AsosiyShou-biznes

“Sato” guruhi xatoga yo`l qo`ydi(mi?) yoxud kim kimni tark etdi?

Shu kungacha faoliyat yuritgan xonandalarning ijodiy jamoasi, guruhlarni tarqalib ketishiga arzimas vaj sabab bo`layotganiga ko`p bor guvox bo`lganmiz. Bu o`rinda ancha yillik tajriba, professionallik o`z so`zini aytishga ojiz qolyapti, chog`i... Kuni kecha “Sato” guruhi tarqalibdi”, degan gap-so`zlarni eshitib, ochig`i hayratda qoldik. Darrov ko`z oldingizga o`n yillik mehnat-u, katta tajribaga ega  sozandalar ko`z oldingizga kelishi tabiiy! O`zbekistondagi birinchi raqamli instrumental guruh darajasiga chiqa olgan guruh vakillari nimani bo`la olishmadi?..  

 
- “Sato” besh kishidan iborat guruh. Shu sabab suhbatda to`rt kishini ko`raman, deb o`ylagandim?!

O`tkir Qodirov, sozanda: - Guruhning yana ikki sozandasi “Sato” guruhida faoliyatini davom ettirish yo Toir Qo`ziev bilan ketish borasida hali bir to`xtamga kelganicha yo`q. Suhbatga “Sato” guruhi taklif etilgan, mana Baxtiyor Qobilov bilan qarshingizdamiz!

- Ikki sozandaning ikkilanishiga sabab, ularni guruhga Toir Qo`ziev taklif etganimi yo boshqa asoslar ham bormi?

- Guruhga birini men olib kelganman. Ikkinchisini hammamiz birgalikda fikrlashib taklif etganmiz. Ikkisi ham guruh shakllanib bo`lganidan keyin qo`shilgan sozandalar. Aslida guruhda to`rt kishi: Toir Qo`ziev, Baxtiyor Qobilov, men va prodyuserimiz Fayzulla Yusufjonov birga ijod qilardik. So`ng ikki sozanda Otanazar Xudoynazarov va G`ulomjon Muhammadjonovni guruhga qo`shganmiz.

Baxtiyor Qobilov, sozanda: - Unga qadar chetdan sozanda yollab ishlashimizga to`g`ri kelgan. Bu ham o`ziga yarasha qiyinchiliklarni keltirib chiqargan. Shu sabab Otanazarni “Toir o`zingni yoshlikdan birga katta bo`lgan do`sting! Birga ishlaylik” deb O`tkir aka ikkimiz tashabbus ko`rsatganmiz.

- Ularning ikkilanishi boisi naxot yig`ilib o`zaro muhokama qilinmagan?

O`tkir Qodirov, sozanda: - O`zaro gaplashdik, lekin aniq javob eshitolmadik. Ularning gap-so`ziga qaraganda Toir bilan ijod qilish niyati bor.

Baxtiyor Qobilov, sozanda: - Lekin Otanazar “Toir “birga ishlaylik”, desa “Sato” guruhida faoliyatimni davom ettirmayman!” deb ochiq aytdi.  
 
- Odam keskin qarorga kelishiga avvaldan yig`ilib qolgan omillar sabab bo`ladi. Demak, guruh a`zolari o`rtasidagi munosabat ancha oldin darz keta boshlagan, shundaymi?  

O`tkir Qodirov, sozanda: -  Albatta ish bor erda kelishmovchiliklar ham bo`lib turadi. So`nggi uch yil mobaynida bu yaqqol ko`zga tashlanib qolgandi. Boisi prodyuser va administratorning zimmasida bo`lgan tashkiliy masalalar to`g`ri yo`lga qo`yilmagani yuzasidan o`zaro kelishmovchiliklar bo`lib turardi. 

Baxtiyor Qobilov, sozanda: - Do`stlik bilan ishdagi munosabatlar aralashib ketgani bois ham guruh jar yoqasiga kelib qoldi, nazarimda.

- Nahot shu arzimas ikir-chikirlar professional sozandalardan tashkil topgan guruhni ajralishiga sabab bo`la olsa?!

- Yuqorida ta`kidlaganingizdek, kamchiliklar yig`ilib-yig`ilib oxiri “portladi”. Guruh tarqalishining yana bir sababi - Toir Qo`zievga bo`lgan e`tibor uni “yulduzlik kasali”ga chalinishiga ham omil bo`ldi. Vaholanki, guruh muvaffaqiyati barchamizning birdek mehnatimiz evaziga kelgan! Toirning bu boradagi fikri boshqacharoq... 

