1

Ortiqali Qozoqov: “Italiyada o`g`irlangan asarim haqida uch yil o`tib eshitdim!”

Shou-biznes 21.02.2014, 11:41
Ortiqali Qozoqov: “Italiyada o`g`irlangan asarim haqida uch yil o`tib eshitdim!”
Bu rassom haqida juda ko`p bilaman deb o`ylardim. Hali shaxsan suhbatlashish baxtiga muyassar bo`lmasam-da, dilkashligi, odamoxunligi haqida eshitgandim. Bugun angladimki, u haqida bildim deganlarim dengizdan tomchi ekan. O`zbekiston xalq rassomi, san`at arbobi Ortiqali Qozoqovning umr bekatlarida to`xtalib siz ham shu fikrga kelsangiz ne ajab...

1-bekat: “Nega olma pushti gullab, qizil, oq meva beradi?”


Rassomning qaerda dunyoga kelishi juda katta ahamiyatga ega. Men Namangan viloyati, Pop tumanining Sang qishlog`ida dunyoga kelganman. Bilasiz, yurtimizdagi qishloq manzaralari juda go`zal. Yana har bir fasl va har bir o`zgarish ko`z o`ngingizda ro`y beradi: daraxtning gullashi, meva tugishi... Yoki tongda quyoshning ming joziba bilan chiqishi... Bu jarayonlar menda shu qadar qiziqish uyg`otardiki, o`zimga o`zim “Nega olma bahorda pushti gullaydi-yu, qip-qizil, oppoq yoki yashil meva beradi?” deya savol berar va javob topishga urinardim. Shuning uchunmi, bolaligimdanoq ranglar dunyosiga oshufta bo`ldim. Rasm chizishimga yana bir voqea turtki bo`lgan: Mamasoli degan amakim harbiy xizmatdan qaytgach, uylarini ta`mirladi. Devorlarni oqlab, so`ng siyoh rangda naqsh chizdi. Naqshlar orasida allaqanday yozuvlar ham bor edi. Men hali o`qishni bilmas edim. Nima yozilganiga juda qiziqardim. Maktabga borib, o`qishni o`rganganimdan so`ng o`qisam, she`r ekan.  Naqsh va misralar shu qadar uyg`un ediki, men buni bola bo`lsam-da, anglaganman. Endi o`ylab qarasam, o`sha onlardayoq murg`ak qalbim ranglarga, suratlarga moyil bo`lgan ekan.

2-bekat: Maktabdagi ko`rgazma va
yuksak e`tirof

Yaratilgan asarga munosabat va mulohazalar har bir ijodkorni qiziqtiradi. Men buni maktab davridayoq his qilganman. Chunki maktabdagi devoriy gazetaga suratlar chizardim. Devoriy gazeta osilgach, bir chekkada turib, bolalarning rasmga bildirayotgan fikrlarini tinglash shunaqa zavq bag`ishlardiki... Eng qizig`i, o`sha paytda chizgan rasmlarimdan o`ntachasini bir yil davomida “Gulxan” jurnaliga yuborganman. Ishonsangiz, rasmlarim na jurnalda chiqqan, na biror javob olganman. Shundan so`ng hafsalam pir bo`lib, bir yil rasm chizmay qo`ydim. Kunlarning birida qo`shni tumanga borgan bir sinfdoshimizning akasi “Gulxan” sotib oladi. Qarasa, ichida men chizgan rasmlar... U kishi uyga olib keldi. Qarasam, afsonaviy rassom Chingiz Axmarov menga oq yo`l tilab, chizgan suratlarim haqida maqola yozibdi. Maqola yonida to`rtta rasmim ham bor. Bu men, oddiy maktab o`quvchisi uchun juda yuksak e`tirof va e`tibor edi. Shundan so`ng butun vujudim bilan rasm chiza boshladim. Shu darajada berilib ketganmanki, qishda qo`lim muzlaganini, yozda oftob urib ketganini sezmaganman... Eng qizig`i, o`sha chizgan suratlarim bilan maktabda ilk bor o`zimning ko`rgazmamni uyushtirgandim. Unda o`qituvchilarimning portretlari ham bor edi.

3-bekat: “Puldor talaba bo`lganman!”


Men ham talabaligimda juda boy, yaxshi ta`minlangan edim (kuladi). Chunki “Gulxan”, “Sharq yulduzi”, “Yoshlik”, “Guliston” kabi jurnallar bilan hamkorlik qilib, qalam haqi olardim-da!  Lekin bu bilan hayotim kamchiliksiz, qiyinchiliksiz o`tgan deya olmayman. Bir voqea sira esimdan chiqmaydi. Uylangan, endi institutda dars bera boshlagan paytlarim edi. Ijarada yashaymiz. Yangi ro`zg`or degandek... Xullas, pul tejab ishlatiladigan paytlar edi. O`shanda metroga tushish —  besh tiyin. Yonimda institutga borish uchun besh tiyin bor, qaytishga yo`q. Maosh beradigan sana bo`lgani uchun ishonch bilan yo`lga tushdim. Aksiga olib, o`sha kuni maosh bermasa deng. Uyga qaytay desam, cho`ntak bo`sh. Nima qildim deng? Bir domlamizning yoniga borib “Mening yonimda besh so`m bor ekan. Mayda yo`q. Besh tiyiningiz yo`qmi? Ertaga sizga qaytaraman”, dedim. Shu bilan uyga ketdim. O`shanda “Pulim yo`q!” deyishga g`ururim yo`l qo`ymagan-da!

