MILLIONINChI ABONENT RO`YXATGA OLINDI
“UZMOBILE” milliy mobil aloqa operatori “Millioninchi abnonent” deb nomlangan katta bayram aksiyasini o`tkazdi. 9 noyabr kuni keng jamoatchilik va omaviy axborot vositalari vakillarining ko`z o`ngida GSM tarmog`ida millionchi abonentiro`yxatga olindi, deb xabar berdi O`zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikasiyalarini rivojlantirish vazirligi rasmiy sayti.
Toshkent vaqti bilan soat 11:00 ga bong urganda “UZMOBILE”ning savdo ofisiga bir yosh yigit kirib keldi va “UZMOBILE” GSM tarmog`iga ulanish istagida ekanini aytdi. Aynan u — Toshkent arxitektura va qurilish institutining birinchi kurs talabasi GSM standarti bo`yicha “UZMOBILE” kompaniyasining ramziy millioninchi abonentiga aylandi. U “UZMOBILE” (GSM) ning millionchi abonenti sertifikati, shuningdek, “chiroyli raqam”ga bepul ulab berish bo`yicha sertifikat va bepul internet-paket bilan taqdirlandi.
Milliy mobil aloqa operatori GSM tarmog`ini uzluksiz kengaytirib, rivojlantirib bormoqda. Butun O`zbekiston bo`ylab 2G/3G va 4G texnologiyalarini joriy etish bosqichma-bosqichma amalga oshirilmoqda. Ayni paytda respublikaning barcha viloyat va tuman (shahar) markazlarida 4G tarmog`i ishlab turibdi. Kompaniyaning savdo va xizmat ko`rsatish ofislari, savdo bilan shug`ullanuvchi vakillarining soni jadallik bilan o`sib boryotir. Qulay va cho`ntakbop tarif rejalari, yuqori sifatli xizmatlar hamda xizmat ko`rsatishning qulayligi bugunga kelib GSM tarmog`iga milliondan ortiq abonent ulanishiga olib keldi.
“Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” davlat dasturi hamda “Elektron hukumat” tizimini rivojlantirish markazi bilan imzolangan Hamkorlik to`g`risidagi memorandumda ko`zda tutilgan vazifalar ijrosini ta`minlash maqsadida Milliy mobil aloqa operatori “Xalq bilan muloqot” deb nomlangan maxsus xizmat yo`lga qo`yildi. Buning natijasida kompaniya abonentlari hozirgi vaqtda 80 dan ortiq davlat idoralarining saytlariga bepul kirib, ulardagi interaktiv xizmatlardan beminnat foydalanib kelmoqdalar.






