkan. Girgitton bo`lay, oyday qizingizning baxtini o`zim bodroqday ochib beraman. Nasib, qizingizdek baxtli kelin bu olamda bo`lmaydi. Bir banka suv, bir piyola tuz, bir piyola quruq choy, paxta, oq ip va zanglamaydigan buyum, iloji bo`lsa tilla taqinchoqlaringizni keltiring.
Mahmudaxon shosha-pisha “folbin” so`ragan narsalarni muhayyo qildi. Patnisda keltirilgan ikkita tilla zanjir, ikkita uzuk, bir juft tilla zirak Zulfizarning ko`zini quvnatdi. U qimtinibgina kirib kelgan Matlubaga ters qarab o`tirishni buyurdi-da, pichirlagancha nimalarnidir o`qiy boshladi. Shu asnoda barcha tilla buyumlarni olib, paxtaga o`radi va ip bilan mahkam chirmadi. Miq etmay o`tirgan Mahmudaning beliga go`yoki aynan shu paxtaga o`ralgan tilla buyumlarni bog`lagach, picha tin oldi. So`ng duoga qo`l ochib, uzundan-uzoq fotiha qildi:
— Dugonam ikkimiz etti ko`cha naridan tosh terib kelamiz, so`ng yana o`qishda davom etaman. O`qiganimni erkak kishi bilmasin, Matlubaning belidagini ertaga echamiz. Tilla buyumlar yarqirab, jilolanib turgan bo`lsa, baxti ochilgani shu bo`ladi, xira tortgan bo`lsa, yana o`qishimga to`g`ri keladi.
Umrida birinchi bor “o`qitgani” uchun angrayib qolgan ona-bola “sovchi” va “folchi”ni darvozagacha kuzatib chiqishdi. Oradan ikki soat o`tsa ham “Nigora” va sovchi qaytmagach, Mahmudaning ko`ngliga shubha oraladi:
— Qizim, belingdagini ech, tag`in bu ikki ayol tilla buyumlarimizni o`marib, juftakni rostlagan bo`lsa-ya... Ikkovlon zudlik bilan o`rab-chirmab qo`yilgan paxtani ochishdi-yu, hayratdan yoqa ushlashdi. Paxtada tilla buyumlar o`rnida oltita mayda tosh bor edi. O`sha kezda ona zir yugurgancha u yoq-bu yoqqa chopib, “aldoqchilar”ni izlashga tushishdi, biroq bundan biron naf chiqmadi. Oxir-oqibat Mahmuda ichki ishlar bo`limiga ariza bilan murojaat etdi.
NAVBATDAGI O`LJA
O`sha Zulfizar bilan Gulnora, yo`lovchi mashinada Samarqand shahriga yo`l olishdi. Tilla buyumlarni Siyob bozorida 700 000 ming so`mga pullab, tushumni “arra” qilishdi. Shundan so`ng Gulnora Shahrisabzga, Zulfizar esa Toshkentga yo`l oldi. Bu erda u yana eski “hamkori” Feruza bilan “zarur ish yuzasidan” uchrashishi kerak edi. O`zaro kelishuvga muvofiq, poytaxtda topishgan ikki dugona fursatni boy bermay, Zangiota tumani Xonobod qishlog`iga keldi. Ikki dugona yangi qurilgani shundoqqina sezilib turgan, serhasham uy yonida to`xtashdi. Ikkovlon zudlik bilan darvoza yoniga o`zlari bilan olib kelgan soch, tirnoq, arab harfida bitilgan yozuvni ko`mib qo`yishdi-yu, uy egasini chaqirishdi. Xonadon sohibasi Gulchehra Mannopova notanish ayollarni qarshilarkan, nega kelganlarini surishtirdi.
— Sizga yaxshilik istab keldik, — dedi Zulfizar qat`iy ohangda. — Ismim Nigora. Eshigingiz yonidan o`tayotib, “farishtalar”ning amri bilan to`xtab qoldik. Sizga badbaxt kimsalar yomonlik tilab, darvozangizga “amal” ko`mib ketgan. Zulfizar shu qadar ishonch bilan gapirardiki, Gulchehra Mannopovaning ko`ngliga beixtiyor g`ulg`ula tushdi. U qo`rquv bilan so`radi:
— O`sha “amal” qaerga ko`milgan?
— Avval belkurak olib chiqing, — dedi Feruza.
