AsosiyRekord

109 YoShLI MUQIM MOMO RO`ZIEVA

'109 YoShLI MUQIM  MOMO RO`ZIEVA'ning rasmi

Momo shu yil 109 yoshga to`ladilar. Tug`ilgan sanalarini eslay olmaydilar, bu haqdagi savolga “Yoz faslida” deb qo`yaqoladilar. Lekin tavallud topgan yili aniq — 1908 yil. Bu raqamlar hayratimizni oshiradi. Vaholanki, har bir kishini hayot, turmush tashvishlari toliqtirsa-da, qahramonimiz singari qalban uzoq umr ko`rishni yaxshi niyat qilamiz.

Muqim momoning 3 o`g`il, 3 qizi va 21 nafar nabirasi, 17 nafar chevarasi bor.

Momo haqida ma`lumot olishda ularning kenja o`g`illari 1953 yilda tug`ilgan Juma Ro`ziev ko`maklashdi.

— Bugungi mustaqillikdagi to`kin-sochinlikni ko`rib, hozirgi yoshlarga havas qilaman, — deydi momo biz bilan suhbatda. Bu fikrlarining izohlarini o`g`illari tushuntirib berdi:

— Mashina, dang`illama hovli orzu-havasini nazarda tutmayapdilar. Non, osh-ovqat uchun momoning ota-onalari Buxoroga ishlagani ketib, qaytib kelmagan ekan. Urush davri, ocharchilik Muqim momoni 3-4 yoshlarida etim qolishiga sabab bo`lgan. Onam ota-onalarining faqat ismlarini eslay oldilar — Xo`jaqul ota va Ro`zigul aya. Etimlik chog`larida onamni amakilari Arslon bobo qaramog`iga olib, voyaga etkazganlar.

Uzoq umr ko`rish garovi tabiiy mahsulotlar bilan to`g`ri ovqatlanish, deb hisoblaydigan momo hozirgacha tosh tegirmon — o`zlarining shevalarida yog`irchoqda bug`doydan un tayyorlab yopilgan nonni iste`mol qiladilar. Sut-qatiq, ho`l mevani kanda qilmaydigan qahramonimiz go`sht umuman emas ekanlar.

Ota-onasiz o`sgan bo`lishlariga qaramay urush davrida yolg`iz qolgan momo ikki o`g`il bir qizni asrab olib, ulg`aytirganlar.

Butun umr mehnat qilib oilaning shirin tashvishlari bilan vaqtini mazmunli o`tkazgan momo ayni damda Qashqadaryo viloyati Mirishkor tumanidagi uzoq umr ko`rgan kamyob keksalardan. 70-80 yoshigacha doyalik qilganlaridan qancha chaqaloqni dunyoga keltirganlarini esa “behisob” deyish bilan chekladilar. Hatto hozir ham yosh onalar chaqaloqlari bezovtalansa, darhol Muqim momodan maslahat olishga odatlanib qolishgan.

Yaxshi muomala, yaxshilik qilish va harakatchanlik qahramonimizning hayotlari davomida yo`ldosh bo`lgan va buni nabira, chevaralariga nasihat qilishdan charchamaydilar.

    Boshqa yangiliklar