1

PREZIDENT KOREYS XALQINI TABRIKLADI

Siyosat 18.11.2017, 09:37
PREZIDENT KOREYS XALQINI TABRIKLADI

Aziz do`stlar!

Hurmatli mehmonlar!

Shu kunlarda ko`p millatli xalqimiz koreys millatiga mansub yurtdoshlarimiz O`zbekistonda istiqomat qilayotganining 80 yilligini nishonlamoqda.

O`tgan asrning muhtojlikka yo`g`rilgan g`oyat murakkab davri – 30-yillarida shafqatsiz siyosiy tuzum tazyiqi ostida o`n minglab koreyslar Uzoq Sharqdan O`zbekiston zaminiga kelib qolishgan. O`zbek xalqi o`ziga xos olijanoblik va bag`rikenglik bilan taqdir hukmiga tashlab qo`yilgan koreyslarga mehr ko`rsatdi, bag`riga olib, boshpana berdi.

Mehnatsevarligi, qat`iy irodasi, ahilligi, intizomi, erga mehri bilan, dunyoqarashimiz va madaniyatlarimiz o`xshashligi tufayli koreyslar O`zbekiston timsolida ikkinchi Vatanini topdi va uning munosib farzandi, ko`p millatli O`zbekistonning teng huquqli fuqarosiga aylandi, hurmat-e`tibor qozondi. Xalqimiz shunday yurtdoshlari bilan faxrlanadi.

Biz koreys millatiga mansub yurtdoshlarimizning mamlakatimizni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish – sanoat va qishloq xo`jaligi salohiyatini mustahkamlash, ilm-fan, ta`lim, sog`liqni saqlash va boshqa sohalar taraqqiyotiga qo`shayotgan hissasini yuksak qadrlaymiz.

Ular yurtimizdagi cho`llarni o`zlashtirishda faol ishtirok etdi, qiyin sharoitlarda qo`riq erlarga ishlov berdi, erning tilini biladigan omilkor dehqon sifatida keyinchalik eng ilg`orlar qatoridan joy olgan xo`jaliklar barpo etdi.

Koreys millatiga mansub yurtdoshlarimizning shonli va fidokorona mehnati, O`zbekistonning har tomonlama taraqqiy topishi va farovon bo`lishiga qaratilgan bunyodkorlik faoliyati mamlakatimiz erishgan yutuqlar solnomasida yorqin sahifa bo`lib qoladi.

Mamlakatimizda katta obro`-e`tibor qozongan 283 nafar koreys millatiga mansub yurtdoshimiz davlatimizning yuksak mukofotlari bilan taqdirlangan.

Ular orasida deputatlar, hukumat a`zolari, xizmat ko`rsatgan fan, madaniyat va san`at arboblari, yuqori malakali mutaxassislar bor. Bular qatorida taniqli qishloq xo`jaligi xodimlari Kim Pen Xva va Xvan Man Gim, O`zbekiston Qahramoni, Xivadagi Mehribonlik uyi direktori Vera Pak, maktabgacha ta`lim vaziri, senator Agrippina Shin, senator Valeriy Tyan, O`zbekiston Respublikasining Koreya Respublikasidagi elchisi Vitaliy Fen, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, O`zbekiston Koreys madaniyat markazlari uyushmasi raisi Viktor Pak, boks bo`yicha jahon kubogi sohibi Vladimir Shin, rassom Nikolay Shin, akademik Vladimir Kim, tibbiyot fanlari doktori, professor Aleksandr Shek va boshqalarni alohida e`tirof etish kerak.

Bugungi kunda O`zbekistonda 200 mingdan ziyod koreys millati vakillari istiqomat qilmoqda. Ularning aksariyati o`zbek tilida so`zlasha olishi, madaniyatimizni yaxshi bilishini alohida qayd etish zarur. Buni biz o`zbek xalqiga bo`lgan chuqur hurmat va ehtirom sifatida qabul qilamiz.

Koreys diasporasi ko`p millatli O`zbekiston xalqining ajralmas bo`lagi bo`lib, an`anaviy tarzda respublika miqyosida o`tkaziladigan barcha ommaviy va madaniy tadbirlarda faol ishtirok etadi.

Joriy yilning iyun oyida poytaxtimizdagi "Do`stlik bog`i"da koreys diasporasi tomonidan saxovatli o`zbek zaminidagi bag`rikenglik, samimiylik va g`amxo`rlik, tinch va osoyishta hayot uchun minnatdorlik belgisi sifatida yodgorlik monumenti barpo etildi.

Mamlakatimizda boshqa millat va elat vakillari qatori koreys millatiga mansub yurtdoshlarimiz uchun ham o`z milliy madaniyati, tili, urf-odat va an`analarini asrab-avaylashi va rivojlantirishi uchun barcha sharoit yaratilgan. Misol uchun, O`zbekiston davlat jahon tillari universiteti, Toshkent davlat sharqshunoslik instituti va Samarqand davlat chet tillar institutida koreys filologiyasi o`qitilmoqda.

O`zbekiston Koreys madaniyat markazlari uyushmasi tomonidan bu borada ulkan ishlar amalga oshirilmoqda. Koreys tilida kitob va gazetalar chop etilmoqda, ko`rgazmalar, konsertlar, festivallar, ijodiy jamoalarning O`zbekiston bo`ylab va xorijga gastrollari, yoshlar o`rtasida turli sport musobaqalari tashkil etilmoqda.

Ayni paytda Toshkentda Koreya Respublikasi hukumati ko`magida Koreys madaniyat va san`at uyi bunyod etilmoqda. O`ylaymanki, u bizning tobora mustahkamlanib borayotgan do`stligimizning yorqin timsoli, yoshlar va ziyolilarni o`ziga jalb qiluvchi maskan, madaniyatlarimizni o`zaro boyitish markaziga aylanadi.

O`zbekistonda Koreya Respublikasi bilan ko`p qirrali hamkorlikni rivojlantirishga alohida e`tibor qaratilmoqda, koreys diasporasi bunga katta hissa qo`shmoqda.

Yaqin kunlarda Koreya Respublikasiga oliy darajadagi tashrif rejalashtirilgan bo`lib, uning doirasida ikki mamlakat o`rtasidagi strategik sheriklikni yanada mustahkamlash, jumladan, yangi qo`shma loyihalarni amalga oshirish masalalari ko`rib chiqiladi.

Qadrli tadbir ishtirokchilari, Siz va sizning timsolingizda barcha koreys yurtdoshlarimizga umumiy uyimiz – jonajon O`zbekistonimiz taraqqiyoti va farovonligi yo`lidagi fidokorona va samarali mehnatingiz uchun samimiy minnatdorlik bildiraman.

Barchangizga mustahkam sog`liq, muvaffaqiyat, oilaviy baxt va farovonlik tilayman.

Shavkat Mirziyoev,

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1