4-bekat: Askarning muzeydagi suratlari


Rassom uchun dunyo ko`rish, turli madaniyat o`choqlarida bo`lish, turfa tabiat manzaralarini kuzatish juda muhim. Men bunga o`qishni bitirib, Qrimga harbiy xizmatga borganimda amin bo`lganman. Ma`lumki, u erning tabiati ham betakror. Shuning uchunmi harbiy xizmat davrida chizgan suratlarim ham e`tiborsiz qolmagan. Askar bo`la turib, Sevastopol harbiy quruvchilar saroyida ko`rgazmamni o`tkazganman. O`sha suratlarim haliyam o`sha muzeyda saqlanmoqda.  Shukrki, undan keyin o`nlab davlatlarda bo`ldim. Shu-shu qaerga bormayin men surat chizishga oshiqaman. Axir voqelikning o`ziga qarab rasm chizish boshqacha-da! Registon maydonida turib yoki Misr ehromlarining o`ziga boqib rasm chizishni bir ko`z oldingizga keltiring...

5-bekat: “Guli Nigor bilan maktabda tanishganmiz”


Rafiqam bilan bir maktabda o`qiganmiz. Men maktab devoriy gazetasiga rasm chizsam, Gulchehra  o`zining yozgan she`rlari bilan qatnashardi. O`sha paytdayoq bir-birimizga ko`ngil qo`yganmiz. Uning ham she`rlari Guli Nigor taxallusi bilan matbuotda e`lon qilinardi. Kitoblari ham chiqdi. Ikki farzandimiz, ikki nevaramiz bor. O`g`lim ham, qizim ham tavsiriy san`atni juda yaxshi tushunadi. Qizim shu sohani egallagan. Hatto, ikki yoshli nevaram ham qo`lida mo`yqalam tutib, rasm chizishni boshlagan (kuladi).

6-bekat: “O`g`irlik meni xafa qilmadi!”


Ilgari “Italiya muzeyidan Pikassoning yoki Renuar asari o`g`irlanibdi”, desa unchalik ishonmasdim. Shov-shuvdek tuyulardi. Yaqinda bir xalqaro simpoziumda qatnashdim. U erda o`n sakkiz mamlakatdan kelgan ijodkorlar fikr almashdik. O`shanda bir gapni eshitib, lol qoldim. 2011 yilda Italiyaning Milan shahrida oltmishdan ortiq asardan iborat juda katta ko`zgarma bo`libdi. Shu oltmishta eksponat ichida mening “Xayol” degan asarim ham bo`lgan. Ertasiga qarashsa, aynan o`sha “Xayol” yo`q emish. O`g`irlashibdi. Internetda ham bu haqida yozishibdi. Faqat biz bexabar. So`ng aynan o`sha “Xayol”ning menga teriladigan, (“Qish sonatasi” serialidagi terib yasaladigan suratga o`xshash) variantini sovg`a qilishdi. Ochig`i, sovg`a meni juda xursand qildi. Hatto, o`g`irlikdan ham xafa bo`lmadim. Axir eng katta galereyadan o`zbek rassomining asari o`g`irlanishi hazil gap emas! (Kuladi). 


[center]Rassomning o`g`irlangan "Xayol"i[/center]

7-bekat: Dunyodagi eng bebaho maqtov


Har kuni shukrona aytaman, ota-onam mening yutuqlarimni ko`rdi va hamon yonimda. Shu darajaga etishimda ularning mehnati mislsiz. Otam 82 yoshda bo`lsa-da, juda chaqqon va mehnatsevar. Shu yoshida daraxtga chiqib, yong`oq qoqadi.(!) Qo`lidan kelmagan ishning o`zi yo`q. Duradgorlik ham, bog`bonlik ham, quruvchilik ham qiladi. Mingtacha bir-biridan ajoyib va ibratli rivoyatlar biladi. Onam esa... Barcha onalar kabi mehridaryo. Bir kuni onamni ustaxonamga olib kirib maqtandim: “Ona, qarang mana bu asarim falon davlatda mana shuncha pulga sotilibdi. Bu juda qimmat narx!” Onam nima deydi deng: “Bolam, bu narx sening mehnating oldida juda arzimas. Axir unga sening qancha ko`z nuring, mehring, yuraging, kuch-quvvating va vaqting ketgan”. Bu men uchun dunyodagi eng bebaho maqtov!

8-bekat: “Darakchi” uchun ochilgan sirlar


Men har doim otam kabi serqirra va mehnatkash bo`lishga intilganman. Faqat rassomchilik bilan cheklanib qolmaganimni ko`pchilik biladi. Bir qancha kitoblar yozdim. O`ttizdan ortiq teledasturlar muallifi bo`ldim. Ba`zan she`r ham yozib turaman. Ammo yurtimizdagi betakror bo`lgan nashr — “Darakchi” uchun boshqa sirlarimni ham ochay. (Kuladi). Baliq ovlash eng yaxshi ko`rgan mashg`ulotlarimdan biri. Yana har kuni tongda to`rt kilometr masofani velosipedda bosib o`taman. Yakshanba kuni esa o`n to`rt kilomertni. Qishloqqa borgan chog`larimda esa masofa yanada uzayadi. Badminton esa rassomlik anjomlarimning ajralmas qismi desam ham bo`ladi. Bu o`yinning rassom uchun foydasi juda katta. 

[right]Nargiza USANBOEVA suhbatlashdi[/right]

 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1