21.02.2014 14:11
Bolangiz maktabda nima eyapti?
Ertalab farzandingiz maktabga otlanayotganda avvalo uyda pishirilgan, tarkibi aynimaydigan eguliklardan sumkasiga solishga harakat qilasiz. Vaziyat taqozosi bilan bunga imkoniyat bo`lmay qolganda qo`liga pul berib, maktab oshxonasidan biror nima olib eyishini maslahat berasiz. Shunda hech o`ylab ko`rganmisiz: maktab oshxonasida sotilayogan mahsulotlar belgilangan talablarga javob beradimi? Farzandingiz salomatligi uchun uning zarari yo`qmikan? Maktab oshxonalarida bolalarimizning to`g`ri ovqatlanishini tashkil etish talab darajasidami? Yaqinda Xalq ta`limi vazirligi va “Nestle-O`zbekiston” kompaniyasi tomonidan amalga oshirilgan “Sog`lom bolalar dasturi” doirasida “To`g`ri ovqatlanish darslari”ning mamlakatimiz ta`lim muassasalarining aynan boshlang`ich sinf o`quvchilari uchun joriy etilishi haqidagi ma`lumotlar berilganidan so`ng, ushbu savollarga javob topishga harakat qildik.
Xo`sh, tegishli dastur doirasida maxsus darslar joriyetilishidan maqsad nima? Avvalo Xalq ta`limi vazirligi Ta`lim muassasalari faoliyatini tashkil etish Bosh boshqarmasi etakchi nazoratchisi Abdurashid Sodiqovdan ana shu savolga oydinlik kiritib olsak.
— “To`g`ri ovqatlanish darslari”. Ayni shu mazmundagi darslar shu kunga qadar ham o`tilayotgandi-ku, shunday emasmi?
— Ha, mavjud edi. Ta`lim muassasalarida inson organizmi uchun zararli moddalar bo`lgan oziq-ovqat mahsulotlarini iste`mol qilishning salbiy oqibatlari haqida o`quvchilarga saboq beruvchi “Salomatlik saboqlari”, “Sog`lom avlod asoslari” darslari joriy etilgan. Hatto mazkur yo`nalishda ota-onalar yig`ilishlarida tushuntirish ishlarini olib borish ham yo`lga qo`yilgandi.
—Unda ayni shu turdagi yangi yana bir yangi darsning tatbiq etilishidan ko`zlangan maqsad nima?
— Boshlang`ich ta`lim – umumiy ta`limning jiddiy tarkibiy qismi – dastlabki bilimlar, ko`nikmalar, malakalar shakllantiriladigan bosqich. Bolaning kelgusida har tomonlama rivojlanishi uchun ta`limning ilk bosqichlaridan boshlab unda sog`lom hayot tarzi va ovqatlanish madaniyati asoslari to`g`risidagi tushunchalarni shakllantirish jiddiy ahamiyatga ega. Tegishli vazirlik va Nestle O`zbekiston kompaniyasi tomonidan amalga oshirilgan “Sog`lom bolalar dasturi” doirasida ”To`g`ri ovqatlanish darslari”ni joriy etilishi ana shu maqsadlarni amalga oshirish uchun yordam berishga qaratilgan.
—Xabarimiz bor, ta`lim muassasalarida sog`lom ovqatlanishni tashkil etish tizimini yaxshilash borasida 2010 yilda O`zbekistonRespublikasi Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori qabul qilingandi. Aslida farzandlarimizning sog`lom ovqatlanishini tashkil etish uchun ana shu qaror ijrosi ta`minlanishiga ko`proq e`tibor qaratilishi kerak. Xo`sh, bu borada Xalq ta`limi vazirligi tomonidan qanday chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilgan va amalda tatbiq etilgan?
