AsosiyMadaniyat
4682

“MEDIA FORUM O`ZBEK MILLIY MUSIQA TARIXI BILAN YaQINDAN TANIShISh IMKONINI TAQDIM ETDI”

'“MEDIA FORUM O`ZBEK MILLIY MUSIQA TARIXI BILAN YaQINDAN TANIShISh IMKONINI TAQDIM ETDI”'ning rasmi

“Zamonlar chorrahasi: o`tmishning buyuk merosi-ma`rifatli kelajak poydevori” xalqaro media-forumi doirasida “Yakkasaroy” restoranida to`kin dasturxon atrofida “Milliy musiqa oqshomi” o`tkazildi. Unda qator san`at ustalari o`zbek folklori namunalaridan ijro etishadi. Shuningdek, tadbir ishtirokchilari YuNESKOning og`zaki va nomoddiy madaniy merosi durdonalari ro`yxatiga kiritilgan milliy o`zbek mumtoz maqomlari namunalaridan ham bahramand bo`lishdi. Media-forum qatnashchilarining mazkur “Milliy musiqa oqshomi” xususidagi fikrlari bilan qiziqdik...

Irina POPOVA, Rossiya fanlar akademiyasining Sharq qo`lyozmalari instituti direktori: — “Zamonlar chorrahasi: o`tmishning buyuk merosi-ma`rifatli kelajak poydevori” xalqaro media-forumi doirasida o`tkazilgan “Milliy musiqa oqshomi”dan olam-olam taassurotlar oldim, his-hayajonim cheksiz. E`tiborimni tortgan jihat, har bir yo`nalish bo`yicha o`z ijodini namoyish qilgan ijrochilar turli yoshda ekani.

Sahnada go`yo momolarni nabiralari, bobolarni farzandlari bilan ko`rgandek bo`ldik. Sahnada namoyish qilingan chiqishlarda qarindoshchilik rishtalari ham borligi kishida iliqlik uyg`otdi. Katta ekranda milliy musiqa san`atining turli yo`nalishlari tarixiga murojaat qilindi. Ular orasida afsonaviy san`atkor Tamaraxonim ham tilga olinganidan quvondim. Boisi bu ijodkorning ijodi bilan tanish bo`lganman.

Ushbu tadbirda qo`shiq kuylashda noodatiy uslub — likopchadan foydalanilishini ilk bor ko`rdim. Ochig`i, bunday ijroni birorta davlatda ko`rgan emasman.

Media forumning bunday ijodiy tomonini o`zbek milliy taomlaridan iborat to`kin dasturxon atrofida tomosha qilish ham taassurotimizni ikki karra ko`proq oshirdi. Boisi o`zbek milliy taomlari ta`riflab bo`lmas darajada mazali tayyorlanadi.

So`zimni muxtasar qilsam, media forum turli davlatlardan kelgan mutaxassislar bilan fikr almashish, o`zbek milliy musiqa tarixi bilan yaqindan tanishish va albatta o`zbek milliy taomlaridan bahramand bo`lish imkonini taqdim etdi.

Sadoqat ALLABERGANOVA. Fotomuxbir: Omil HAKIMOV


    Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

    Boshqa yangiliklar