Xonadon sohibasi zumda belkurak keltirdi. Zulfizar allanimalarni pichirlagancha haligina o`zlari ko`mib qo`ygan joyni kavlashga tutindi. Uch-to`rt urinishdan so`ng Gulchehra Mannopovaning tili kalimaga kelmay qoldi. Sarg`ayib ketgan qog`ozga arab harflari bilan bitilgan yozuvni qo`lga olgan Feruza, garchand hech qanday savodi bo`lmasa-da, uni o`qigan bo`ldi va vahimali ovozda xitob qildi:
— Bu qog`ozga uyingizdan uch o`lik chiqsin, deb yozilgan ekan, soch, tirnoqlar sirini Nigoradan so`rang...
Bunday vahimali gapdan batamom esankirab qolgan Gulchehra hushyorlikni butkul unutib, notanish ayollarga najot ko`zi bilan boqdi. Fursatdan foydalangan Zulfizar yanada jonlandi:
— Qizlaringizga atab qo`ygan tilla buyumlarni olib chiqing. Xavotirlanmang, o`qiymanu darhol qo`lingizga qaytaraman...
Gulchehra Mannopova uyga kirdi-yu, 1 dona tilla qalin zanjir, 1 dona zanjirli bilaguzuk, 3 juft uzuk zirak va 2 ta nikoh uzugini olib chiqdi. Feruza tilla buyumlarning barchasini paxtaga o`radi-yu, ip bilan mahkam bog`ladi.
— Eringizning ko`ylagi bilan sizning ro`molingiz ham kerak, — dedi Zulfizar. — Belingizga bog`lab o`qisam, foydasi ortadi. Uy bekasi yana uyga kirgan chog`da Feruza avvaldan tayyorlangan paxtaga o`ralgan toshni Zulfizarga uzatib, uning qo`lidagi tilla buyumlar o`ralgan tugunchani oldi-yu, chaqqonlik bilan yashirib qo`ydi. Zulfizar ayol bergan ro`mol bilan erkaklar ko`ylagiga qo`lidagi tugunchani soldi-da, hali-hamon qo`rquvdan karaxt holda turgan Gulchehraning beliga bog`lab, “o`qish”ga tutindi. Uzoq muddatli pichirlashdan so`ng yuziga fotiha tortib, uy bekasiga buyurdi:
— Belingizdagini echib, tomga otib yuboring. Falokatingizni aritdim, shu bilan “ettinchi osmon”ga uchib ketadi.
— Tomdan qanday olaman, xo`jayinim ishda bo`lsalar?.. — talmovsirab so`radi Gulchehra.
— Bo`yingizdan balandga otmasangiz, “ettinchi arsh”ga ko`tarilishi qiyin bo`ladi. Jillaqursa shkafning ustiga uloqtiring. Yanagi safar kelsam, menga “po`mbarxit ko`ylak” olib berasiz, opa-singil bo`lib qoldik endi, — deya ta`kidladi Zulfizar.
Shu chog` qo`shni xonadonning darvozasi ochilib, bir ayol ular tomon kela boshladi. Feruza oshiqqancha uning yo`lini to`sdi:
— Hozirgina Nigora opam qo`shningizning falokatini aritdi. Ularga yaqinlashsangiz, shu qora niyat sizga yopishadi. Tezda uyga kirib etish to`g`risida buyruq olgan Gulchehra Mannopova ham darvozani ichkaridan tambaladi. Oradan biroz vaqt o`tgach, Gulchehra Mannopova ham shkaf ustidagi “o`qilgan buyumlar”ni tekshirib ko`rdi-yu... osongina qarmoqqa tushganini tushundi. U turmush o`rtog`i hamrohligida ichki ishlar bo`limiga mazkur holat yuzasidan ariza bilan murojaat etdi.
DOG`DA QOLGAN AYoLLAR
Ikki soat ichida mo`maygina daromadni qo`lga kiritgan ikki dugona yana Samarqandga qaytib, tilla buyumlarni pullashdi. Ular avvalgi qilmishlarining “misi” chiqmaganidan mamnun holda endi Qarshi tarafga otlanishdi. Buni qarangki, pixini yorgan bu ikki makkora endi tabib qiyofasiga kirib, atrofdagilardan qaysi xonadonda tuzalmaydigan bemor borligini so`ray boshlashdi. Kimningdir tavsiyasi bilan uch yoshga to`lsa-da, hanuzgacha gapirmayotgan o`g`lining dardida kuyib yurgan Flora Turdievaning uyini izlab topishdi.
— Biz — ikki dugona, birimiz tabib, birimiz folbin. Olloh bandalarimning mushkulini birga oson qilsin, deya bizni yo`liqtirgan, — so`z boshladi Feruza. — Folbin dugonam uyingizda gapirolmaydigan kimdir borligini aytgani uchun sizni bezovta qildik. Flora “folchi”ning topqirligiga tan bergancha javob qildi:
— O`g`lim uch yoshga to`lsa-da gapirmayapti. Nima qilishga boshimiz qotgan...
