AsosiySUG'DIYONA

«ZIQNAGA ERGA TEGMAYMAN!»

'«ZIQNAGA ERGA TEGMAYMAN!»'ning rasmi

Mohira, 28 yosh: — Risoladagidek oilada voyaga etganman. Negadir shu paytgacha ko`nglimdagidek hech kim darvozamizni taqillatib kelmagan. Oxirgi paytlarda faqat xotini o`lgan, ajrashganlar og`iz solayapti. O`tgan yili uylanmagan, o`zim tengi yigitga so`rashgandi. U bilan uchrashib ko`rdim, juda kamxarj ekan. Birinchi uchrashuvga hatto gul ham ko`tarib kelmadi, menga muzqaymoq olib berib, o`ziga pulini qizg`angan inson bilan bir umr qanday yashayman, deb, rad etdim. Keyin qo`li va ko`ngli ochiq boshqa yigitdan ham sovchi keldi. Faqat u uylanib-ajrashgan edi. Ammalarim «shuncha paytdan beri ajrashgan inson bilan turmush qurish uchun o`tirganmiding», deyishdi. O`zimning ko`nglim chopib tursa ham ular tazyiqi ostida bu yigitga ham rad javobini berdim...

Taftish: 28 yoshga chiqqan qizning eshigini yolg`ondan bo`lsa ham bo`ydoq yigit taqillatmasligiga ishonish qiyin. Lekin hayotda nimalar bo`lmaydi, deysiz. Ochig`ini aytganda, bu qiz yoki uning oilasidagi avvaldan bo`lgan jindekkina muammo ham vaqtida turmush qurmaganiga sabab bo`lgandir. Bunday muammolar kishining o`ziga bilinmaydi, ehtimol qiz o`ta mag`rurdir. Ammalari aslida to`g`ri aytgan, kim ham popuk qanddek asralgan qizini ikkinchi xotinlikka berishni orzu qilardi? Qiz shu yoshga kirib ham bo`ydoq yigitning kamxarjligi va ziqnaligini asosiy sabab qilib ko`rsatib, rad etayotgan ekan, demak, hali o`ziga ishonadi. Chunki u hayot bamisli o`yinchoq qilib o`ynatadigan 3-4 prinsipiga mahkam yopishib olib, hayotni shu bo`yicha o`lchamoqchi bo`layapti. Uylangan yigitning qo`li va ko`ngli ochiqligiga kelsak, u ayol kishiga yoqish va ko`nglini olishni biladi, chunki oldingi tajribasidan tajribasi bor. Ro`zg`or va turmush qiyinchiliklari sabab vaqtida uylanolmay, qiynalib topgan har bir so`mi ustida bosh qotiradigan yigit esa qizlarning ko`nglini ololmasligi tabiiy. Agar u ustomon bo`lganida do`stidan qarz olib, Mohiraga tilla sovg`a qilishi ham mumkin edi! Ziqna er asabga tegsa ham, ichuvchi va uruvchilardan ming marta yaxshi! Demak, yigitning zamonga mos pragmatikligini qiz tushuna olmagan. Qiz bolaning uylangan va ajrashgan yigitlarga turmushga chiqishi masalasiga kelsak, ba`zan xuddi shunday vaziyatlarda baxtli turmush qurib ketganlar ham talaygina. Chin taqdir kelmaguncha hammasi bekor, deyishadi-ku! Mohiradan ko`nglini keng qilib, hayotga real nazar tashlashni va vaqti kelib, to`yiga bizni ham taklif qilishini so`rab qolamiz.

Manba: «SUG‘DIYONA» gazetasi.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

Boshqa yangiliklar