20.02.2014 16:17
Vasiyatnoma majburiy yozdirilgan taqdirda qanday yo`l tutish kerak?
Ushbu holat yuzasidan javobni O`zbekiston Advokatlar palatasi mutaxassislari taqdim etishdi:
Javob: Agar onangiz ruhiy kasalligi yoki aqli zaifligi oqibatida o`z harakatlarining ahamiyatini tushuna olmaydigan yoki ularni boshqara olmaydigan holatda bo`lsa, uni O`zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 30-moddasiga muvofiq, sud qonun hujjatlarida belgilab qo`yilgan tartibda muomalaga layoqatsiz deb topishi mumkin va onangizga vasiylik belgilanadi. Muomalaga layoqatsiz deb topilgan fuqaro nomidan bitimlarni uning vasiyi amalga oshiradi. O`zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 119-moddasiga binoan, ruhiy kasalligi yoki aqli zaifligi sababli muomalaga layoqatsiz deb topilgan fuqaro tomonidan tuzilgan bitim o`z-o`zidan haqiqiy emas. O`zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 121-moddasiga ko`ra esa, garchi muomalaga layoqatli bo`lsa-da, biroq bitim tuzish vaqtida o`z harakatlarining ahamiyatini tushuna olmaydigan yoki ularni boshqara olmaydigan holatda bo`lgan fuqaro tomonidan tuzilgan bitim shu fuqaroning yoki huquqlari yoxud qonun bilan qo`riqlanadigan manfaatlari bunday bitimni tuzish natijasida buzilgan boshqa shaxslarning da`vosi bo`yicha sud tomonidan haqiqiy emas deb topilishi mumkin. Keyinchalik muomalaga layoqatsiz deb topilgan fuqaro tomonidan tuzilgan bitimni, agar bitimni tuzish paytida fuqaro o`z harakatlarining ahamiyatini tushuna olmaganligi yoki ularni boshqara olmaganligi isbotlangan bo`lsa, uning vasiyi qilgan da`voga muvofiq sud haqiqiy emas deb topishi mumkin. Bundan tashqari, bitim tuzish paytida o`z harakatlarining ahamiyatini tushuna olmagan yoki ularni boshqara olmagan tarafga ikkinchi taraf, agar u o`zi bilan bitim tuzgan fuqaroning bunday holatda ekanligini bilgan yoki bilishi lozim bo`lgan bo`lsa, qilingan xarajatlarni, yo`qotilgan mol-mulkning yoki unga etkazilgan shikastning haqini to`lashi kerak. Shuningdek, Fuqarolik kodeksining 1130-moddasida ko`ra, tegishli shaklda tuzilmagan vasiyatnoma haqiqiy emas. Vasiyatnoma haqiqiy emas deb topilgan taqdirda, ushbu vasiyatnomaga binoan me`rosdan mahrum bo`lgan merosxo`r umumiy asoslarda me`ros olish huquqiga ega bo`ladi.





