AKAMGA MAKTUB: KEChIKKAN XIZMAT

Mutolaa 21.11.2017, 13:39
AKAMGA MAKTUB: KEChIKKAN XIZMAT

Ijtimoiy tarmoqdan «Jamshid Mo`minov sizga do`stlik taklif qilyapti» degan xabar keldi. Virtual xizmatlarning o`zi kishilarga yashash, o`qish, ish joyi-yu, hududiga qarab «do`st» tanlab berishi odatiy holga aylanib qolgani uchun bunday xabarlarga ko`pda e`tibor qaratmay qo`yganmiz. Shuning uchun bo`lsa kerak, avvaliga e`tibor qilmadim. Keyin yuragim orziqib ketdi. Akamni ko`rmaganimga bir-ikki yil bo`lgan, ish bilan xorijda yashayotgani tufayli faqat zamonaviy aloqa vositalari orqali gaplashib turardik. Bu xabar to`satdan xayolimni olis yillarga olib ketdi. Bolalik, yoshlikning turli fursatlari xotirimda jonlana boshladi…

- Jama! Jimi vxodi!

Pastdan uchinchi qavatga ko`z tikib turgan bir gala bolalarga hammadan avval ikkinchi qavatda yashaydigan Raya xola javob beradi:

- Ne shumite, rebyata!

Ko`chaga qaragan derazamiz oshxonaga yaqin. Ko`pincha oshxonada yurganim uchun, akamning o`rniga men javob berardim: «Shas, vydet!»

Bu xabarni etkazmasimdanoq akam allaqachon ko`chada bo`lardi. Turli millat vakillaridan iborat bolalar bir-biriga gal bermay bugungi rejalarni tuzar «futbol, nasha komanda» kabi so`zlarni eshitib, ularning bugun qaerda bo`lishini aniq bilardim. Ayam bilan dadam ishdan qaytganda kechki taomga akamni chaqirish mening zimmamda, shuning uchun bu axborot men uchun juda kerakli edi.

Uchinchi qavatdan pastdagi sershovqin maydonchadagi bolalarning «davay, ura, gol!» kabi hayqiriqlari-yu, bir tomonda qizlarning «jambul, jambul» kabi ovozlarini eshitish, ishdan qaytayotgan odamlar va ularning ba`zida shodon, ba`zan jiddiy qiyofalari, umuman, qator ko`p qavatli uylar atrofidagi kechki beshdan keyingi gavjum paytni tomosha qilish maroqli edi. Ayniqsa, kimning qaerga borib, qaerdan kelayotganidan boxabar, doim jiddiy, norozi qiyofadagi «semichkachi» Rima xolaning baqir-chaqirlari-yu, hammani tartibga solib turishini eshitmaslik, demak ko`chadagi voqealardan xabarsiz qolish demakdir. Mana, nihoyat, dadam bilan ayam ham ishdan qaytdilar. Bir pas o`tgach, endi uchinchi qavatdan mening ovozim yangraydi: «Akov, uyga-a-a!»

- Ako, tebya zovut, - deb kuladi o`rtoqlari.

- A pochemu akov, a ne aka?

Akam «tushunmaysizlar, baribir», deganday qo`l siltab uyga kirardi.

Biz, akamning uchala singlisi ham akamni erkalab «akov» deb chaqirardik. «Aka» desak, o`rtada yaqinlik yo`qday, o`zimizga o`xshamay qolayotganday tuyulardi. Sababi, akam biz uchun shunchaki aka emas, yaqin, mehribon do`stimiz. «ov» qo`shimchasini olib tashlasak, xuddi begonaday bo`lib qolardi. Shuning uchun bo`lsa kerak, hozirgacha boshqalar oldida ham «akov» deb chaqirsak kulguga qolamiz, ba`zida.

Akam juda shirinlikxo`r. Hatto hanuzgacha sulili pecheneni choyga botirib eyishini biz, singillari atrofida o`tirvolib, tomosha qilamiz. Bolaligida, maktabda o`qib yurgan kezlarida ham yostig`i ostidan konfet qog`ozlari chiqardi. Shu odatini bilganim uchun uxlab qolgach ham xonasiga kirib, bir qarab chiqardim. Bir kuni kirsam, qattiq uxlab yotibdi, lunji shishgan, ushlab ko`rsam qattiq.

- Aya, aya, akamga qarang, - hovliqaman men, dabdurustdan nima bo`lganini tushunmay.

