Toshkent shahar adliya boshqarmasi tashabbusi bilan Toshkent irrigasiya va qishloq xo`jaligini mexanizasiyalash muhandislari instituti majlislar zalida “Konstitusiyamiz adolat manbai va mezonidir” mavzusida o`quv-seminar tadbiri bo`lib o`tdi.
Tadbirda davlat boshqaruvi hamda mahalliy davlat hokimiyati organlarining mas`ul xodimlari, advokatlar, ta`lim muassasalari vakillari va talaba yoshlar ishtirok etishdi.
Mazkur tadbirda ma`ruzachilar tomonidan Konstitusiyamizning yaratilishi tarixi, unga kiritilgan so`ngi o`zgartirish va qo`shimchalar xususida batafsil ma`lumot berib o`tildi.
Jumladan, O`zbekiston Respublikasi Konstitusiyasining hayotimizdagi o`rni va ahamiyatini keng targ`ib etish, yurtdoshlarimiz, ayniqsa, yoshlarimiz qalbida qonunga hurmat, Vatanga mehr va sadoqat tuyg`usini kuchaytirish, ularning huquqiy ongi va madaniyatini oshirish hamda Asosiy qonunimiz qabul qilinganining yigirma besh yillik sanasini keng nishonlash maqsadida muhtaram Prezidentimizning 2017 yil 20 iyundagi “O`zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi qabul qilinganligining yigirma besh yilligini nishonlashga tayyorgarlik ko`rish va uni o`tkazish chora-tadbirlari to`g`risida”gi Farmoyishi qabul qilinganligi xususida ma`ruzachilar tomonidan alohida to`xtalib o`tildi.
Mustaqilligimizning tamal toshini qo`ygan, erkin va obod kelajagimiz poydevorini belgilab bergan Konstitusiyamiz va undagi normalarni targ`ib qilish borasida joriy yilning o`tgan darvida Toshkent shahar adliya boshqarmasi hamkor tashkilotlar bilan birga bir qator vazifalarni amalga oshirib kelmoqdalar.
Xususan, “O`zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi – mamlakat taraqqiyoti va jamiyat farovonligining huquqiy asoslari” hamda “Yoshlarga oid davlat siyosati to`g`risida”gi Qonunning mazmun-mohiyatini yoshlar o`rtasida keng targ`ib qilish maqsadida 10 ta mavzu bo`yicha targ`ibot materiallari tayyorlanib, targ`ibot guruhlariga etkazildi.