— Singlim, avvaliga o`g`lingizni bir yaxshilab o`qib, jin-ajinalardan xalos etay. So`ngra dugonam tabobat muolajasiga o`tadi, — Feruza shu taxlit Bulung`ur va Zangiotada bajargan “yumushlari”ni aynan takrorladi. U “mijoz”ni ishontirish maqsadida bo`g`iq tovushda kekirar, tinmay esnar, hatto ko`zlaridan yosh oqizardi. Axiyri fotihaga qo`l ochib, ishni tugatdi-yu, bolishga go`yoki yonboshlab qoldi.
— Tegirmonga borib, og`ir yukni suvga otib qaytmasam bo`lmaydi. Sen ungacha muolajangni boshlab tur, —dedi u dugonasiga. Shu tariqa o`rnidan turib, ko`chaga yo`naldi.
— Bu holatda bir o`zing tegirmonga etolmaysan. Birga boramiz. Uy bekasi ularga tegirmonga qanday borishni tushuntirdi-yu, shom qorong`usigacha “tabib” va “folbin”ning qaytishini kutdi. Turmush o`rtog`i ishdan qaytgach, xontaxta ustida qoldirilgan paxta tugunchani echishga kirishdi. Anglaganingizdek, F.Turdieva ham 1 ta tilla zanjir, 1 juft uzuk-zirak va 1 ta erkaklar nikoh uzugini firibgarlarga qo`shqo`llab topshirgandi. Bu orada Feruzaning onasi qo`ng`iroq qilib, chaqirib qoldi-yu, Zulfizar yana xolasi Gulnora bilan til biriktirishga majbur bo`ldi.
SO`NGGI “SOVChILIK”
Xola-jiyan endi Kattaqo`rg`onga “tashrif buyurishdi”. Odatdagiday sovchi qiyofasiga kirib, so`rab surishtirib, Surayyo Yangiboevaning uyiga kirib borishdi. Tag`in o`sha xushbichim yigitning suratini ishga solishdi. Bu galgi “o`lja”ning ham cho`g`i baland edi. “Baxti bog`liq” opa-singillar Setora va Sayyoraning bahosi 2 million 350 ming so`mlik tilla buyumlari paxta orasiga olingach, toshga “aylanib qoldi”. Hiylakorlar barcha “amallar”ni poyoniga etkazgach, duoi fotiha bilan yo`l tadorigini ko`rishdi. Setora allaqanday shubha-gumonga borganidanmi, ularni Samarqand shahriga qatnovchi avtomashinalarning qo`nalg`asigacha kuzatib keldi. “Sovchi” va “folchi” shosha-pisha oq rangli, “Tiko” rusumli avtomashinaga o`tirishdi-yu, Setoraga “Ortingga qaramay, uyingga ket, hech kim bilan gaplashma”, deya qattiq tayinlashdi. Setora uyga kirar-kirmas tugunchani ochdi. Ona-bolalar paxta ichiga o`ralgan toshlarni ko`rib hangu mang bo`lib qolishgandi. Xayriyatki, Setora tezda o`zini qo`lga olib, Ichki ishlar bo`limiga qo`ng`iroq qildi va ikki firibgarning “Tiko” rusumli avtomashinada Samarqand shahriga jo`nab ketganini ma`lum qildi.
Zulfizar bilan Gulnora yangi “o`lja”ni qanday sarflash to`g`risida maroq bilan so`zlashib ketayotgan paytda Ichki ishlar bo`limi xodimlari tomonidan “Tiko” haydovchisi to`xtatildi... Ularning hamyonidan topilgan tilla taqinchoqlar ashyoviy dalil tariqasida olindi va egalariga qaytarildi. Zulfizar Rahmanova va Feruza Mirzaeva dastlabki tergov chog`ida o`z ayblariga to`liq iqrorlik bildirdi. Shuningdek, barcha jabrlanuvchilarga etkazilgan zararlar to`liq qoplandi.
Zulfizar Rahmanovaning xolasi va ayni chog`da qaynonasi Gulnora Yusupova tergovdan yashiringani bois unga nisbatan qidiruv e`lon qilinib, jinoyat ishi alohida ish yurituviga ajratildi.
Sud Z.Rahmanova va F.Mirzaevani firibgarlik jinoyatini sodir etganlikda aybdor, deb topdi va ularning har ikkisiga nisbatan qonuniy jazo tayinladi.
"Darakchi" gazetasi 2- son
[right]Ismatulla MAMANOV, Jinoyat ishlari bo`yicha
Toshkent viloyati sudining sudyasi.
Dilfuza RAHIMBEKOVA,
huquqshunos-jurnalist[/right]





