AsosiyMadaniyat

​SOHIBQIRON KITOB YoZGANMI?

'​SOHIBQIRON KITOB YoZGANMI?'ning rasmi

“Temur tuzuklari” olti asrdan beri dunyo jamoatchiligi e`tiborini tortib kelmoqda. Ayni paytda uning turli qo`lyozma nusxalari va tarjimalari dunyoning turli nuqtalarida, bir qator nufuzli kutubxona, muzeylar va shaxsiy to`plamlarda saqlanmoqda. Ko`plab taniqli olimlar “Temur tuzuklari” ustida tadqiqotlar olib borishgan.

O`tgan davr ichida mazkur asar Amir Temur tomonidan yozilmagan, uning vafotidan ancha keyin yaratilgan, degan taxminlar ham ilgari surildi. Ammo, asarning tili va uslubi, pand-nasihatlarning Amir Temur siyratiga mosligi, chuqur idrok, o`tkir zehn va donishmandlik bilan yozilgani, asardagi voqealarning Amir Temur hayoti haqida hikoya qiluvchi bir qator ishonchli manbalar (Nizomiddin Shomiyning “Zafarnoma”si, Sharafiddin Ali Yazdiyning “Zafarnoma”si, Ibn Arabshohning “Ajoyib at-taqdur fi axbori Taymur” asari va hokazo)dagi ma`lumotlarga mos kelishi va boshqa bir qator tarixiy faktlar asar bevosita Amir Temur tomonidan yozilganini tasdiqlaydi.

Tarixiy ma`lumotlarga ko`ra, asar dastavval Amir Temurning ona tili – eski o`zbek tilida yozilgan. Sharafiddin Ali Yazdiy ham yuqorida nomi tilga olingan asarida Amir Temur davrida uning hayotidagi muhim voqealarni o`z ichiga olgan turkiy va forsiy asarlar mavjud bo`lganini aytadi. Shu paytga qadar Amir Temur faoliyati haqida uning hayotligida bitilgan turkiy tildagi asar bizgacha etib kelmaganidan, bu o`rinda so`z “Temur tuzuklari” haqida borayotgani taxmin qilish mumkin.

Ushbu kitob asrlar davomida bir qator hukmdorlar uchun dasturil-amal vazifasini o`tagan. Ehtimol, Zahiriddin Muhammad Boburning “Boburnoma”, Abulg`ozi Bahodurxonning “Shajari turk” singari asarlarini yozishlariga ham aynan sohibqironning mazkur “Tuzuklar”i tutki bergan bo`lishi mumkin. Ammo, afsuski, asarning turkiy tilda bitilgan ilk qo`lyozmasi hanuzgacha topilgani yo`q. Bu durdona asar topilganida, tariximizning bizga ma`lum bo`lmagan sahifalari ochilishi barobarida, o`zbek mumtoz adabiyoti ham yana bir go`zal durdona bilan boyigan bo`lar edi.

Bugun bizgacha etib kelgan xilma-xil qo`lyozmalar hajmi, tarkibi, uslubi nuqtai nazaridan bir-biridan farqlanadi. Bizga etib kelgan qo`lyozmalarning eng qadimgisi XVII asrga mansub bo`lib, u Boburiylar hukmronligi davrida, Hindistonda ko`chirilgan. Kitob muqaddimasida bitilishicha, Agrada Boburiylar saroyida xizmat qilgan shoir va tarjimon Abu Tolib al-Husayniy al-Oriziy at-Turbatiy Makkai mukarramada haj amallarini bajarib, ortga qaytayotganida, Yaman hukmdori Ja`far poshoning kutubxonasida turkiy tilda bitilgan bir noyob qo`lyozmaga duch keladi. Tarjimonning yozishicha, bu asar Sohibqiron Amir Temurning etti yoshdan etmish yoshgacha bo`lgan davrida boshidan kechirgan sarguzashtlari, davlat boshqaruvi usullari, vazir va amirlari, farzandlariga hukmronlik borasida bergan maslahatlari va yo`l-yo`riqlari o`rin olgan.

At-Turbatiy bu bebaho qo`lyozmani o`zi bilan olib kelgan va uni sekin-astalik bilan forsiy tilga tarjima qila boshlagan. 1637 yilda asar tarjimasini to`la-to`kis bitkazib, uni Boburiyzoda hukmdor Shoh Jahonga (1628-1659) tuhfa etgan.

Shoh Jahon asar bilan tanishib chiqqach, undagi voqealarni Sharafiddin Ali Yazdiyning “Zafarnomasi” bilan taqqoslab chiqishni Dekan muzofoti favjdori Muhammad Afzal Buxoriyga topshirib, xattot va muarrixlar o`zlaridan qo`shgan ortiqcha tafsilotlarin o`chirib tashlashni buyuradi.

Mazkur asarning shu paytgacha etib kelgan barcha qo`lyozma va toshbosma nusxalari uchun aynan Abu Tolib al-Husayniy at-Turbatiyning tarjimasi asos bo`lib xizmat qilgan. “Zamonlar chorrahasi: o`tmishning buyuk merosi – ma`rifatli kelajak poydevori” deb nomlangan xalqaro media-forum doirasida "Temur tuzuklari”ning faksimile nusxasi ham yurtimizga keltiriladi.

    Boshqa yangiliklar