AsosiySUG'DIYONA

«QAYNONAM SAMARQANDGA OLIB KETMOQChI»

'«QAYNONAM SAMARQANDGA OLIB KETMOQChI»'ning rasmi

Hozir 26 yoshdaman. Turmush qurganimga to`rt yil bo`ldi. Yaxshi xonadonga qo`shkelin bo`lib tushganmiz. Asli samarqandlikmiz, ota-onam Toshkentda istiqomat qiladi. Bu orada ovsinim farzandli bo`ldi. Mening homilam esa nobud bo`ldi. Onam “o`zi qo`shkelinlikda chilla tushib shunaqa bo`ladi”, deb bizni Toshkentga ko`chirib keldi. Hozir yana farzand kutayapmiz. Onam menga qarashib turibdi. Qaynonam kelib, “Sizlarni Samarqandga olib ketaman, o`zim sizga qarayman”, demoqda. Nima qilsam ekan? Bu “mehribonchilik”lardan boshim gir aylanib qoldi.

Mahliyo, Samarqand shahri

Muhiba HAMIDOVA, filologiya fanlari nomzodi, jurnalist:

— Shukur qiling, jon qizim. Bu borada qudalar o`zaro kelishib olsalar yaxshi bo`lardi. Hammalari uchun jonidan aziz farzandsizlar. Kutilayotgan nabira esa buvijonlarga asaldan-da shirin. Ularni to`g`ri tushuning, biri birovidan qizg`anib, “O`zim yaxshiroq parvarish qilaman”, demoqdalar. Qaynonangiz va onajoningizni uylaringga taklif etib, er-xotin chiroyli dasturxon atrofida shirintakalluf va go`zal muomala bilan o`zlaringga qulay vaziyatni ularga tushuntirib, albatta, maslahati va roziligi bilan bir qarorga kelinglar. Qari bilganni pari bilmaydi, bolam. Ularning har ikkovlari ham haq.

Qudaposhshalar, sizlar yoshlarni qiynamasdan o`zlaring ularga qulay bo`lgan sharoitni yaratib berishga harakat qilinglar. Balki mustaqil oila bo`lib o`zlari yashashlari ma`quldir. Talashib-tortishib, oraga sovuqchilik tushiradigan muammo ko`ndalang turgani yo`q. Pashshadan fil yasamaylik. Hozirgi yoshlarimizga ishonish kerak. Irim-sirimga berilmasdan, yaxshi niyatlar qilaylik. Hamma ish ko`nglimizga yarasha, niyatimizga yarasha bo`lishini yaxshi bilamiz. Shuning uchun yoshlarni duo qilaylik, baxtli yashasinlar, bizga sog`lom va baquvvat zurriyod hadya qilsinlar.

Manba: «SUG‘DIYONA» gazetasi.

Boshqa yangiliklar