1

HOMILADORLIKDAN AVVALGI TEKShIRUVLAR: ERKAK VA AYoL UChUN ALOHIDA!

Salomatlik 29.11.2017, 08:23
HOMILADORLIKDAN AVVALGI TEKShIRUVLAR: ERKAK VA AYoL UChUN ALOHIDA!

Har bir ota-ona sog`lom farzandni dunyoga keltirishni istaydi. Ammo ba`zida buning uchun xohishning o`zi kamlik qilishi mumkin. Bolajonning salomatligi esa ko`p jihatdan ota-onaning sog`ligi va ruhiy holatiga bog`liq. Shunday ekan, yangi mehmonning kelishiga alohida tayyorlanishingizga to`g`ri keladi. Bu boradagi tavsiyalarni esa oliy toifali shifokor-ginekolog Nilufar BO`STONOVA berib o`tadi.

Ayollar uchun tekshiruvlar tartibi:

  • Ginekolog ko`rigi. Farzand ko`rishni rejalashtirayotgan har bir ayol, avvalo, shu shifokor ko`rigidan o`tishi shart. Xoh birinchi homiladorlik, xoh ikkinchi yoki uchinchisi bo`lsin. Keyin shifokor ko`rsatmasiga muvofiq, tor doiradagi boshqa mutaxassislarga murojaat qilishingiz mumkin.
  • Qalqonsimon bez faoliyati tekshiruvi. Bo`yindagi kichkinagina kapalakni eslatuvchi bez jinsiy a`zolar, shuningdek, ayol reproduktiv salomatligiga ta`sir qiladi. Tekshiruv uchun ENDOKRINOLOGga uchrashasiz.
  • Ultratovush tekshiruvi. Bu amaliyot jinsiy a`zoning holati, undagi o`zgarishlar hamda o`lchamini aniqlaydi. Tekshiruv uchun UTT MUTAXASSISIga yuzlanasiz. UTT hayz siklining turli fazalarida amalga oshirilishi mumkin. Masalan, endometriya(bachadon ichki pardasi)ning holatini aniqlash talab etilsa, hayz tugagagandan keyin, ovulyasiya jarayonini o`rganish uchun esa hayz siklining o`rtalarida (20-24 kunlar orasida) tekshiruvdan o`tkazish tavsiya etiladi.
  • Jinsiy yo`l bilan yuquvchi infeksiyalar uchun qon tahlili. Tahlil topshirish uchun ginekolog yo`llanmasi bilan INFEKSIONIST huzuriga yo`l olasiz.
  • Gormonal tekshiruvlar. Agar endokrinolog biror o`zgarishni qayd etsa yoxud ginekolog tavsiya qilsa, gormonlar tahlil o`tkazilishi mumkin. Mazkur tahlil uchun qon namunasi topshiriladi.
  • Stomatolog ko`rigi. Ha, aynan rejalashtirish chog`ida tishlaringizni tekshirtiring. Zarur bo`lsa davolating, teshiklarini yamating. Toki nozik pallaga qadam qo`yganingizdan keyin stomatolog aralashuviga o`rin qolmasin. Homiladorlik chog`ida kalsiy etishmovchiligi yuzaga kelib onaning tishlari to`kilishi, mo`rtlashishi mumkin. Kasallikni davolagandan ko`ra oldini olgan ancha oson-da!

Erkaklar uchun tekshiruvlar tartibi:

  • Urolog kabiteniga kirasiz. Aynan shu shifokor salomatligingizni tekshirib, jinsiy yo`l bilan yuquvchi infeksiyalar yo`qligiga ishonch xosil qilishi lozim. Buning uchun esa tahlil topshirish tavsiya qilinadi. Garchi biror marta ham bunday xastaliklar bilan og`rimagan bo`lsangiz-da, albatta tekshiruvdan o`ting. Axir gap naslingizning davomchisi sog`lom dunyoga kelishi haqida bormoqda.
  • Spermogramma — spermaning tarkibi va faolligini aniqlovchi tahlil. Ushbu tahlil ham tayyorgarlikni talab etishini yodingizda tuting. Agar tekshiruvga 3-4 kun qolganida alkogol, energetik ichimliklar, ba`zi tinchlantiruvchi va og`riq qoldiruvchi dorilarni qabul qilgan bo`lsangiz, natija xato chiqishi mumkin.
  • Qon tarkibidagi gormonlar miqdori — bu tahlil testosteron miqdorini aniqlaydi. Testosteron miqdorining kamligi ham homiladorlik yuz bermasligiga sabab bo`lishi mumkin.
  • Prostata bezi sekresiyasi — shifokor prostata bezida yallig`lanish yoki bez faoliyatida o`zgarish borligiga shubha qilsa, bez sekresiyasi to`planib, tahlilga yuboriladi.
  • UTT — jinsiy a`zo UTTsi ikki xil usulda amalga oshiriladi. Qay biridan foydalanish muammoning turiga qarab, shifokor tomonidan tavsiya etiladi.
  • zarur hollarda erkak spermasining qo`shimcha tahlili ham bajarilishi mumkin.

Shuningdek, olti oy davomida homiladorlik sodir bo`lmasa mutaxassis qo`shimcha tahlillarni tavsiya qilishi mumkin.

Maftuna tayyoraladi.

Manba: «Sug'diyona» gazetasi

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1