YoShLAR KLUBI FAOLIYaTINI BOShLAYDI
O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Yoshlar masalalari bo`yicha komissiyasining navbatdagi yig`ilishi bo`lib o`tdi. Unda deputatlar, O`zbekiston yoshlar ittifoqining mas`ul xodimlari va faol yoshlar parlament quyi palatasi huzurida Yoshlar klubini tashkil etish bo`yicha ishlab chiqilgan nizom loyihasini atroflicha muhokama qildi. Bu haqda O`zAA xabar bermoqda.
Yoshlarning ijtimoiy va siyosiy faolligini oshirish, huquqiy ongini yuksaltirish, bandligini ta`minlash va tadbirkorlikka jalb etish, iqtidorini rivojlantirish, axborot xurujlari va nosog`lom muhitdan himoya qilish – yoshlarga oid davlat siyosatining muhim yo`nalishlariga aylandi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Yoshlar masalalari bo`yicha komissiyasining tashkil etilganligi ham mazkur yo`nalishda olib borilayotgan ishlar ko`lamini yanada kengaytirish, yoshlarning huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini himoya qilishda, shuningdek, yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishda Qonunchilik palatasining roli va o`rnini yanada mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Davlatimiz rahbarining 2017 yil 18 iyuldagi qarori bilan “O`zbekiston yoshlar ittifoqi faoliyatini takomillashtirishga doir kompleks chora-tadbirlar dasturi” tasdiqlanib, unda belgilangan tadbirlar izchillik bilan amalga oshirib kelinmoqda. Mazkur chora-tadbirlar dasturida ko`zda tutilgan O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi huzurida Yoshlar klubini tashkil etish bo`yicha hujjatlar loyihalari ishlab chiqildi.
Yig`ilish davomida Yoshlar klubining nizomi loyihasi ishlab chiqilgani, klubning maqsad va vazifalari, faoliyatining yo`lga qo`yilishi kelgusida yoshlar hayotida qanday o`rin tutishi kabi masalalar ishtirokchilar e`tiborida bo`ldi.
Tadbirda klub o`z faoliyati davomida yoshlarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash, jamiyat va davlat ishlarini boshqarishdagi o`rni va ta`sirini amalda ta`minlash, ularning ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy faolligini qo`llab-quvvatlashga alohida e`tibor qaratishi lozimligi ta`kidlandi.
Yig`ilishda klub faoliyatini tashkil etish, unga rahbarlik qilish hamda klub a`zoligiga qabul qilish tartiblari to`g`risida fikr almashildi.






