O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev raisligida 28 noyabr kuni Vazirlar Mahkamasi faoliyatini takomillashtirish va ish samaradorligini oshirish, Bosh vazir va uning o`rinbosarlari, departamentlar mudirlari, vazirlar, qo`mita va kompaniyalar raislarining shaxsiy mas`uliyatini kuchaytirish bilan bog`liq masalalar muhokamasiga bag`ishlangan yig`ilish o`tkazildi bu xaqida Prezidenti rasmiy sayti xabar qilmoqda.
Yig`ilishda Bosh vazir va uning o`rinbosarlari, Prezidentning davlat maslahatchilari, vazirlik, idora va xo`jalik birlashmalari rahbarlari ishtirok etdi.
Yig`ilishda Prezidentimiz qayd etganidek, bugungi kunda ijtimoiy hayotimizning barcha soha va tarmoqlarida keng ko`lamli islohotlar izchil amalga oshirilmoqda. Xalqimizning fidokorona mehnati bilan ijobiy samaralarga erishilmoqda. Shu bilan birga, aholini bezovta qilayotgan ko`pgina muammo va kamchiliklar ham o`z echimini kutib turibdi. Odamlarimiz ertaga yoki uzoq kelajakda emas, balki bugun yaxshi yashashni, munosib hayot kechirishni istaydi.
Shavkat Mirziyoev o`z so`zida kun tartibidagi masalaga chuqur tahlil asosida tanqidiy yondashib, aksariyat rahbarlar tomonidan tartib-intizom va mas`uliyatning bo`shashtirib yuborilgani, ular o`z faoliyatini zamon talablari asosida tashkil eta olmayotgani, xizmat vazifasiga loqaydlik va beparvolik bilan munosabatda bo`layotgani kabi holatlar umumiy natijadorlikka salbiy ta`sir ko`rsatayotganini ta`kidladi.
Mana, yaqinda ish faoliyatimizga bir yil to`ladi, aholimiz, bizga katta umid va ishonch bildirgan xalqimiz oldida amaliy ishlarimiz bilan hisobot beradigan vaqt keldi. Ishga yangicha yondashish, oddiy odamlarning dardi va tashvishi bilan yashash, fidoyilik va jonkuyarlik ko`rsatish ijro hokimiyatining barcha bo`g`indagi rahbar va mutasaddilari faoliyatining asosiy mezoniga aylanishi zarur, dedi Prezidentimiz.
Ochiq tan olish kerakki, biz o`z oldimizga qo`ygan, el-yurtimiz kutayotgan natijalarga hali to`la erisha olganimiz yo`q. Bu boradagi ishlarni faollashtirish, yangi bosqichga ko`tarish maqsadida 27 noyabr kuni “O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi faoliyatini takomillashtirishga doir qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi Prezident qarori qabul qilindi.
Ushbu qarorga muvofiq, O`zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o`rinbosarlari, hukumat apparati tarkibiy bo`linmalari rahbarlarining samarali va natijali ishini ta`minlash, ularning shaxsiy mas`uliyatini kuchaytirish maqsadida Vazirlar Mahkamasining ijro etuvchi tuzilmasi qayta shakllantirilib, yangi komplekslar va vazirlik tashkil etildi.
Yig`ilishda iqtisodiyot soha va tarmoqlarining barqaror rivojlanishini ta`minlash, jumladan, qat`iy pul-valyuta siyosatini yuritish, erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalari faoliyatini kuchaytirish, xorijiy investisiyalarni keng jalb etish, zamonaviy sanoat korxonalari barpo etish, yangi ish o`rinlari yaratish, mahalliy byudjetlarning daromad bazasini kengaytirish, samarali soliq siyosatini shakllantirish, byudjet mablag`laridan maqsadli foydalanish, davlat statistikasi tizimini takomillashtirish kabi masalalar atroflicha muhokama qilindi.
Shuningdek, davlatimiz rahbari ta`lim, sog`liqni saqlash, turizm, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish, madaniyat va san`at, jismoniy tarbiya va sport, yoshlar va xotin-qizlar masalalari bilan bog`liq vazifalarga e`tibor qaratdi.
Yig`ilishda Prezidentimiz joriy yilda amalga oshirilgan ishlarni chuqur tahlil qilish asosida erishilgan yutuqlarni yanada mustahkamlash, yo`l qo`yilgan kamchiliklarning takrorlanmasligi uchun barcha zarur choralarni ko`rish, ayni paytda 2018 yilning birinchi choragida bajariladigan aniq vazifalar bo`yicha tegishli ko`rsatma va topshiriqlar berdi.






