1

O`zbekiston Respublikasi Prezidentining bayram tabrigi

Jamiyat 07.03.2014, 23:10
O`zbekiston Respublikasi Prezidentining bayram tabrigi

Muhtarama onaxonlar!

         Qadrli opa-singillar, dilbar qizlarim!

         Barchamiz orziqib kutgan so`lim bahor kirib kelishi bilan tabiat ochilib, ko`ngillarimiz yorug` tuyg`ularga to`lib borayotgan mana shu shukuhli ayyomda siz, azizlarimni, sizlar orqali butun O`zbekiston xotin-qizlarini 8 mart bayrami bilan chin qalbimdan muborakbod etishdan baxtiyorman.

         Biz bugun Yaratganning buyuk mo``jizasi bo`lgan, hayot davomiyligi va abadiyligini o`zida mujassam etgan ayol zotini, tabarruk onalarni ulug`lar ekanmiz, beixtiyor mutafakkir bobomiz Alisher Navoiyning “Jannat onalarning oyog`i ostidadir” degan mazmundagi hikmatli so`zlarini eslaymiz va muqaddas Ona siymosi oldida ta`zim qilamiz.

         O`zining latofati va nafosati, vafo va sadoqati, qalb saxovati bilan oilani oila qiladigan, xonadonlarimiz bekasi va charog`boni bo`lmish siz, munis ayollarimizga har qancha tasannolar aytsak, sizlarni har qancha e`zozlab, boshimizga ko`tarsak, arziydi, albatta.

         Azizlarim!

         Hech kimga sir emas, men davlat rahbari sifatida doimo o`z chiqishlarimda siz, ayol zotiga yuksak hurmat va ehtirom bildirib, oldimizda turgan ulkan vazifalarni amalga oshirishda, ro`zg`or va oila tebratishda, hayotimizni yanada obod va farovon qilishda, qaysi soha bo`lmasin, sizlarning qo`shayotgan beqiyos hissangizni o`zimga yaqqol tasavvur qilib, sizlarga yana va yana bir bor chuqur minnatdorlik izhor etishdan charchamayman.

         Haqiqatan ham, siz, azizlarning yurtimizda tinchlik-osoyishtalikni saqlash, oilalarni mustahkamlash, jamiyatimizda mehr-oqibat muhitini kuchaytirishdagi o`rningiz va ta`siringizni, chidam va sabr-bardosh, oqilalik va shukronalik kabi fazilatlaringizni hech narsa bilan qiyoslab, baholab bo`lmaydi. Hech ikkilanmasdan aytmoqchiman: o`zining go`zalligi va fidoyiligi, mehnatkashligi va bag`rikengligi bilan bizning yurtimiz ayollariga teng keladigan ayollar dunyoda kamdan-kam topiladi.

         Hurmatli vatandoshlar!     

         Biz mustaqillikning birinchi kunlaridan boshlab xotin-qizlarning jamiyatimizdagi o`rni va mavqeini, ularning ijtimoiy-siyosiy hayotimizdagi, iqtisodiyotimizning turli sohalaridagi nufuzini oshirish bo`yicha qanday katta qadamlar qo`yganimiz haqida ortiqcha gapirishning hojati yo`q, deb o`ylayman.

         Bugun biz boshimizdan kechirayotgan, tez o`zgarib borayotgan globallashuv zamonida sizlarning hech kimdan kam bo`lmasdan, hayotimizning hal qiluvchi ustuvor yo`nalishlarida, zamon talablari bilan har tomonlama uyg`un va hamohang bo`lib, ulkan yutuqlarga erishayotganingizni biz yaxshi bilamiz va yuksak qadrlaymiz.

         Bugungi kunda yurtimizda mehnatga layoqatli bo`lgan xotin-qizlarimizning 62 foizdan ziyodi iqtisodiyotimizning turli tarmoqlarida, ishlab chiqarish va boshqaruv sohasida faol mehnat qilmoqda.

         Tan olish kerakki, ayollar bandligi haqida so`z yuritganda, biz odatda xotin-qizlarning mehnati asosan ta`lim sohasida, avvalo, bog`cha va maktablarda, shuningdek, sog`liqni saqlash tizimida, engil va oziq-ovqat sanoati, qayta ishlash tarmoqlari kabi an`anaviy yo`nalishlarda, madaniyat va san`at sohasida ko`proq talab etiladi, deb hisoblashga o`rganib qolganmiz.

         Shu munosabat bilan bunday eskicha qarashlarni rad etadigan, hech shubhasiz, ko`pchilikda qiziqish uyg`otadigan ba`zi bir aniq raqam va misollarni keltirishni o`rinli deb bilaman.

