Yoshim qirq beshda. Uch farzandning onasiman, bir qizimni turmushga uzatganman. Erimning ishlari 2-3 yil oldin yurishib ketdi, topish-tutishi yaxshilandi. Puli ko`paygach, u o`zgarib qoldi. Ichadigan odat chiqardi, hali ishxonasidagilar bilan, hali chet eldan kelgan mehmonlar bilan otamlashib, uyga mast bo`lib keladi. Menga ham munosabati sovuqlashgan. Bir kuni telegramiga «Yaxshi etib oldingizmi?» degan xabar keldi. Men ham xabar egasi kimligini bilish uchun «Rasmingizni yuboring», deya yozib yubordim. U tomon esa «Hozirgina ko`rdingiz-ku» deya xabar jo`natdi. Ko`nglimga shubha oralab, raqam egasi kimligini xo`jayinimdan surishtirsam, «Tanimayman, adashgan», deb turib oldi. Ertasiga o`sha ayolga oilali erkakni tinch qo`yishini ta`kidlab «SMS» yubordim. Puli ko`p erkak qiz-juvonlarga ilakishib qolarkan-da. O`tgan hafta erimning telefonda ayol kishi bilan juda maromiga etkazib gaplashayotganining ustidan chiqib qoldim. Jim turolmadim, janjalimizning oxiri uning «Bor, ketaver, hoziroq boshqasiga uylanib olaman», deyishi bilan tugadi. Qizimni olib, ikkinchi uyimizga ketib qoldim.
Endi nima qilishni bilmayapman. Erimning rahbariga qo`ng`iroq qilib, xodimini tartibga chaqirib qo`yishini so`rasammikan? Axir xiyonatga chidolmayman. To`yimizdan avval «Ursangiz ham, so`ksangiz ham mayli, faqat ustimga yurmang», deya shart qo`ygandim. Va`dasida turmadi bevafo. Erimning avvalgi ahvoliga qaytishi uchun qanday yo`l tutishim kerak?
Sojida, Samarqand shahri
Pul har qanday odamga o`z ta`sirini o`tkazadi. Bu ta`sir salbiy bo`lsa, albatta, oqibat ham shunga yarasha bo`y ko`rsatadi. Er kishi bir-ikki so`m ko`p topa boshlagach, so`l yo`llarga oralay boshlasa, kibrga berilib o`zidan ketib qolsa, ayol kishi qanday munosabat bildirishi kerak? Bugun murojaat egasining savolini tahlil qilish orqali mavzu yuzasidan mulohaza yuritamiz. Mutaxassis — ruhshunos Barno ILHOMOVA.
Erkakning topish-tutishi yaxshilangach...
O`zgarishi rost. Umuman, erkakmi-ayolmi, moddiy imkoniyatlari kengaygach, o`zgaradi, kishining o`ziga bo`lgan ishonchi ham oshadi. Ayniqsa, erkaklarni pul ancha tepaga ko`taradi. Kimningdir oyog`i erdan uziladi, kimlardir yanada oqillashib, oilaparvarga aylanadi. Xo`sh, nega ayrim erkaklar bir-ikki so`m ko`p topa boshlagach, bosar-tusarini bilmay qoladi. Sabablar asosan quyidagicha bo`lishi mumkin:
A. Kamchiqimroq, qo`li kaltaroq oilada o`sgan va doim o`zidan boyroq do`stlari, oshnalari, qarindoshlari oldida armonli vaziyatlarga duch kelgan. Natijada ichida alam paydo bo`lgan: «Bir kun boyib ketsam, hammaga ko`rsatib qo`yaman...»
B. Onasi tomonidan erga urilgan, doim kamsitilgan o`g`il bolalar ham ulg`ayib, qo`li cho`zgan joyiga eta boshlagach, bolalikdagi alamlarini xotinidan oladi.
V. Ayol kishi eridan pul topmaganida ham norozi bo`lgani, hozir hamma narsani badastir qilib qo`yganida ham minnatdorchilik bildirmasligi erkakning xatti-harakatlariga ta`sirini o`tkazadi.
Alamzadalik, o`zini hamma narsaga qodir sanash oqibatida erkak nafsning quliga aylanib qolishi hech gapmas. Chunki pulga faqat tananing ehtiyojlarini qondiruvchi bir vosita sifatida qarash boshlandimi, istaklar chegara bilmay qoladi. Ko`ngil yana-yana nimalarnidir tusay boshlaydi.
