1

RANGPARLIK, ISITMA, OG`RIQ – LEYKEMIYa BELGILARIGA DIQQAT QILING!

Salomatlik 16.11.2017, 13:41
RANGPARLIK, ISITMA, OG`RIQ – LEYKEMIYa  BELGILARIGA DIQQAT QILING!

Leykemiyadan davolanayotgan bolalar xastaliklari to`g`risida so`rashadimi? Axir muolaja bir necha oyga cho`zilishi mumkin ekan?..

Savollar ko`p. Bemorlarimizning yoshlariga mos tarzda imkon qadar soddaroq tilda tushuntiramiz. Muhimi, ularni sog`ayishlariga ishontira olishimiz. Zero, bugunga kelib, leykemiya bedavo dard emas!

Suhbatdoshimning fikrlari bejiz aytilmadi. Chindan ham bugunga kelib, «oq qon», «qon saratoni» deya ta`riflanadigan, tibbiyotda leykemiya, leykoz deb atalgan kasallikning davosi topilgan. Faqat birgina talab bor, o`z vaqtida shifokorga murojaat etish! Shundagina keyingi asoratlarning oldini olish mumkin. Xo`sh, qanday o`zgarishlar diqqatimizdan chetda qolmasligi lozim? Umuman, leykemiya alomatlarini boshqa kasaliklardan farqlash mumkinmi? Bu haqda Respublika Gematologiya va qon quyish ilmiy-tekshirish instituti, Bolalar bo`limi mudiri Nargiza BABAXANOVA batafsil ma`lumot beradi.

Sabablari ayonmi?

Olimlar tomonidan olib borilgan ilmiy tadqiqot ishlari xali ham leykemiyaning aniq sababini ko`rsatmadi. Hozircha mazkur patologiya irsiy omilga borib taqalmoqda. Stress, kuchli asabiylashish holatlarining ta`siri tufayli kelib chiqish ehtimoli ham taxminlar qatorida. Biroq leykozni keltirib chiqargan sabab aniq shu degan xulosa yo`q.

O`zgarishlar ogohlantiradi!

Leykemiyaning ilk belgilari, odatda, holsizlik, rangparlik, terining ayrim sohalarida ko`karish paydo bo`lishi, tana haroratining ko`tarilishi, oyoq og`rig`i bilan kechadi. Ko`pchilik bu o`zgarishlarni shamollash va anginaga o`xshatib, davolanishga kirishishi tayin. Ammo bunday paytda eng maqbul chora umumiy qon tahlilini topshirishdir.

Umumiy qon tahlili olinganda gemoglobin va leykositlar emas, balki butun leykoformulaga diqqat qilinishi lozim. Agar bemordagi o`zgarishlar shamollashga aloqador bo`lsa, tibbiy tahlil sigmentlar ko`payganini ko`rsatadi. Leykemiyada esa aksincha, sigmentlar kamayib, limfosit va leykositlar miqdori ortadi. Gemoglobin ko`rsatkichi tushishi mumkin.

(alohida)

Mutaxassislar tavsiyasiga ko`ra, bir yilda bir marta umumiy qon tahlilini topshirish, siz va oila a`zolaringizni kutilmagan holatlardan himoyalaydi.

Tashhis qo`yish...

Farzandingizdagi o`zgarishlarga ko`ra umumiy qon tahlili o`tkazildi. Tashhislash uchun esa chuqurlashtirilgan tekshiruv talab etilmoqda. Bunday holatda doimiy turar joydagi poliklinika shifokorining yo`llanmasi bilan Respublika Gematologiya va qon quyish ilmiy-tekshirish institutiga yuboriladi. Mazkur shifo maskanida qon tahlilining mielogramma (suyak ko`magi analizi) tekshiruvi o`tkaziladi. Suyak ko`magidan analiz olish quloq uchun qattiq eshitilishi mumkin. Biroq diagnostika nuqtai nazaridan bu eng zarur tahlillarning biridir. Har bir odamda blast hujayralari me`yorda besh foizgacha bo`ladi. Leykoz mavjud bo`lganida esa blast hujayralar ko`rsatkichi ortadi. Mazkur hujayralarning 30 foizdan yuqoriligi «oq qon» tashhisini tasdiqlaydi.