         Misol uchun, bugungi kunda faqatgina umumiy o`rta ta`lim maktablarida xizmat qilayotgan muallim va murabbiylarning 70 foizga yaqinini ayollar tashkil qiladi. Ayni vaqtda ta`lim-tarbiya sohasida eng zamonaviy bosqich bo`lmish kasb-hunar kollejlari va akademik liseylar tizimida mehnat qilayotgan opa-singillarimizning ulushi qariyb 50 foizni, oliy o`quv yurtlarida esa ayol professor-o`qituvchilar 43 foizni tashkil etishi alohida e`tiborlidir.

         Yoki sog`liqni saqlash tizimini oladigan bo`lsak, sohadagi tibbiy xizmatchilarning 78 foizi xotin-qizlar bo`lib, ularning salkam 53 foizi vrach ayollardir. Ular tibbiyot sohasining deyarli barcha tarmoqlarida, jumladan, eng murakkab, yuqori texnologiyalarga asoslangan, ixtisoslashgan yo`nalishlarida faol ish olib bormoqda. Shifokor ayollarimizning 1 ming 100 nafardan ortig`i ilmiy darajaga ega bo`lib, bu oliy malakali vrachlar umumiy sonining 37 foizini tashkil qiladi.

         Keyingi yillarda mamlakatimiz iqtisodiyotini modernizasiya qilish va texnologik yangilash bo`yicha amalga oshirayotgan keng ko`lamli islohotlarimiz natijasida iqtisodiyotning avtomobilsozlik, mikrobiologiya, farmasevtika, elektron va elektrotexnika sanoati, axborot-kommunikasiya texnologiyalari, servis va bozor iqtisodiyoti xizmatlari kabi yuqori texnologiyalarga asoslangan zamonaviy tarmoqlarida ham xotin-qizlarning hissasi tobora ortib bormoqda.

         Bugungi kunda ayollarimizning nozik qo`llari, intellektual salohiyati, tirishqoqligi va mahorati bilan mazkur sohalar yurtimizda keng rivoj topmoqda, boshqacha aytganda, ayol zoti ana shu o`ta murakkab jabhada ham barchani qoyil qoldirmoqda.

         Mamlakatimizdagi mobil aloqa va internet-provayder operasiyalarini bajaradigan muassasalarda ishlayotgan xodimlarning qariyb 55 foizini, moliya va kreditlash sohasida mehnat qilayotgan mutaxassislarning esa 43 foizdan ortig`ini opa-singillarimiz tashkil etayotgani ham bu fikrning amaliy tasdig`idir.

         Bugungi hayotimizning yana bir muhim, o`ziga xos jihati so`nggi yillarda tadbirkorlik, xususiy va oilaviy biznes sohasida ham ayollarning ishtiroki kuchayib borayotganida namoyon bo`lmoqda. Buni oxirgi o`n yilda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik korxonalariga rahbarlik qilayotgan xotin-qizlarning ulushi 1,6 barobar oshgani, kichik biznes sub`ektlarining 40 foizini aynan ular boshqarayotgani misolida ko`rish mumkin.

         Hozirgi vaqtda qishloq xo`jaligida band bo`lgan mehnatchilarning qariyb yarmini xotin-qizlar tashkil etmoqda. Binobarin, yurtimizda mo`l-ko`l paxta va g`alla, pilla, sabzavot va bog`dorchilik mahsulotlari etishtirishga, bozor va do`konlarimizdagi to`kinchilik va arzonchilikni ta`minlashga katta hissa qo`shayotgan zahmatkash va fidoyi opa-singillarimizga har qancha tahsin aytsak, arziydi, albatta.

         Bugungi kunda xotin-qizlarimiz mamlakatimizning siyosiy-ijtimoiy hayotida, huquqiy demokratik davlat va fuqarolik jamiyatini barpo etish jarayonlarida faol ishtirok etmoqda. Bu haqda gapirganda, avvalo, minglab ayollar siyosiy partiyalar, mahalliy hokimiyat va vakillik organlarida, nodavlat tashkilotlar tizimida samarali ish olib borayotganini aytish o`rinlidir. Xususan, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tarkibida 33 nafar, Senat tarkibida 16 nafar ayol deputat borligini, dunyodagi sanoqli davlatlar qatorida mamlakatimiz parlamentining quyi palatasining raisi hamda yuqori palatasi rahbarining o`rinbosari sifatida ayollar faoliyat ko`rsatayotgani, shuningdek, Bosh vazir muovini, Qoraqalpog`iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisining, barcha viloyat, shahar va tuman hokimlarining o`rinbosarlaridan biri ayol ekanini alohida ta`kidlash lozim. 

