1

Olmaxon HAYITOVAning so`nggi iltimosi...

Shou-biznes 08.02.2014, 15:29
Olmaxon HAYITOVAning so`nggi iltimosi...
Yangi yilni oilam davrasida ko`tarinki kayfiyatda qarshi olgan bo`lsam-da, 2014 yilning ilk tongi bizni yaxshi voqealar bilan siylamadi. Kechki tomon eshitgan xabarim hammasidan o`tib tushdi: O`zbekiston xalq artisti Olmaxon Hayitova olamdan o`tibdi... Quloqlarimga ishongim kelmasdi. Xayolimda tinimsiz “Nahotki, nahotki? Bo`lishi mumkin emas!” degan o`y charx urardi. Yolg`on bo`lib chiqishini istaganim — bu noxush xabar afsuski, chin edi...  Iste`dod cho`qqiga etaklaydi
 
Hayotligidayoq o`zbek san`atining tirik afsonasi bo`lishga ulgurgan O`zbekiston xalq artisti
Olmaxon Hayitova san`atkorlar oilasidan bo`lmasa-da, oila-a`zolarining bu “olam”ga mehri bo`lakcha edi. Otasi o`ziga to`q odam bo`lgani bois xonadonidan tuyadan tortib, istalgan turdagi parrandalargacha topish mumkin edi.

Olmaxon Hayitova oilada uch o`g`il va uch qizning kenjasi edi. Bolaligidanoq san`atga bo`lgan ishtiyoqi sababmi, maktab partasini chalib laparlar kuylar, hatto qo`y boqib yurganida qo`lidagi tayyoqni tor qilib, qo`shiqlar xirgoyi qilardi. Juda sho`x-shaddod qizcha bo`lgani bois, o`qituvchilarini bezor qilib, goh darslardan ham quvilardi.
San`atning nonini eyish uchun temirdan tish kerakligini bolalarcha qalbi bilan anglolmasa-da, bu sohaga bo`lgan mehr-muhabbat boshqa yo`ldan borishga yo`l bermadi. Olmaxon Hayitovaning san`at olamiga qo`ygan ilk qadamlari maktab davrlaridan boshlangan. Chunki hech bir tadbir usiz o`tmasdi-da!

Olmaxon Hayitovaning tumanda o`tkazilgan qo`shiq tanlovidagi ishtiroki uning hayotini butunlay o`zgartirib yuboradi. Kuylashini eshitgan to`garak rahbari Olmaxonni poytaxtda o`tadigan galdagi san`at tanloviga yuboradi. Respublika miqyosida o`tkazilgan tanlovda laureat bo`lib qaytadi.

1959 yili Moskvada o`tkazilgan adabiyot dekadasida ham ishtirok etib, laureatlikni qo`lga kiritadi.

Ustoz ko`rgan shogird

1961 yili ustoz san`atkor Komiljon Otaniyozov “Xorazm ashula va raqs” ansamblini tashkil etadi. O`shanda Komiljon Otaniyozov doirachisiga qo`shib bir ayolni “Olma ismli qizni topib kelinglar!” deb Xorazmga yuboradi. Biroq Olmaxonning akalari bu taklifdan quvonishmaydi. Aksincha “Sen artist bo`lib, yuzimizni erga qaratmoqchimisan?” deya singlisini kaltaklashadi. Lekin ota-onasi “Komiljon Otaniyozovning shaxsan o`zi taklif qilibdi-ku! Bu erda yursang, akalaring san`atkor bo`lishingga qarshilik qilishda davom etishadi” deb, qiziga oq fotiha berib, poytaxtga yuborishadi. Shu tariqa 1963 yildan Toshkentdagi Qori Yoqubov nomidagi filarmoniyada ishlay boshlaydi. O`n yil ustoz san`atkor Komiljon Otaniyozov bilan birga ijod qilish baxtiga muvaffaq bo`lgan.

“Qayta tug`ilsam ham u bilan oila qurganbo`lardim!”

