1

TOShKENTDA YuZ YIL AVVALGI OILALARGA FOTOSAYoHAT UYuShTIRILDI

Madaniyat 27.10.2017, 10:44
TOShKENTDA YuZ YIL AVVALGI OILALARGA FOTOSAYoHAT UYuShTIRILDI

Toshkent fotosuratlar uyida O`zbekiston Badiiy akademiyasi va Rossiya Federasiyasi Madaniyat vazirligi hamkorligida “Oilaning Evro-osiyo madaniyatidagi o`rni. XX asr” deb nomlangan ko`rgazma ish boshladi.

Ko`rgazma ochilishida keng jamoatchilik vakillari, san`atshunoslar, rassomlar va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi. Unda xalqlarimiz o`rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashda madaniy-gumanitar sohadagi aloqalar, jumladag bu kabi tadbirlar muhim ahamiyat kasb etayotgani ta`kidlandi.

Ko`rgazmadan Rossiya etnografiya muzeyida saqlanayotgan, Evropa va osiyo xalqlarining kamida bir asr avvalgi oilaviy qadriyatlari aks etgan 80 dan ortiq fotosuratlar o`rin olgan. Mazkur ko`rgazma ishtirokchilari moziyga sayohat qilib, O`rta Osiyo, Volgabo`yi, Kavkaz, Sibir, slavyan, fin-ugor xalqlarining XIX asr oxiri– XX asr boshlaridagi hayot tarzi, oilaviy munosabatlari, an`analari, kiyim-kechaklari, turar-joylari haqida muayyan tasavvurga ega bo`lishdi.

Mazkur ko`rgazmada o`sha davrlarda yurtimiz tarixiga oid qimmatli fotosuratlar ham namoyish qilindi. Masalan, S.Dudinning «Sherdor madrasasi yaqinidagi ko`chada bozor kuni» deb nomlangan surati 1902 yilda olingan. Ko`hna Samarqand manzarasi muhrlangan bu suratda ajdodlarimiz turmush tarzi o`z ifodasini topgan. D.Ermakovning «Ip yigirish», V.Mashechkinning «Buvi qizi va nabirasi bilan», I.Abramovning «O`rim oldidan» kabi fotolavhalarda ham o`tmishning qiziqarli va nodir manzaralari aks etgan.

Mazkur ko`rgazma 2 noyabrgacha davom etadi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1