         Mahallalarimizda ma`naviy-axloqiy tarbiya bo`yicha maslahatchilikdek eng nozik, eng murakkab vazifani o`z mas`uliyatiga olgan, oilalarda sog`lom muhitni mustahkamlash, yosh oilalar, ayniqsa, endi hayotga qadam qo`yayotgan qizlarimizga to`g`ri yo`l ko`rsatish, ularning tashvish va muammolarini echishda eng yaqin ko`makchi va maslahatgo`y bo`lib kelayotgan ayni shunday opa-singillarimizga chin yurakdan tashakkur izhor etishni o`zimning burchim deb bilaman. 

         Mustaqillik yillarida yurtimizda 13 nafar opa-singillarimiz “O`zbekiston Qahramoni” degan oliy unvonga musharraf bo`ldilar. Lekin menga buyursa, ham davlat xizmatini, ham jamoat ishini, ham oila va ro`zg`or yumushlarini, ham farzand tarbiyasini qoyil qilib bajarib kelayotgan barcha-barcha ayollarni qahramon deb aytgan bo`lardim.

         Mana shunday murakkab, kerak bo`lsa, erkaklar ham ko`tarolmaydigan og`ir vazifalarni o`zining nozik elkasida ko`tarib kelayotgan, nolimasdan, doimo shukronalik bilan yashaydigan ayollar bilan barchamiz haqli ravishda faxrlanishimiz, ulardan o`rnak olishimiz lozim.

         Qadrli opa-singillar!

         Yurtimizda 2014 yilning “Sog`lom bola yili” deb e`lon qilinishi avvalo ayollarimizning ko`nglidagi ish bo`ldi, desam, o`ylaymanki, sizlar ham bu fikrga qo`shilasiz. Nega deganda, bolaning sog`lom tug`ilishi, yuksak intellektual va ma`naviy salohiyatga, chuqur bilim va zamonaviy dunyoqarashga ega bo`lgan barkamol avlod bo`lib voyaga etishi, hayotda o`z munosib o`rnini egallashi qanday buyuk va bebaho baxt ekanini birinchi navbatda ona zoti teran anglaydi.

         “Sog`lom bola yili” Davlat dasturida o`z ifodasini topgan, xususan, shahar va qishloqlarimiz, butun yurtimizni obod qilish bo`yicha keng ko`lamli ishlarimizni izchil davom ettirish, yangi-yangi korxonalar, maktab, lisey va kollejlar, tibbiyot, madaniyat va sport ob`ektlari, jumladan, qishloq joylarda namunaviy loyihalar asosida 11 mingta zamonaviy uy-joy barpo etish kabi ko`plab tadbirlar ham avvalo ana shunday ezgu maqsadlarga erishish yo`lida yangi, amaliy qadam bo`lishi shubhasiz.

         Bir so`z bilan aytganda, mazkur dastur doirasida jami 4 trillion 509 milliard so`mdan ziyod va salkam 303 million dollar miqdoridagi mablag`    sarflash belgilangan bo`lib, bu xalqimizning hayot sifati va darajasini oshirish, ayollarimizning hayotdan rozi bo`lib yashashiga xizmat qiladi.

         Ayni vaqtda hammamiz yaxshi tushunamizki, xotin-qizlarimiz uchun yanada qulay sharoit yaratish, ularning og`irini engil qilish, o`z bilim va professional malakasi, iste`dod va salohiyatini amalda namoyon etishiga keng  yo`l ochib berish  bo`yicha hali ko`p ish qilishimiz kerak.

         Yurtimizda hukm surayotgan o`zaro hurmat, mehr-oqibat va ahillikni yanada mustahkamlash, yoshlarning ongini chetdan yopirilib kelayotgan turli xavf-xatarlar, “ommaviy madaniyat” xurujlaridan saqlash, oilalarda, mahallalarda olib borayotgan tarbiyaviy ishlarimizning samarasini oshirishni bugun tobora keskinlashib, murakkablashib borayotgan hayotning o`zi talab etmoqda.

        Shu borada men jondan aziz farzandlarimiz, ayniqsa, qiz bolalarni hayotga tayyorlash, ularni bolalikdan boshlab zamonaviy bilim va kasb-hunarlarga, madaniyat va sportga oshno etish, urf-odat va marosimlarni davr talablari bilan uyg`unlashtirish kabi muhim vazifalarni amalga oshirishda siz, muhtarama ayollarimizga, sizlarning aql-zakovatingiz, jonkuyarlik fazilatlaringizga tayanaman. 

         Aziz va qadrli opa-singillar!

         Sizlarni bahor elchisi bo`lgan, o`zingizdek go`zal va dilbar bayramingiz bilan yana bir bor tabriklar ekanman, barchangizga sihat-salomatlik, baxt va omad, xonadonlaringizga fayzu baraka tilayman.

         Umringiz uzoq, iqbolingiz ziyoda bo`lsin!

         Barcha ezgu orzu-niyatlaringiz amalga oshsin!

         Doimo oilangiz va farzandlaringiz, el-yurtimiz ardog`ida bo`ling, azizlarim, mehribonlarim!

 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1