— O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2010 yil 20 avgustdagi “Ta`lim muassasalarida sog`lom ovqatlanish shart-sharoitlarini yaxshilash chora-tadbirlari to`g`risida”gi qaroriga ko`ra Ta`lim muassasalarida sog`lom ovqatlanishni tashkil etish tizimini yaxshilash chora-tadbirlari rejasi va “Ta`lim muassasalarida sog`lom ovqatlanishni tashkil etish to`g`risida”gi Nizom tasdiqlangan. Nomi qayd etilgan qaror ijrosini ta`minlash doirasida umumiy o`rta ta`lim, o`rta maxsus va oliy ta`lim muassasalari ta`lim oluvchilarining gigienik talablar asosida xavfsiz ovqatlanishini ta`minlash to`g`risida joriy yilning sentyabr oyida O`zbekiston Respublikasi Davlat sanitariya bosh vrachining ham tegishli qarori qabul qilindi. Xalq ta`limi vazirligining chora-tadbirlar rejasi tasdiqlandi. Hududlarda ushbu masala bilan shug`ullanuvchi xodimlar belgilandi. “Ta`lim muassasalarida sog`lom ovqatlanishni tashkil etish hamda muassasa rahbarlarining shaxsiy mas`uliyatini belgilash” yuzasidan idoraviy hujjatlar qabul qilish bo`yicha O`zbekiston Respublikasi Xalq ta`limi vazirligining 2010 yil 4 sentyabrdagi 214-sonli buyrug`i qabul qilinib, joylarga ijro uchun yuborildi. Hududlarda muntazam ravishda “Ta`lim muassasalarida sog`lom ovqatlanishni tashkil etish” mavzusida amaliy seminarlar o`tkazib borilmoqda. Jumladan, 2013 yil davomida vazirlik mutaxassislari tomonidan hududlarga chiqilib 8 ta seminar tashkil qilindi.
Guvohi bo`lganingizdek, tizimga oid me`yoriy hujjatlar joyida. Qaror qabul qilingan, Nizomlar bor, chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilgan. Ammo ta`lim muassasalarida bu me`yoriy hujjatlarning ijrosi qay darajada ta`minlanyapti? Bu borada Respublika Davlat sanitariya epidemiologiya nazorati markazi sanitariya vrachi, tibbiyot fanlari nomzodi R.Qosimovdan ma`lumotlar olishga qaror qildik.
— O`zbekiston Respublikasi Bosh davlat sanitariya bosh vrachining “Respublika umumta`lim maktablari, akademik lisey va kasb-hunar kollejlari o`quvchilarining xavfsiz ovqatlanishi to`g`risida” 2010 yil 18 sentyabrdagi 8-sonli qarori bilan umumta`lim muassasalarining o`quvchilari uchun ta`qiqlangan mahsulotlar ro`yxati belgilangan. Jumladan:
· Bulochkaga solingan gamburger, chizburger, xot-dog,sosiska va kolbasa mahsulotlari;
· Chipslar, kirieshki va xrustyashkilar;
· Gazlangan salqin ichimliklar, koka-kola, fanta;
· Qizdirilgan yog`da tayyorlangan xamirli mahsulotlar;
· O`ralmagan, tarozida tortiladigan karamel,“chupa-chups”;
· Saqich va boshqa shu kabi mahsulotlar.
Biroq qarorning chiqishiga ikki yil o`tganligiga qaramasdan hanuzgacha ayrim o`quv muassasalarining oshxona va bufetlarida ta`qiqlangan mahsulotlarning sotilishi aniqlanyapti.
NEGA TA`QIQLANADI?
— Masalan, farzandingiz iste`mol qiladigan chipslarga sun`iy ta`m, maza, hid va rang beruvchi vositalar qo`shiladi, — deya izoh berdi R.Qosimov. —Tayyorlanishida saraton (rak) kasalligini chaqiruvchi kanserogen vositalari ko`p uchraydi. Mahsulot yuqori haroratda qovurilganda yog`ning tarkibida ularning miqdori oshadi. Bundan tashqari chipslar ishlanishida uchraydigan gidrogen yog`lari inson organizmida xolesterin miqdori ko`tarilishiga sabab bo`ladi. Bu esa o`z-o`zidan insult va infarkt xastaligini chaqirishi mumkin. Turli rangli va hidli gazli ichimliklar misolida gapiradigan bo`lsak, mazkur ichimliklar tarkibiga aspartam nomli shakar o`rnini bosuvchi sintetik vosita qo`shiladi. Bu vosita tarkibida aniqlangan felataninning inson asabiga salbiy ta`sir ko`rsatadi, depressiya chaqiradi, jahl chiqaradi va hattoki boshqa insonlarga nisbatan zo`ravonlik harakatlariga sabab bo`lishi mumkin. Eng ajablanarlisi, aspartam qo`shilgan gazli ichimliklar chanqovni bosmaydi. Odamlarning so`lagi og`izdagi tam beruvchi vositalarini eritmaydi, shuning uchun uni yana qayta ichish istagi ustun keladi.
