Kobulda o‘tkazilgan Qozog‘iston-Afg‘oniston biznes-forumi davomida 140 million dollarlik shartnomalar imzolandi. Qozog‘iston hukumati matbuot xizmati xabariga ko‘ra, Qozog‘iston va Afg‘oniston foydali qazilmalarni o‘rganish maqsadida qo‘shma geologik komissiya tashkil etishga kelishib olishgan.
Afg‘onistonning Kobul shahrida o‘tkazilgan uchrashuvda Qozog‘iston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari – milliy iqtisodiyot vaziri Serik Jumangarin va Afg‘oniston Islom Amirligi tog‘-kon va neft sanoati vaziri Hidoyatullo Badriy o‘zaro anglashuvga erishdi.
Tomonlar so‘nggi bir yil ichida sanoat sohasidagi munosabatlar taraqqiyotidan mamnun ekanliklarini bildirdi. Serik Jumangarin Afg‘oniston tomoniga Qozog‘iston geologlarining tayyogarlik ishlarini tashkil etishda ko‘rsatgan yordami uchun minnatdorlik izhor etdi.
– Bugungi kunda Qozog‘istonda geologiya-qidiruv, qazib olish va qayta ishlash sohalarida tajribaga ega professional kompaniyalar shakllangan. Ular Afg‘onistondagi istiqbolli konlarni o‘rganish va investitsiya kiritishdan manfaatdor. Biz bilan Kobulga ERG Exploration, Kazakhmys Barlau, Qazatomprom kabi kompaniyalar vakillari kelgan, – dedi Jumangarin.
Uchrashuvda afg‘on tomoni ham hamkorlikni yanada kengaytirishga va qozog‘istonlik mutaxassislarning tadqiqotlariga ko‘mak berishga tayyor ekanini bildirdi. Tomonlar yuzaga kelayotgan masalalarni tezkor muhokama qilish uchun qo‘shma texnik komissiya tuzishga kelishib oldi. Qozog‘iston may oyi oxirida yana bir mutaxassislar guruhini yuborib, Afg‘onistonning boshqa viloyatlaridagi konlarni o‘rganadi. Shuningdek, afg‘on tomoni qozog‘istonlik qazib oluvchi kompaniyalar so‘roviga binoan tasdiqlangan foydali qazilma zaxiralari haqida ma’lumot taqdim etishga tayyor ekanini bildirdi.
Shu kuni Serik Jumangarin Afg‘oniston Islom Amirligi davlat kompaniyalari bosh boshqarmasi rahbari Ahmad Jon Bilol bilan ham uchrashdi. Suhbat chog‘ida Qozog‘iston kompaniyalarining Afg‘oniston davlat korxonalari bilan hamkorligini kengaytirish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Jumangarin Qozog‘iston-Afg‘oniston biznes-forumining ochilish marosimida ham ishtirok etdi. Unda Qozog‘istonning 50 dan ortiq kompaniyasi qatnashib, o‘simlik yog‘i, makaron, guruch kabi an’anaviy mahsulotlardan tortib, agrodronlar va akkumulyatorlargacha bo‘lgan mahsulotlar turkumini taqdim etdi.
– Afg‘oniston Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasida muhim logistika markaziga aylanishi mumkin. Qozog‘iston esa oziq-ovqat, texnologiya, mashinasozlik, kimyo va IT mahsulotlarining ishonchli yetkazib beruvchisiga aylanishi mumkin. Oldinga qo‘yilgan maqsad – savdo hajmini qisqa muddat ichida 3 milliard dollarga yetkazishdan iborat. Bu uchun barqaror yetkazib berish kanallarini yo‘lga qo‘yish, o‘zaro savdo turlarini kengaytirish va investitsiya hamda tadbirkorlik faoliyati uchun qulay muhit yaratish zarur, – dedi vitse-premer. Forumning dastlabki kunida 140 million dollarlik tijorat hujjatlari imzolangani ma’lum qilindi.
Abdulloh Sayyid