AsosiyMadaniyat
2700

Yurtimizga qaytarilgan qadimiy qo`lyozma nusxalari – bebaho xazina!

'Yurtimizga qaytarilgan qadimiy qo`lyozma nusxalari – bebaho xazina!'ning rasmi

28 noyabr kuni Toshkentda bo`lib o`tgan “Zamonlar chorrahasi: o`tmishning buyuk merosi – ma`rifatli kelajak poydevori” xalqaro media-forumida turli sabablarga ko`ra, O`zbekiston hududidan olib chiqib ketilgan va xorijda saqlanayotgan qo`lyozmalar – “Katta Langar Qur`oni”, Sulton Husayn Boyqaroning devoni “Devoni Husayniy”, “Ravzat us-safo”, “Me`rojnoma”, “Temur tuzuklari”ning faksimile nusxalari O`zbekiston hukumati va xalqiga qaytarildi.

Media-forum ishtirokchilari mazkur tarixiy voqeaga o`z fikrlarini bildirishmoqda. Ulardan biri Mir Arab madrasasining mudarrisi Abdug`ofir Razzoqov shunday deydi:

— Yurtimizga qaytarilgan ushbu qadimiy qo`lyozma nusxalarini bebaho xazina deyish mumkin. Ularning har bir varog`ida katta tarix bor. Mana, masalan, Mirxondning “Ravzat us-safo”ni olaylik, u tarixiy asar bo`lib, unda Muhammad payg`ambar, xalifa va podsholar sulolasi tarixi haqida bayon etilgan. Yoki shoir Mir Haydar Xorazmiyning “Me`rojnoma”sini aytaylik. Arab va uyg`ur yozuviga asoslangan turkiy tilda bitilgan ushbu 84 sahifalik qo`lyozmaning 70 sahifasi go`zal miniatyuralardan iborat. Ushbu qo`lyozmalarning qiymatini hech narsa bilan o`lchab bo`lmaydi. Ular xalqimizning madaniy merosi va bundan xalqimiz bahramand bo`lishga haqli. Bu xazinalar kelajak avlod uchun xizmat qilishi kerak. Shu ishga bosh-qosh bo`lganlarga katta rahmat.

Munisa ALIEVA

Fotograf: Omil HAKIMOV

    Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

    Boshqa yangiliklar