- Voy bolam-ey, yana konfet bilan uxlab qolibdimi, - ayam bilan qiqir-qiqir kulamiz.

Akam hammamizning fe`limizni miridan-sirigacha biladi. Ayniqsa, meni. Bolaligimda anchayin yig`loqi bo`lganman, shuning uchun menga ko`proq e`tibor qaratardi. Bog`chaga erkalatib olib borar, yo`lda barcha injiqliklarimni muhayyo etardi. Singlimni eru ko`kka ishonmasdi, opam bilan oson til topishardi.

Kichikligimizdanoq hatto kamchiliklarimizni ham hazillashib aytar, bunga o`rganib qolgandik. Kulgi ostiga olingan xatolar albatta to`g`irlanardi. Ammo men bunday «tanqid»ni ko`tarolmasdim. Shuning uchun har safar bunday hazillar o`rtancha singilga qaratilgan payti «£arab turinglar hozir Guli yig`lab beradi!» derdi. Rostdan ham ko`p o`tmay ko`zyoshim sirg`alib tushardi. Ammo nimadir deb darrov ovutib qo`yar, yana o`rtada kulgu ko`tarilardi.

Ulg`ayganimiz sari akam bilan yanayam qadrdon bo`la boshladik. Biron taom tayyorlasak, albatta akamdan baho kutardik, yangi kiyim olsak akam ma`qullasa, kiyilardi.

£ishloq xo`jaligi institutining iqtisod fakulteti talabasi bo`lganida oilamizdagi quvonchni ta`riflash. Eh-he.. «Akam student bo`ladimi, nahotki?!» Har kuni o`qishdan qaytishini kutardik. «Akov, aytib bering, institutda nimalar bo`ldi, darslar qanday o`tilarkan?» Dasturxon boshida ham savollarim tinmasdi.

- Akangni ovqatlanishga qo`yasanmi, yo yo`qmi, - ayam tanbeh berardi ba`zida.

Talabalik akamga ancha jiddiy tus berdi. Ko`proq dars tayyorlar, shug`ullanardi. Oradan bir necha yil o`tgach, o`zim ham talaba bo`ldim. Akam hammadan ham ko`p xursand bo`ldi, faxrlandi: «Mana, bizning kichkina echkichamiz endi talaba bo`ldi!»

Akam to turmush qurgunimizga qadar bizni erkalatib chaqirardi. Hech qachon urishmas, hatto ish ham buyurmasdi. Ba`zida kirlarini ham o`zi yuvib, dazmollardi. «Bizni uyaltirmang, o`zimiz qilamiz-ku, shu ishlarni», desak indamasdi, singillarini avaylardi.

Endi ishga joylashgan paytlari edi. Ba`zida hisobot topshirilayotgan kunlari kechki 11-12 largacha qolib ketgan paytlari ko`p bo`lardi. Kutib o`tirardim. Chunki o`zim ham shu paytga qadar dars tayyorlayotgan bo`lardim, ko`pincha. Ovqatlarini tayyorlab bergach, kayfiyatiga razm solardim. Charchagani sezilib turar, ortiqcha gapirishni ham istamayotgani ko`rinib tursa-da, chalg`itgim kelardi.

- Aka, ovqatim yoqdimi, charchadizmi, hamma shunday ishlaydimi…

Endi akam ishda bo`lgani uchun kechki taomni, bir dasturxon atrofida, hammamiz birgalikda tanovvul qilishning faqat shanba-yakshanba kunlarigina imkoni bo`lardi. Umuman, dasturxon atrofida jamuljam bo`lish biz uchun shunchaki ovqatlanishdan iborat bo`lmasdi. £anday o`qishimiz, nimalar bilan mashg`ulligimiz, dars jarayonlari, orzu-rejalarimiz - hammasi shu erda, taomlanib bo`lgach muhokama etilardi. Shunday kunlarning birida akam qo`lida gazeta, ko`zlarida faxr uchquni bilan keldi dasturxon atrofiga.

- «Jurnalist»imizning maqolasi chiqibdimi, dada!

Negadir dadam hamma gazetalarni qarab chiqqan bo`lsalar-da, bunga e`tibor qaratmaganlaridan hayron yurgandim, shuning uchun akamning bu yangiligi men uchun ayni muddao edi.