BUNGA SABAB NIMA?
Sanitariya vrachining ma`lumotlariga tayanib aytish mumkinki, aynan umumta`lim muassasalarining o`quvchilari iste`mol qilishi ta`qiqlangan mahsulotlar ro`yxati bejiz ishlab chiqilmagan. Demak, Xalq ta`limi vazirligi mutaxasssislari ta`biri bilan aytganda, davlat ta`lim standartlarini o`zlashtirish bolalardan aqliy faollikni talab etadigan davrda ularning ovqat rasionini shakllantirish uchun chuqur yondoshish lozim. Axir jiddiy aqliy mehnat, ayniqsa boshlang`ich sinf o`quvchilaridan anchagina energetik quvvatni sarflashni talab etadi. Shunday ekan, umumta`lim muassasalarining oshxona va bufetlari faoliyatini talab darajasida tashkil etish uchun nima qilmoq kerak?
MAS`ULIYaTNI OShIRISh KERAK!
Chindan ham, tegishli normalar mavjudligiga qaramasdan, nega bu kabi qonunbuzarlik holatlari kuzatilyapti? Bizningcha, “Salomatlik saboqlari”, “Sog`lom avlod asoslari” “To`g`ri ovqatlanish darslari” kabi dars soatlarini joriy etilishi bilan birga ta`lim muassasalaridagi oshxona va bufetlarning to`g`ri faoliyat yuritishini nazorat qilishni vakolatli organlar yanada kuchaytirishi maqsadga muvofiq. Shuningdek, bunga nafaqat mas`ul vakolatli tashkilotlarning, balki aholining, ayniqsa ota-onalarning ham mas`uliyatini oshirish kerak. Ya`ni farzandi tahsil olayotgan ta`lim muassasasi oshxonasi yoki bufetida qanday mahsulotlar sotilayotgani, farzandi qay birini xarid qilayotgani va uning belgilangan talablarga mutanosibligini nazorat qila olishi lozim. Axir mamlakatimizda farzandlarimizning sog`lom voyaga etishi uchun katta e`tibor qaratilayotgan, tizimli chora-tadbirlar belgilanib, amaliy harakatlar olib borilayotgan bir paytda ota-onalar ham o`z hissasini qo`shishi kerak emasmi? Bunday tartibga zid holatlarga ana shu farzandni dunyoga keltirgan ota-ona ham o`z mas`uliyatini ado etib, vakolatli organlarning bunday tartib buzarliklarga qarshi kurashida ko`mak ko`rsatsa, maqsadga muvofiq bo`lardi.
ESINGIZDA TUTING!
Respublika Davlat sanitariya epidemiologiya nazorati markazi sanitariya vrachi, tibbiyot fanlari nomzodi R.Qosimov tavsiyasiga ko`ra, tabiiy ozuqalar sog`likning garovidir. Qancha ko`p iste`mol qilinsa, shuncha foydasi ko`p bo`ladi. Kimyoviy vositalarning esa avvalo tarkibi bilan tanishing va uni iste`mol qilish mumkinligini o`ylab ko`ring.
TAHRIRIYaT: ushbu mavzu yuzasidan savollar yoki mulohazalar bo`lsahar haftaning dushanba-seshanba kunlarida soat 10.00 dan 12.00 ga qadar tahririyatga qo`ng`iroq qiling. Telefon raqamlarimiz: 8 371 215-51-01, 215-51-93, (+99890) 370-63-65. Qo`ng`iroq qiling, tizimga oid tartibga zid holatlarga barham berilishi uchun hech istiholasiz ilk qadamni tashlang.
[right]"Darakchi" gazetasi 3-son[/right]