Turlari haqida...

Tibbiyotda leykozning o`tkir turi qayd etilib, u ikkita katta guruhga bo`linadi. O`tkir limfablastli va o`tkir mieloblastli leykoz. Har bir turi o`z navbatida kichik guruhlarga ajraladi.

Me`yorda leykositlar 4-9 minggacha bo`lib, shamollash jarayoni kuzatilganida ularning miqdori 6-7 mingtaga etishi mumkin. Agar birinchi tekshiruvdan 10 kun o`tib bajarilgan qon tahlilida leykositlar miqdori o`zgarishsiz qolsa, limfosit, trombosit hujaylarining kamayishi, gemoglobin miqdorining pastlab ketgani aniqlansa, albatta, gematologga murojaat etish lozim.

Muolaja qancha davom etadi?

Har qanday kasallik uchun davolash choralarining to`liq va bexato bajarilishi muhimdir. Xususan, leykemiya bilan og`rigan bemorlarga so`nggi o`n yil mobaynida dasturli kimyoterapiya muolajasi bajarilmoqda.

Besh bosqichdan iborat bo`lgan muolajaning birinchi davrida kasallikning rivojlanishiga qarshi choralar ko`rilib, bemor remissiyaga olib chiqiladi. Limfablast turida uch kurs, mieloblastda esa to`rt kurs kimyoterapiya o`tkazilib, bir-bir yarim yilga organizmni qo`llab turuvchi muolaja kursi tayinlanadi. Davo choralari yakunlangach, bemor besh yil davomida poliklinika nazoratiga qo`yiladi. Ushbu davr ichida hech qanday asoratlar aniqlanmasa, bola nazorat ro`yxatidan o`chiriladi.

Dilbandingizga dalda bo`ling!

Ota-onalar farzandining barmog`iga zirapcha kirsa ham ozor chekishadi. «Oq qon» tashhisi esa har qanday insonni ham esankiratib qo`yishi tayin. Biroq xastalikning chekinishi nafaqat malakali mutaxassislar, balki ota-onalarga ham bog`liqligini unutmaylik. Irodani mustahkam qilib, faqat oldinga intilish, sog`ayishga umid va ishonch bilangina farzandingiz uchun yo`lchi mayoq bo`lolasiz. Zinhor tushkunlikka tushmang, axir leykemiya bedavo dard emas!

Bolalar bo`limida ...

Bemor bolakaylar vaqtini unumli tashkillashtirish maqsadida davolash bo`limida maxsus o`yin xonalari tashkillashtirilgan. Tarbiyachi nazoratida kichik yoshdagi bolalar rasm chizish, origami yasash, o`smirlar esa turli adabiyotlar bilan tanishish, kundalik yozish kabilar bilan mashg`ul bo`lishadi. Institut hovlisida barpo etilgan maydonchada bola tanasiga shikast etishidan himoyalovchi arg`imchoqlar o`rnatilgan. Ko`ngilli yoshlar (volontyor) ingliz tili saboqlari, biser tikish, narsa-buyum yasash kabi mashg`ulotlarni tashkillashtirib, muntazam bolalar bilan shug`ullanishadi.

Jiddiy kasalik haqidagi suhbatimizni yaxshi xabarlar bilan yakunlashni istadik. «Oq qon» bilan kasallanganlar orasida normal hayotga qaytgan, talaba bo`lgan, tanlagan sohasida katta yutuqlarga erishayotgan, oila qurib farzandli bo`lganlari ham talaygina. Bu haqda bemorlarning kasallik varaqasidagi qaydlar ham guvohlik beradi. Demak, leykemiya hukm emas!

Samira ULUG`BEKOVA tayyorladi.

Manba: «Sug'diyona» gazetasi


Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1