AsosiyJamiyat

​MILLIY XAVFSIZLIK XIZMATI NOQONUNIY MIGRASIYa VA ODAM SAVDOSI HAQIDA MA`LUMOT BERDI

'​MILLIY XAVFSIZLIK XIZMATI NOQONUNIY MIGRASIYa VA ODAM SAVDOSI HAQIDA MA`LUMOT BERDI'ning rasmi

Poytaxtimizdagi Milliy matbuot markazida O`zbekiston Respublikasi Milliy xavfsizlik xizmati tomonidan noqonuniy migrasiya va odam savdosiga qarshi kurashish masalalariga bag`ishlangan brifing o`tkazildi.


Unda Milliy xavfsizlik xizmati matbuot markazi katta xodimi Lola Yo`lchiboeva jurnalistlarga mamlakatimizda odam savdosi va uning oldini olish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar haqida ma`lumot berdi.

Bugun norasmiy kanallar orqali chet elga chiqib ketgan mehnat migrantlarining ko`pchiligi o`zlarining ishonuvchanligi oqibatida odam savdosi qurboniga aylanmoqda. Ayrim nopok kimsalar ulardan noqonuniy tijorat faoliyatini yuritishda, tovar-moddiy qimmatliklar, qurol-yarog` va giyohvand moddalar kontrabandasi hamda boshqa qonunga zid faoliyat bilan shug`ullanishda foydalanmoqda.

2016 yilda va joriy yilning birinchi yarmida O`zbekiston Respublikasi Milliy xavfsizlik xizmati organlari tomonidan fuqarolarimizni noqonuniy mehnat va jinsiy ekspluatasiyaga jalb qilish maqsadida chet elga chiqarish bilan shug`ullangan 216 nafar shaxs faoliyatiga chek qo`yildi.

Milliy xavfsizlik xizmatining Buxoro viloyati boshqarmasi tomonidan yosh qizlarni jinsiy ekspluatasiya qilish uchun Bangkok shahriga olib chiqish bilan shug`ullangan O`zbekiston fuqarolari L.Safaeva va N.Usmonovaning faoliyati fosh qilindi. Uyushgan jinoiy guruh qizlarni chet elga jo`natishni “Toshkent – Kiev – Bangkok” yo`nalishi orqali amalga oshirgan. Ukrainaga kelgan odam savdosi qurbonlarini shu mamlakat fuqarosi Yuriy Ziganchov kutib olgan va Kiev shahri aeroportining chegara xizmatida ishlaydigan turmush o`rtog`i ko`magi bilan Tailandga jo`natilishini ta`minlagan. Sud L.Safaeva va N.Usmonovaga nisbatan uzoq muddatli ozodlikdan mahrum etish jazosini tayinladi.

Bu kabi holatlar Xorazm viloyatida ham kuzatilgan. Milliy xavfsizlik xizmatining Xorazm viloyati boshqarmasi tomonidan yosh qizlarni Birlashgan Arab Amirliklariga jo`natish bilan shug`ullanib kelgan uyushgan jinoiy guruh a`zolari o`z qurbonlarini Rossiya orqali Dubayga jo`natish maqsadida Qozog`iston hududiga olib chiqishga urinayotgan vaqtda qo`lga olindi.

Ba`zi holatlarda jinsiy ekspluatasiya bilan shug`ullanib kelayotgan uyushgan jinoiy guruhlar avval xorijga chiqqan va deportasiya qilingan shaxslarning biografik ma`lumotlarini FHDYo va huquqni muhofaza qiluvchi organlardagi jinoiy aloqalari orqali o`zgartirib, ularni chet elga olib chiqishmoqda. Ular jinoiy harakatlari fosh etilmasligi maqsadida, “o`lja”larini alohida-alohida olib chiqish amaliyotidan keng foydalanmoqda. Shu bilan birga, ayrim hollarda uyushgan jinoiy guruh a`zolariga sayyohlik firmalari ham yordam bermoqda.

O`zbekiston Respublikasi fuqarosi X.L. uyushgan jinoiy guruh a`zolarining ko`magi bilan Qozog`istonga chiqqan. So`ng Dubay shahridagi “Royal Gardens Tourism” firmasi orqali unga turistik viza rasmiylashtirilgan. U Birlashgan Arab Amirliklariga borib, fohishalik bilan shug`ullangan. Aniqlanishicha, mazkur firma Samarqand viloyatida tug`ilgan T.Sh. bilan kelishgan holda o`zbekistonlik qizlarni jinsiy ekspluatasiyaga jalb qilish bilan shug`ullangan.