- Ha, birorta muxbir rosa ter to`kkandir-da, - kosani chetga surib, gazetani qo`lga oldi dadam. £izarib ketdim, dadam o`qituvchi bo`lsalar-da, tahririyatni ishini tushungani uchun talabalaru, jamoatchi muxbirlarning maqolasi yaxshigina qayta ishlanishidan xabardor edi.

- Men u ayolni (maqola qahramoni) uyiga ikki marta borib ma`lumot oldim, axir, suhbatlashdim, meniyam mehnatim singdi!

- Mana, xatoying ana shunda! Jurnalist degani biron joyga ma`lumot uchun borsa bir martadanoq maqola uchun etarli manba to`play olishi kerak. Buning uchun esa tuzuk tayyorlanib borishi lozim, uqdingmi?

- Men hali talabaman-ku! - o`zimni oqlagim, oz bo`lsa-da iliq fikr eshitgim kelardi.

- Jurnalistning talabasi bo`lmaydi!

Akam g`urur bilan aytib kelgan yangiligi bunaqa bahsga sabab bo`ladi, deb o`ylamagandi, shekilli, menga qarab kulib qo`ya qoldi. «Baribir, siyosiy gazetada maqolasi chiqishi zo`r-ku!», deb qo`ydi xolos. Akamning yutuqlarimiz tufayli qanchalik g`ururlanishini o`sha paytda his qilgandim.

…£iynalganlarini ko`rsatmaydi akam. Hozir ham shunday. Lekin biz, singillari ko`zlaridan sezamiz. Hech qachon yolg`on gapirmaydi, xushomadni «sig`dirmaydi». Ayamni avaylagani uchun muammolari haqida umuman gapirmaydi, bizga gard qo`nishini istamaydi. Hol so`rasak, «yaxshiman», deb qo`ya qoladi, xolos. Dadamni yonida hatto oyoqlarini uzatib o`tirmaydi. Xursand bo`lsa, ko`zlari porlab, yashnab ketadi. Nimadandir g`azablansa, yuzlaridagi eng mayda tomirlarigacha bo`rtib chiqadi, ammo aslo qo`pol so`z ham aytmaydi.

Bugun akamning farzandlari ham ulg`ayib qolishdi. Bir necha yildan beri olis mamlakatda yashashadi. Sog`inch qalbimizni o`rtab yuboradi, ba`zan. Har yili bir kelsa, ota hovlimiz to`lib, tog`day suyanchig`imiz yonimizda ekanidan ko`nglimiz xotirjam tortadi. Ketgach… huvillab qolamiz. Yozgi ta`tilda kelishganda jiyanlarim: «Ammajon, siz, aka-singillar bolaligingizda nahotki hech urishmagan bo`lsangiz?!» deb savol beradi, tinmay.

- Yo`q, janjallashib qolmaganmiz hech qachon. Axir akajonim dunyodagi eng yaxshi aka-da!

Hayot qonuni shu, tartibi shunday: bir oilada tug`ilib o`sgan farzandlar keyinchalik oila quradi, bir-biridan uzoqlashadi. Rishtalar, muomala-munosabatlar o`zgarar ekan, ammo o`zgarmaydigan bir tuyg`u – Mehr ekan. Mehr tuyg`usiga masofa daxl qilmaskan. Akajon, sizni juda sog`indik! Ilohim, baxtimizga sog`-omon, doim oilangizga bosh bo`ling!

…Tarmoqdan kelgan xabarga kursorni bosarkanman, «kechikkan xizmat» degan fikr xayolimdan o`tdi. Axir akam bilan tug`ilganimdan beri do`stman-da.

Gulruh M¤MINOVA.

PS. To`g`risi, bu xotiralarni faqat o`zim uchun, akamni sog`ingan payti qog`ozga tushirgandim. Uni matbuotga olib chiqish xayolimga ham kelmagandi. Ammo… bugun ba`zi aka-singillar orasidagi munosabatlarni ko`rib, bolaligim, oilamizdagi muhit bot-bot yodimga tushaveradi. Aka-singillar, opa-ukalar bir-biri bilan deyarli gaplashmasligi, ko`zlari-yu, mehri ham elektron vositalariga qaratilayotgani kishini o`ylatib qo`yadi. Vaholanki, oiladagi bu davrlar boshqa hech qachon qaytib berilmaydi. Bolalik va yoshlikning oila davrasidagi xotiralari ba`zida maktab davridagi, tengdoshlar orasidagi munosabatlardan ko`ra ko`proq kishiga ko`proq taskin beradi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1