O`tkir Qodirov, sozanda: - Toir o`quvchim! Hamza nomli bilim yurtida unga dars berganman. O`sha kezlari “Aka, guruh tuzib, birga ijod qilsak”, deganida hech ikkilanmay rozi bo`lganman. Boisi Toirning iste`dodi qay darajaligini bilardim, unga mehrim ham bo`lakcha edi. Lekin yillar o`tib, tarqalib ketishimiz etti uxlab tushimga kirmagandi.  

- Toir Qo`zievning o`zi “yulduzlik kasalligi”ga chalinganini tan oladimi?

Baxtiyor Qobilov, sozanda: - Oxirgi suhbatlarimizda “Toir senda o`zgarish sezilyapti”, deb aytganimizda “Ha, o`zim ham sezyapman”, degandi.   

- Bordi-yu Toir Qo`zievga bo`layotgan e`tibor sizlarga qaratilganida “yulduzlik kasalligi”ga chalinmasdim”, deb ishonch bilan ayta olasizlarmi?

- To`liq ayta olmayman. Shuning uchun ham Toirni tushunaman, biroq harakatlarini oqlolmayman!

O`tkir Qodirov, sozanda: - Yo`q, men bu “kasallik”ka chalinmaganman!  
 
- Faylasuflardan biri “Aqlli odam qiyin vaziyatlardan osongina qutilib ketadi. Dono esa mushkul xolatga aslo tushmaydi”, degan edi. Naxot e`tirozlaringizni badiiy rahbaringiz Toir Qo`zievsiz o`zlaringiz hal qilishni imkoni bo`lmagan?!

- Gap ochilgan ekan, ochig`ini aytish kerak! Bir tan-u, bir jon bo`lib ijod qilishdan ko`ra do`stlik rishtalari ustun keldi. Prodyuserimiz ikki yarim yilgina bamaslahat ishladi. So`ng bizning tanbehlarimizni nazarga ilmay qo`ydi. Faqat Toirning gapiga quloq soladigan bo`lib qoldi. Prodyuserimiz ishini bilmasligi sabab ko`pincha noqulay vaziyatga tushib qolishidan qat`iy nazar o`ziga tegishli xulosa chiqarmadi. Badiiy rahbar esa uni ximoya qilaman, deb biz bilan sen-menga borib qolaverdi.  
 
Baxtiyor Qobilov, sozanda: - Guruh vakillari hamjihatlikda ishlasagina yuqori pog`onalarni zabt eta oladi. Kimnidir qoralashdan yiroqmiz. Shunchaki mavjud vaziyatni ochiq-oydin so`zlab beryapmiz, xolos. 

- So`nggi vaqtlarda ijodingizda yangilik kuzatilmayotganining ham boisi shu ekan-da?

- To`g`ri, katta-katta tadbirlardagi ikki daqiqalik chiqish bilan cheklanib qolingandik. Chunki guruh tashkil etilgandagi maqsadimizdan og`ib ketgandik. Aniqrog`i, instrumental ijod qolib, xonandalikka urg`u ko`payib ketgandi-da!

- Bu kimning xatosi?

- Har birimizning!  

- Guruh tarqalishi borasida ikkita talqin yuribdi. Biri “Toir Qo`ziev “Sato” guruhini tarqatib yuboribdi”, ikkinchisi “Toir Qo`ziev guruhni tark etibdi”. Qay biri haqiqat? 

O`tkir Qodirov, sozanda: - Uch-to`rt oy avval Toir “xonanda sifatida ishlamoqchiman”, degan fikrni bildirgandi. An`anamizga ko`ra yil so`ngidagi yig`ilishimizda Toir “Guruhni tarqatamiz, alohida ijod qilmoqchiman!” dedi. Shunda “Biz “Sato”da ijod qilishni davom ettiramiz!”, deganimizdan so`nggina ketish borasidagi qat`iy qarorini aytib, “Unda “Sato” guruhi bo`lib ishlayveringlar”, dedi. Va bu masalaga nuqta qo`yildi. 

Baxtiyor Qobilov, sozanda: - Guruhni asl xolicha saqlab qolishga harakat qildik. Chunki bundan mayda nizolar hayotimiz davomida sodir bo`ladigan vaziyatlar oldida xaschalik ham emas! Biroq Toir qarorini o`zgartirmadi. “Sato”ni biror vakili o`zicha guruhni tarqatib yuborishga haqqi yo`q! Chunki bu guruh birgalikda, hamfikrlikda tuzilgan.