Afsuski, noqonuniy mehnat migrasiyasi va odam savdosining avj olishiga ayrim kollej va liseylar mansabdor shaxslarining befarqligi, nafs quliga aylangani va bunday hollarga ko`z yumayotgani ham sabab bo`lmoqda. Ular ayrim o`quvchilarning chet elda mehnat qilayotgani haqidagi ma`lumotlarni yashirib, keyinchalik pul evaziga bu o`quvchilarga o`rta maxsus ta`lim muassasasini bitirgani to`g`risidagi diplomni rasmiylashtirib berayotgani tashvishli holat.

O`z yurtdoshlarini noqonuniy mehnatga yollash, ularni Moskva shahri va viloyatida ekspluatasiya qilish bilan shug`ullangan qashqadaryolik Ruslan Aralovga nisbatan Milliy xavfsizlik xizmati materiallari asosida qo`zg`atilgan jinoyat ishi doirasida aniqlanishicha, u 2011 yil Rossiya hududida doimiy ravishda bo`lgan. Ammo 2014 yil Qarshi tumanidagi Qovchin kasb-hunar kollejining nopok xodimlari ko`magi bilan Aralovga ushbu o`quv muassasasini tugatganlik to`g`risidagi diplom berilgan.

Keyingi yillarda yosh onalar tomonidan o`z chaqalog`ini sotish holatlari ham ko`paymoqda. Milliy xavfsizlik xizmati idoralari tomonidan Toshkent shahri hududida o`tkazilgan tezkor tadbirlar davomida chaqaloqlarni sotish bilan shug`ullangan T.A.Xo`jaeva va A.N.Kuramshinaning jinoiy faoliyatiga chek qo`yildi.

O`zbekiston va Rossiya hukumatlari o`rtasida O`zbekiston fuqarolarini Rossiyada vaqtincha mehnat qilishga jalb etish bo`yicha kelishuv imzolandi. Keyingi yillarda minglab yurtdoshlarimiz ishlash uchun Janubiy Koreyaga yuborildi. Polsha va Yaponiya mamlakatlari bilan kelishuvlarga erishildi. Ushbu mamlakatlarda fuqarolarimiz nafaqat mehnat qilmoqda, balki til o`rganib, etakchi kompaniyalarda malaka oshirmoqda.

Bundan tashqari, fuqarolarimizni chet elda mehnat yoki jinsiy ekspluatasiyaga tushib qolish, aksilkonstitusiyaviy tuzilmalar faoliyatiga jalb qilinish xavflaridan ogoh etish bo`yicha aholi orasida tushuntirish ishlari yo`lga qo`yilgan. Chet davlatlarga borib mehnat qilayotgan fuqarolarimizning huquq va erkinliklarini himoya qilish borasida O`zbekistonning xorijiy mamlakatlardagi diplomatik vakolatxonalari tomonidan ham samarali ishlar amalga oshirilmoqda.

Mehnat ekspluatasiyasiga yo`liqqan fuqarolarimizga yordam berish maqsadida “Istiqbolli avlod” nodavlat notijorat tashkiloti joriy yilning iyun oyida o`zining “faol liniyasi” telefon raqamlari haqidagi ma`lumotni uyali aloqa kompaniyalari orqali sms shaklida tarqatdi. O`tgan davr mobaynida mehnat ekspluatasiyasi bilan bog`liq salbiy holatlarga tushib qolgan shaxslardan mazkur “faol liniya”ga 800 ga yaqin murojaat kelib tushdi. Hozir bu murojaatlar yuzasidan tegishli chora-tadbirlar ko`rilmoqda.

Bu kabi chora-tadbirlar izchil davom ettiriladi. Lekin, eng asosiysi, har birimiz doim hushyor bo`lmog`imiz, nopok kimsalar aldoviga uchib qolmasdan, qonuniy va halol yo`l bilan mehnat qilmog`imiz lozim, deya ta`kidlandi brifingda.

    Boshqa yangiliklar