Ba`zi toifa erkaklar ichkilikka ruju` qo`yadi. «Ichmasa ish bitmaydi», «Falonchining hurmati uchun ichmasam bo`lmasdi» kabi bahonalar bilan qittay-qittay qilishni odat tusiga aylantiradi. Ko`pchilik erkaklarning ichishiga esa uni qiynayotgan, echimini topa olmayotgan muammosi, kimgadir ayta olmayotgan dardi ham sabab bo`ladi. Pulning etarliligi esa shu dardni unutish uchun imkon beradi. Bu o`rinda, erkakning irodasi va o`z hayotiy tamoyillariga egaligida gap ko`p.
«Xotin»ni ko`paytirmasligi uchun...
Necha yillik oilasidan voz kechib, darrov boshqasiga uylanib olish fikri erkakning xayoliga kelishi ham nafsning yo`liga yurishning dalolati. Er ochiq-oydin tiliga shu istagini ko`chirdimi, ayol sergak tortishi kerak.
Murojaatga qaytib...
Sojida, maqsadingiz nima: oilani asrab qolishmi yoki turmush o`rtog`ingizni oldingi holiga qaytarish? Bu ikkalasi boshqa-boshqa tushunchalar.
Eringizning avvalgidek bo`lishini istashingiz «Oltin baliq» ertagining yakunini eslatadi. Aslida, buning iloji yo`q. Chunki oradan yillar o`tgan, uning yoshi ulg`aygan, tajribasi oshgan, imkoniyatlari kengaygan. Endi u oldingi turmush o`rtog`ingiz emas. Uni avvalgi holiga qaytarish fikridan voz kechib, egri yo`ldan qaytarish haqida bosh qotiring. Avvalo, buning uchun darrov uyga qaytishingiz kerak. Bolalaringiz uchun ham bu muhim. Oilani asrab qolish niyatingiz bormi, yuqoridagi tavsiyalar asosida rejalar tuzib chiqing va harakatni boshlang.
O`zingizga bo`lgan ishonchingizni oshiring. Avvalboshdan «Ursangiz ham, so`ksangiz ham mayli», deya xo`rlanishga ruxsat bergansiz. Va o`zingizcha «Xiyonat qilmaydi» deya kelajagingizni dasturlashtirib olgansiz. Peshana, taqdir degan gaplar borligini tan oling. Bu hayot, unda hamma narsa bo`lishi mumkin. Taqdirning sinovlari insonga o`zini yo`qotib qo`yishi uchunmas, yuksalishi, saboq chiqarishi uchun beriladi.
Beklar, gunohdan saqlaning
Haromni haloldan, zararni foydadan, yaxshini yomondan ajrata biling. Boyligingiz milliy, diniy, ma`naviy qadiriyatlarimizga soya solayotgan ekan, ko`zingizni oching. Cho`ntagi qappayganda oilasidan yuz o`girgan yoki xotinini xo`rlaganlar, oxiri jazosini tortib, pushaymon o`tida yonganiga ko`hna dunyo ko`p bora guvoh bo`lgan. Biringiz ikki bo`lishi, topganingizning barakasi uchmasligi, boshga qo`ngan omad qushi uchib ketmasligi uchun, keksayganda o`z oilangiz bag`rida qarilik gashtini surish uchun ham haromdan tiyiling. Yoshlik ham, boylik ham o`tkinchi, axir.
MUXLISA.
Manba: «Sug'diyona» gazetasi
21.12.2017, 18:34
Qani endi bolangiz sizni hech javratmay o`zi yuz-qo`lini, tishlarini yuvsa, yotgan o`rnini yig`ishtirsa... Bu aksar ota-onalar uchun bir orzudek. Aslida, bolani ozodalikka o`rgatish qiyin ish...21.12.2017, 18:21
— 10 yoshli qizim juda arazchi. Sal gapga yig`laydi, xafa bo`ladi, ovqat emay qo`yadi. Uni ko`p erkalatishga ham qo`rqaman. Qanday munosabatda bo`lishga hayronman… Saida, Zangiota...21.12.2017, 18:16
Jiyanlar, dugonalarning, qo`shnilar va tanishlarning farzandlariga sovg`a tanlayotib, chalkashib ketmaslik uchun bolalarning yoshini inobatga oling. Masalan: 1-2 yoshli bolakaylar qo`g`irchoqlar, yumshoq o`yinchoqlar, kubiklar, suratli kitoblar,...21.12.2017, 18:16
Yangi yil — nafaqat bolalar, hatto kattalar ham niyatlari ijobat bo`lishiga ishonadigan ertakmonand bayram. Lekin u ayniqsa bolajonlarga katta quvonch ulashadi. Axir bu kunda ular...