- “Toir Qo`ziev chaqirsa, u bilan ishlaymiz”, degan fikrini bildirganidan qat`iy nazar ikkilanyotgan ikkita sozanda guruhga qaytsa qabul qilasizlarmi? 

O`tkir Qodirov, sozanda: - Albatta qabul qilamiz! Ular bilan do`stona xayrlashganmiz. Toirni o`zi “guruhga qaytaman!” desa ham bajonidil!

- Toir Qo`ziev guruhni tark etgan bo`lsa, faoliyatingizni asl xolicha davom ettirasizlarmi yo yana kimdir xonandalikka da`vogarlik qiladimi?  

- Instrumental guruh bo`lishimiz aniq! Lekin hozircha guruhga nechta sozandani qabul qilishimiz borasida aniq to`xtamga kelganimiz yo`q. Biroq kelajak uchun rejalar, yangi g`oyalar tuzib qo`ydik. Bu borada ishni yo`lga qo`ydik ham! 

- Mahmud Namozov “Surxon”ni tark etgach, guruh avvalgi mavqeini saqlab qoldi, deyolmaymiz. “Sato” ham xuddi shu jarayonni boshidan kechiradimi? 

- Lekin Maxmud Namozovning reytingi bir qadar tushdi ham! To`g`ri, balki “Sato” guruhining yangi tarkibi ham shu jarayonni bosib o`tar. Buni vaqt ko`rsatadi. Lekin oldimizga katta maqsadlarni qo`ydik.   

Baxtiyor Qobilov, sozanda: - Bu gal avvalgidek og`zaki emas, yozma ravishdagi ma`lum qoidalarga ega shartnoma asosida ishlaymiz! 

- Toir Qo`ziev Germaniya safarida bo`lgani bois hammani bir erga yig`ishni imkoni bo`lmadi. Qaytgach, yuqorida bildirgan fikrlaringizni inkor etishi mumkinmi?  

- Balki tan olar, balki yo`q! Bu o`ziga xavola. 

- Odatda uydagi gapni ko`chaga ovoza qilish odobdan emas. Biroq sizlarning mojaroingiz ommaga tarqalib ketdi. Imi-jimida hal etishning ham imkoni bo`lmadimi?

O`tkir Qodirov, sozanda: - Bunday xabarni o`zimiz shogirdlarimizdan eshitib hayratga tushdik. Ma`lumot begona orqali tarqalmagani tabiiy. Lekin men yoki Baxtiyor tarqatmagani aniq!   

Baxtiyor Qobilov, sozanda: - Bir shogirdim kelib “Mablag` sabab tarqalib ketayotgan ekansizlar-a?” desa bo`ladimi (kuladi)? Hayriyat hech bo`lmasa bu borada shartnoma tuzgan ekanmiz. Guruhda hammamiz teng maosh olardik. Bu borada sira sen-menga bormaganmiz! O`rtamizdagi muammolar gap ko`tarolmaslik, tanbehlarimizdan guruhning boshqa vakillari charchagani sabab kelib chiqdi, xolos.

- Mojarodan qanday xulosa chiqardinglar?

O`tkir Qodirov, sozanda: - Demak, o`zgarish vaqti kelgan, degan xulosa qildim.
Baxtiyor Qobilov, sozanda:
- Nima bo`lishidan qat`iy nazar ijodni davom ettirishimiz lozim! Lekin bundan buyon “qatiqni ham puflab ichamiz”... 

Tahririyatdan: O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan artist Toir Qo`ziev Germaniya safaridan qaytgach, mazkur masala yuzasidan u bilan ham fikrlashamiz.


“Sato” guruhining ikki sozandasi bilan ham bog`lanib, fikrlarini bilishga urindik...
Otanazar Xudoynazarov, sozanda: - Hali bir qarorga kelmadik. Toir safardan qaytgach, bu masala yuzasidan u bilan gaplashasiz. 

- Guruhda qolish yo Toir Qo`ziev bilan birgalikda ijod qilish haqida shaxsiy fikringiz bo`lishi kerak-ku!

- Toirni taklifiga qarab, biror qarorga kelamiz. Hozircha biror nima deyolmayman. 

G`ulomjon Muhammadjonov, sozanda: - Toir aka Germaniyadan kelgach, maslahatlashib oladigan gaplarimiz bor. Shundan so`ng biror fikr ayta olishimiz mumkin. Yaxshisi Toir aka kelgach, birgalikda bafurja savollaringizga javob beramiz.  

Sadoqat ALLABERGANOVA suhbatlashdi

    Boshqa yangiliklar