AsosiySUG'DIYONA

«ShIFOKOR YIGITNI ORZU QILARDIM...»

'«ShIFOKOR YIGITNI ORZU QILARDIM...»'ning rasmi

Nazokat, 25 yosh: Oliy ma`lumotliman. Yaqinda magistraturani ham tugatdim. Oilamiz ham ziyoli, obro`li xonadonlardan. Men doim shifokor yigitga turmushga chiqishni orzu qilganman. Poytaxtda o`qigan kezlarim tibbiyot institutida o`qiydigan dugonamning xalatini dazmollab, o`zimcha «repetisiya» ham qilardim. Hozir poytaxtda ishlayapman. Yaqinda o`zim orzu qilgandek, poytaxtda ishlab, yashab qoladigan shifokor yigitdan (ikkimiz ham bir viloyatdanmiz) sovchi keldi. Bir marta telefonda gaplashiboq yigitning muomalasini yoqtirmadim. Orzumdagi barcha talablarga mos kelsa-da, uni rad etdim. Hatto uchrashuvga chiqib, yuzma-yuz gaplashgim ham kelmay qoldi. Shunday inson bo`lsinki, u aqlimga emas, ko`nglimga yoqsa, barcha talablarimdan voz kechib yuborardim, shifokor bo`lmasa ham mayli edi...

Taftish: 25 yoshli qiz birgina omadsizlik uchun orzularini yumaloq yostiq qilib ortiga irg`itishga shoshilmasligi kerak. Inson hatto 77 yoshga kirsa ham hali hammasi oldinda, deb yashashi kerak. Tengdoshlari oila qurayotgan mahal o`zini o`qish va ishga bag`ishlagan, hatto ro`zg`or yumushlaridan biroz chiqib qolgan qizlar negadir yoshi ulg`aygani sayin tanlovi murakkablashib boraveradi. Ehtimol, Nazokatning «telefonda qo`yilgan tashxis»i xuddi to`y kuni tugamasligini istab, qallig`idan qochib ketaveradigan qochoq kelin (Juliya Roberts ijrosidagi «Qochoq kelin»)ning kayfiyatiga o`xshagan holatdir. Ya`ni, orzusiga mos, hammasi joyida, ammo negadir ko`ngli yigitning ovozini, so`zlarini yoqtirmadi. Ba`zi odamlar telefonda oddiygina suhbat qurishni bilmasligi mumkin, ba`zilarning esa ovozi texnik qurilmalarda quloqqa yoqimsiz eshitilishi ham bor gap. Shuning uchun ham bu holatda qiz yigitni darhol inkor qilmasligi, o`zini ham, ichki tuyg`ularini ham uchrashuvga chiqib, sinab ko`rishi lozim edi. Telefondagi suhbatdan keyin Nazokat yigit haqidagi ma`lumotlarni eshitib, o`zida orzusi tugab qolgandek, kutilmaganda shu odamga hayoti bag`ishlanib ketadigandek qo`rquv his qilgandir. Shuning uchun ham uchrashishdan bo`yin tovlagandir. Nazokat o`zidagi bu egoizmni engib, odamlarga ishonishi va o`ziga og`iz solgan har bir insonga alohida yondashishi kerak. Axir bizga atalgan baxtlar ko`pincha yon-atrofimizda kezib yurgan bo`ladi...

Manba: «SUG‘DIYONA» gazetasi.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

Boshqa yangiliklar