Mamlakatimizga kelgan bir guruh turkiyalik jurnalistlar 29 noyabr kuni Buxoroda bo`ldi.
“Afrosiyob” tezyurar poezdida Samarqanddan kelgan mehmonlarni “Buxoro”
temir yo`l vokzalida Buxoro viloyati hokimining turizmni rivojlantirish
masalalari bo`yicha o`rinbosari B.Shahriyorov va boshqalar kutib oldi.

Turkiyalik jurnalistlar Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning joriy yil
25-26 oktyabr kunlari Turkiya Respublikasiga davlat tashrifi chog`ida
erishilgan o`zaro kelishuvga asosan yurtimizga keldi.
O`zA xabariga ko`ra, Turkiya ommaviy axborot vositalari xodimlari Sharq gavhari bo`lgan qadimiy
Buxoroning dunyoga mashhur tarixiy-me`moriy yodgorliklari sirasiga kiruvchi
Minorai Kalon, Masjidi Kalon, Poyi Kalon hamda Labi hovuz majmualari,
Ismoil Somoniy va boshqa diqqatga sazovor joylarini tomosha qildi.

– O`zbekistonning qadimiy shaharlari, ayniqsa, Buxoro haqida ko`p
o`qiganmiz, eshitganmiz, – deydi “Yangi Birlik” gazetasi muxbiri Musa Ali
o`g`li. – Bu erga kelish ko`pchiligimizning orzuimiz edi. Mana, qadim
shahardamiz. Yodgorliklari, mehmondo`st odamlari, umuman, barchasi
hayratlanarli. Men va hamkasblarim Buxoroga safar taassurotlarimizni
matbuotimiz sahifalari va teleko`rsatuvlarda hikoya qilamiz. Bu Turkiyada
O`zbekistonga qiziqishni yanada oshiradi. Demak, sayyohlar soni ko`payadi.
Mehmonlar Bahouddin Naqshband yodgorlik majumasida ham bo`lib, buyuk
ajdodimiz qabrini ziyorat qildi. Ushbu maskanni obod etish va uni tabarruk
ziyoratgohga aylantirish borasida amalga oshirilgan ishlar mehmonlarda katta
taassurot qoldirdi.

– Turkiyada Naqshbandiya tariqati, uning ezgu g`oyasini yaxshi bilishadi, –
deydi «INA» axborot agentligi muxbiri Mexmet Umer Qilich. – Biz
Bahouddin Naqshband hazaratlari qabrini ziyorat qildik. Bunday muqaddas
qadamjolar kishi ruhini engil qiladi, insonni ezgu ishlarga undaydi. Men
Buxoroga yana kelish, bu qutlug` zaminda yashab o`tgan Abdulxoliq G`ijduvoniy,
Xo`ja Orif Mohitobon, Muhammad Boboi Samosiy, Said Amir Kulol kabi
Naqshband bobomizning ustozlari qabrlarini ziyorat qilishni ko`nglimga
tugdim.






