Oila qanchalik mustahkam bo`lsa, bu xonadon sohibu sohibalari jamiyatda ham ko`pdan-ko`p yutuqlarga erishishi bor gap. E`tibor berganmisiz, agar oila parokanda bo`lsa, ota-ona bo`lar-bo`lmasga janjallashaversa, ajrashib ketgan bo`lsa, bu shu oilada tarbiya ko`rgan farzandlar taqdiriga ham ta`sir qiladi.
Men bir ayolni bilaman: «Bolaligimni eslaganda faqat ota-onamning janjallari ko`z oldimga keladi», degandi u. «Ukalarim bilan bu ur-to`polonlardan shunchalik bezib qolgandikki, hatto «oila shunaqa bo`lsa, hech qachon turmushga chiqmayman», derdim. Ukalarim ham janjalga sababchi bo`lib qolishdan qo`rqib, qimtinib yashardi. Oxiri ota-onam ajrashib ketishdi. Biz shunday vaziyatda — oilaning muqaddasligini anglamay voyaga etdik. Biz uchun oila go`yo g`urbat o`chog`i edi, chunki ota-onam ajrashgandan keyin janjallardan ham qulog`imiz tingan edi-da… Aslida inson uchun eng asosiysi oila ekanini, uning qanchalar muqaddasligini endi, tanishlarimning ahil, havasim keladigan oilalarini ko`rib angladim. Oila shunchalar muqaddas dargoh ekanki, uni turmushning mayda-chuyda tashvishlari, odamlarning rost-yolg`on gap-so`zlaridan baland qo`yish kerak ekan! Afsuski, menda ham, ukalarimda ham ota-onamizning taqdiri takrorlandi. Kenja singlimgina «odobni beodobdan o`rgan» qabilida ish tutib, oilasi mustahkamligi uchun jon-jahdini ayamaydi. Shunda ham baribir parokanda bo`lgan oilamiz taqdiri uning oilasiga ham soya solib turadi. Ba`zan qaynonasi ota-onamizning ajrashganini ro`kach qilib turarkan… Nahot endi bu bir umr bizni ta`qib etsa deb siqilaman…»
Xulosa: kelajakda farzandingizning oilasi tinch-totuv, osoyishta bo`lishini, ko`plab yutuqlarga erishishini, baxtli hayot kechirishini istasangiz, unga oilangizni mustahkamlash, unda sog`lom muhitni yaratish orqali baxtiyor bolaligini ta`minlab berishingiz, avvalo o`zingiz o`rnak bo`lishingiz kerak ekan!
Manba: «SUG‘DIYONA» gazetasi.






