AsosiySUG'DIYONA

ERTA KLIMAKS: SEVINAYMI, QO`RQAYMI?

'ERTA KLIMAKS: SEVINAYMI, QO`RQAYMI?'ning rasmi

Erta klimaks nima? Uni qaysi belgilariga qarab aniqlasa bo`ladimi? Bu davrning injiqlikni engib o`tish mumkinmi? Quyida shu mavzuda sirlashamiz…

Mutaxassisimiz — ginekolog Feruza RASULOVA.

Klimaks — hayz ko`rish jarayoni to`xtab, organizmdagi estrogen va boshqa gormonlar miqdori birdaniga pasaya boshlashi. Statistikaga ko`ra, bu holat ayolda o`rtacha ellik ikki yoshda boshlanar ekan. Bu holatning 35-40 yoshda kuzatilishi erta klimaks deb ataladi.

Sabablari

  • Nasl. Agar ayolning onasi yoki ona tomondan qarindoshlarda klimaks erta kuzatilgan bo`lsa, avlod vakilalarida ham bu hol takrorlanishi mumkin. Ilk hayzi davri va homila sonining ahamiyati yo`q.
  • Chekish klimaks davrini tezlashtiradi. Ichki biologik soatni to`xtatish, yoki sekinlashtirishning iloji yo`q. Faqat bu davr kelishi tezlashuvini chaqiruvchi yomon odatlardan saqlanishgina mumkin. Masalan, chekish, havosi u qadar toza bo`lmagan joyda istiqomat qilish. O`ta faol va asabiy turmush tarzi.
  • Kontraseptiv preparatlarni qabul qilgan ayollar, ularni qabul qilmaganlariga nisbatan kechroq klimaks davrini boshdan kechirishadi.
  • Ginekologik operasiyalar ham klimaks davrining erta tashrifiga sabab bo`la oladi.
  • Qattiq stress, xususan, balog`at yoshiga etayotgan qizlarda.
  • Jinsiy rivojlanish davrida infeksion kasalliklar.
  • Qalqonsimon bezdagi immunologik kasalliklar.
  • Og`ir tug`ruq.

Belgilari

Klimaksning ilk belgisi hayz tartibidagi tizimning buzilishidir. Hayz ba`zan bir necha hafta, yoki oy kechiksa, gohida kamroq bo`lib keladi.

Muammo shundaki, bu kabi qator belgilar jiddiy ginekologik (ba`zida saraton ham) kasalliklar asoratida ham kuzatiladi. Shuning uchun klimaks bo`ldim deb o`tirmasdan, shifokor-ginekolog qabuliga boring.

Yodda tuting!

O`ttiz besh yoshdan keyin ayollar ginekolog qabuliga yiliga bir marta (hech narsa bezovta qilmasa ham) borishni oltin qoida qilib olishlari kerak. Gormonga topshirilgan qon tahliliga ko`ra, hayzdagi o`zgarish sababini aniqlagan shifokor tuxumdonlar faolligidagi sustlikni tasdiqlasa, jarayonni hech qanday tibbiy preparatlar bilan to`xtatib bo`lmaydi.

Klimaks davri o`z vaqtida (50 yoshga yaqin) kelsa, klimakterik sindrom (asabiylik, qizib sovish, qattiq terlash, tushkunlik, uyquning buzilishi) ayolni u qadar bezovta qilmaydi. Statistikaga ko`ra, bu omadlilar qatoriga ayollarning 20 foizdan 60 foizgachasi kirishi mumkin. Erta klimaks ko`rgan ayollar yuqorida keltirilgan holatlardan qiynalishadi. Gormonal qayta qurish oqibatida ayol jahldor bo`lib qoladi.

Nima qilish kerak?

  • Ro`y berayotgan noxush his-tuyg`ularni pasaytirish maqsadida tibbiyot gormonlar o`rnini bosuvchi davo muolajasidan foydalanadi. Bu vaqtda ayol tarkibida ayollar jinsiy gormoni (estrogen va progesteron) bo`lgan dori preparatlarini qabul qilib turadi. Maqsad, gormon etishmayotgan organizmni sun`iy gormon bilan aldash. Shu yo`l orqali asab tinchlanib, jarayon nisbatan sokinroq o`tishiga erishish mumkin.
  • Unutmang, gormonal preparatlarni mutaxassis avvalo zarur ko`rikni o`tkazib, tahlil javoblariga asoslangan holda buyuradi. Aks holda noxush holatlar yanada shiddatlashishi, yoki saraton belgilari haqida organizm berayotgan signal e`tibordan chetda qolib ketish xavfi bor.
  • Klimaks davrida farzand ko`rish rejalashtirmagan bo`lsa, kontraseptiv preparatlarni bir yil davomida qabul qilib turish kerak. Chunki endi hayz siklining izdan chiqishi natijasida tuxumdon urug`lanish davrini oddiy taxmin yoki hisoblash orqali aniqlash qiyinchilik tug`diradi.
  • Qin quruqshab qolishini maxsus lubrikantlar yordamida bartaraf etish maslahat beriladi.
  • Ba`zida klimaks davri bilan paralel ketuvchi kalsiy almashinuvi jarayoni buzilishida qattiq behollik kuzatiladi. Shifokorga murojaat qilib, kerakli choralarni ko`ring.
  • Soch to`kilishi, tirnoq sinuvchanligini gormonal muolaja yordamida bartaraf etsa bo`ladi.

Klimaksni qariyalik davri deb hisoblamang. Hammasi ichki tuyg`ularingizga bog`liq. Keyingi sonlarimizda esa hayoz davri muddati, ushbu nozik p0aytda nimalar mumkin va mumkin emasligi haqida sirlashamiz.

Boshqa yangiliklar