— Olmaxon Hayitova bir ansamblda ishlagan childirma va rubob chaladigan yigitga turmushga chiqqan. Biroq bu oila sevgi emas, taqdir nomli asosga qurilgandi.
— 1959 yili Moskvada o`tkazilgan O`zbekiston kunlarida Madaniyat uyidan yuborilganlar ichida ikkovimiz ham bor edik, — deydi Olmaxon Hayitovaning turmush o`rtog`i Ruslan Madrahimov. — U erdan qaytgach, Mannon Uyg`ur nomidagi viloyat teatriga bir guruh xorazmliklarni ansambl tuzib olib qolishgan. O`sha erda tanishib qolganmiz. Fe`l-atvorimiz bir-biriga mos keldi shekilli, 1960 yili Olmaxon bilan oila qurdik. Ansamblda besh yil birga ishladik. So`ng yuridik fakultetga o`qishga kirib, sohamni o`zgartirdim. Hozir nafaqadagi polkovnikman. Olmaxonni hamma jihatini birdek yaxshi ko`rardim. Qayta tug`ilish imkoni bo`lganida hech ikkilanmay yana Olmaxon bilan oila qurardim! Ularning mazmunli umr kechirishganiga Olmaxon Hayitovaning bot-bot takrorlaydigan “Hayot yo`llarimda turmush o`rtog`imni uchratmaganimda, hozirgi Olmaxon Hayitova ham bo`lmasdi!” degan gapidan payqash qiyin emas.

“Vafot etganiga ishonmadim...”

— Dekabrning boshida Xorazmda, yonimda edi, — deydi Ruslan og`a Madrahimov. — Lekin 26-kuni “Televideniega suhbatga chaqirishgan”, deb Toshkentga ketishga taraddudlandi. Ketayotganida “Yangi yilni poytaxtda kutavering, yana Xorazmga qaytib o`tirasizmi?” dedim. Bunga qadar ham Xorazm televideniesidagi intervyu uchun ikki-uch marotaba kelib ketgandi-da! Uzoq yo`l bo`lgani uchun Olmaxondan havotirlangandim. 30 dekabr kuni qo`ng`iroq qilib, “Samolyotga chipta oldim, 31 dekabr kuni tongda meni kutib oling”, dedi. Kayfiyati chog`, soppa-sog` edi. Yo`lda toliqqani uchun tushlikka qadar yotib dam oldi. So`ng ikkimiz birga bayram dasturxoni uchun bozor qildik. Kechki payt “Chaqirib qo`yishmayapti, bir xonadonga borib fotiha qilib qaytaman”, dedi. U erdan chiqqach, katta qizim bilan ikkinchi o`g`limiznikiga ketdi. Yangi yilni birga kutmadik. Boisi Olmaxon “Yangi yilni onam yashab-o`tgan uyda kutaman! Bugun shu erda yotib qolaman”, dedi.

Olmaxon Hayitova bayram kuni hazil aralash gap orasida “Vafot etsam, uch kun onamning uyida mehmon qilib, so`ng “Oxun buva” qabristoniga qo`yinglar. Olgan mukofotlarimni kichkina yostiqchaga tikib, jonim uzilganida yonimga qo`yib qo`yishni ham unutmanglar, lekin men  hali o`lmayman!” degan. Unga qarab turgan kelini nimadir yumush bilan tashqariga chiqmoqchi bo`lganida, Olmaxon Hayitova uni  yonidan ketkazmagan. Bu paytda o`g`li ikkinchi bor kelgan “tez yordam”ni kuzatishga chiqqandi. Ukol ta`sirida uyqu elita boshlagan paytdagina, keliniga “Mayli, boravering, biroz yotib uxlayman”, degan. Uy yumushlarini bajarib, xabar olgani kirgan kelini “Oyi” deb chaqirgan, biroq... Kechki soat 18:00da O`zbekiston xalq artisti Olmaxon Hayitovaning joni uzilib bo`lgandi...

Shifokorlarning aytishicha, infarkt va insult bir paytda kelgan va yurak buni ko`tarolmagan ekan...

