Turg`unbek, 38 yosh, Jizzax viloyati:
— O`n besh yil avval ota-onam tanlagan qizga uylanganman. Ular sovchilikka borgan qiz menga ham yoqqan. Toshkentda universitetda o`qiganman, xotinim esa maktabni bitirib, chevarchilik hunarini egallagan. Ayolim saranjom-sarishta, ota-onamga va oilamdagilarga mehribon. Ikki farzandimizni ham oq yuvib, oq tarab katta qilyapti. Bir qarashda hamma bizni baxtli oila deb o`ylaydi. Lekin aslida unday emas... Hammaga mehri cheksiz ayolim menga kelganida doim baqiroq, injiq, kayfiyatsiz bo`lib qoladi. Men bilan hech ham ochilib gaplashmaydi. Ish buyursam ko`nglimdagidek bajarmaydi, doim gap qaytaradi. Undan ko`p narsa talab qilmayman, ishdan kelganimda kulib kutib olsin, yonimda gaplashib o`tirsin deyman. Hech kimdan kam joyi bo`lmasa. Tinimsiz mehnat qilayotgan erining ko`ngliga qarash shunchalik qiyinmi? Sabr kosamni yaqinda qilgan qilig`i to`ldirdi. Uzoq viloyatga kelin bo`lib tushgan opasi qiz chiqaryapti. To`ydan yigirma kun oldin ketamanga tushdi. Shuncha ertadan borib senga nima bor, to`yga to`rt-besh kun qolganida birga boramiz desam jahl qildi. Keyin ishdan qaytsam, narsalarini yig`ishtirib, poezdda opasinikiga jo`navoribdi. Bolalarni esa qarovsiz tashlab ketibdi. Rosa jahlim chiqdi. Bunday xurmacha qiliqlaridan to`yib ketdim, xotinimni yo`lga solishning iloji yo`q deb o`ylayman…
O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan artist Mahmud ISMOILOV maslahat beradi: — O`n besh yil birga yashab, hamon bir-biring fe`l-atvoriga ko`nikmaganlari va moslashmaganlari meni hayron qoldirdi. Sizga yagona maslahatim, ayolingiz bilan gaplashib oling. Suhbatingiz davomida baqirmasdan, tinchgina gaplashishga harakat qiling. Bu suhbat bolalar ishtirokisiz o`tgani yanada ma`qul. Bir-biringizdan nima istayotganingizni oshkora ayting, nima qoniqtirmayotgani, nimalar sizning jahlingizni chiqarishini istihola qilmasdan gapiring. Shundagina o`rtadagi tushunmovchiliklar barham topadi. Endi sizlar o`zingizni emas, aksincha voyaga etkazayotgan farzandlaringiz haqida o`ylashingiz kerak.
- Manba: «SUG‘DIYONA» gazetasi.