Ruslan Madrahimov, Olmaxon Hayitovaning turmusho`rtog`i: — 1yanvarkuni tushlikka yaqin kelinim qo`ng`iroq qilib, “Onam qon bosimini tushiradigan dorilarini so`rayapti”, dedi. Dorini olib bordim. Ichgach “biroz dam olaman”, dedi. Bir og`aynimning tug`ilgan kuni edi, birrov tabriklashga ketdim. Soat 17:00larda uyga kelsam, osma dori olayotgan ekan. Tez yordamdagi shifokor “biror  yoqmaydigan egan bo`lsalar kerak, ovqatdan zaharlangan. Osma doridan so`ng ahvollari yaxshilanmasa, soat 20:00larda yana bitta osma dori qo`yamiz”, dedi. “Uyga olib ketaman”, desam shifokor “bir soat yotishi kerak”, deya javob qaytardi. Olmaxon “Uyga borib, sho`rva tayyorlatib turing”, dedi. Eshikdan kirib, endi kiyimlarimni almashtirgandim hamki kelinim qo`ng`iroq qilib “Ota, tez etib keling! Onamning tobi qochdi”, dedi. Mashinaga o`tirganimni bilaman, o`g`lim qo`ng`iroq qilib “Ota... onamni berib qo`ydik...” deb yig`lab yubordi (ko`ziga yosh oldi).

Rosti, gapiga ishonmadim. Oldidan ketayotganimdaahvoli yaxshi edi-da! O`t qopi olib tashlangan edi,  bosh miya va yurakdan bittadan tomir zo`riqib,yorilgan chog`i. Tez yordam kelib “Shifoxonaga olib ketamiz”, deganida “bormayman” deb oyoq tirab turib olgandi. O`shanda qaysarlik qilmaganida hozir yonimizda bo`larmidi (yig`lab yubordi)... Shu vaqtgacha biror marotaba kasal bo`lib yotmagan, faqat qon bosimi bezovta qilib turardi.
Olmaxon bilan ellik besh yil birga baxtiyor hayotkechirdik. Biror marta sen-menga bormaganmiz. Bir-birimizga hurmat va mehrimiz cheksiz edi. 72 yoshdaman, lekin boshimizga tushgan dard meni yanada qaritib yubordi. Olmaxonni eslab, har kuni yig`layman, o`zimni qo`lga ololmayapman... 18 yanvar kuni Toshkentda amri-ma`ruf qildik. Saksongakirgan qariyalar ham ko`zda yosh bilan kelishdi, uch mingdan ziyod odam yig`ildi. O`sha kuni xalqqa qanchalik yaqin san`atkor ekaniga yana bir karra amin bo`ldim!  

 
Ta`bir joiz bo`lsa, sira qo`lidan tor tushmagan, O`zbekistonxalq artisti Olmaxon Hayitova o`lgani yo`q! U millionlab muxlislar qalbi, yodi va shubhasiz umrboqiy qo`shiqlarida mangu yashaydi. Ibtido bor ekan, intiho bo`lishi ham tabiiy. Eng muhimi, o`tganning ortidan berilgan “Yaxshi inson edi!” degan so`nggi baho! Bu umr yo`liga berilgan eng yuksak e`tirof! Olmaxon Hayitova ham betakror ijodkor sohibasi, ham inson sifatida shunday e`tirof, e`zoz va ehtiromga loyiq bo`la oldi!   
 
Bilasizmi?

  • 1940 yilning 6 martida Xorazm viloyatida tug`ilgan.[/*]
  • 1968 yili “O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan artist” unvoni bilan taqdirlangan.[/*]
  • 1992 yili “O`zbekiston xalq artisti” unvoni topshirilgan.[/*]
  • 1993 yili “Qoraqalpog`iston xalq artisti” unvoni sohibasi bo`lish nasib etdi.[/*]
  • Toshkent Davlat madaniyat va san`at institutida dars bergan.[/*]
  • “Xorazm ashula va raqs san`ati” nomli ikkita kitobi nashrdan chiqqan.[/*]
  • 2 o`g`il, 2 qizning onasi, 13 nevara va 12 chevaraning buvisi edi. [/*]
Sadoqat ALLABERGANOVA tayyorladi
 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1